Yevropaga ishlashga borib, Fransiyada shifoxonaga tushgan oʻzbekistonlik yurtga qaytarildi
Yevropaga yuk avtomobili haydovchisi boʻlib ishlash uchun borgan Oʻzbekiston fuqarosi Fransiyada sogʻligʻi keskin yomonlashib, uzoq vaqt shifoxonada davolandi. Elchixona va Migratsiya agentligi koʻmagida u Oʻzbekistonga olib kelindi.

Yevropaga ishlash uchun ketib, Fransiyada shifoxonaga yotqizilgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi.
«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Sh.A. Fransiyada bo‘lgan paytida Tur shahridagi shifoxonaga yotqizilgan.
Uning davolanish jarayonida O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi fuqaro hamda tibbiyot muassasasi bilan muntazam aloqada bo‘lib, zarur ko‘mak ko‘rsatgan.
Hamyurtimizning ahvoli yaxshilangach, diplomatik missiya Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda uning Vatanga qaytishini tashkil etgan.
Fuqaro O‘zbekistonga eson-omon yetib kelgan. Endi u oilasi bag‘rida sog‘lig‘ini tiklab, keyingi muolajalarini davom ettiradi.

