Mahalliy

Fransiya IIV vakili O‘zbekistonda ish boshladi. U nima bilan shug‘ullanadi?

O‘zbekistonda Fransiya IIV vakili Siril Gu ish boshladi. U Fransiyaning Markaziy Osiyodagi yagona ichki xavfsizlik bo‘yicha attashesi bo‘lib, umumiy manfaatdagi masalalarni hal qilishga vakolatli. Bularga uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, terrorizm, noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurash va boshqalar kiradi.

Fransiya IIV vakili O‘zbekistonda ish boshladi. U nima bilan shug‘ullanadi?

Toshkentda Fransiya Ichki ishlar vazirligi vakili Siril Gu o‘z faoliyatini boshladi. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Mahmudov u bilan uchrashganini vazirlik ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda ikki davlat IIVlari o‘rtasidagi hamkorlikni, jumladan, tajriba almashish va xodimlar malakasini oshirish yo‘nalishlarida kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda ichki xavfsizlik masalalari bo‘yicha attashe lavozimini ochish haqidagi qaror 2025-yilda Fransiya va O‘zbekiston prezidentlari uchrashuvlari yakunlari hamda texnik sohadagi hamkorlikni faollashtirish maqsadida qabul qilingan.

“Ushbu lavozimga tayinlangan huquq-tartibot xodimi butun Markaziy Osiyo (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston) bo‘yicha mintaqaviy vakolatga ega va Toshkentda joylashadi. U mintaqadagi yagona Fransiya ichki xavfsizlik masalalari bo‘yicha attashesi bo‘lib, ichki xavfsizlik sohasidagi umumiy manfaatlarga daxldor sifatida barcha masalalarni hal qilishga vakolatlidir”, — deya qayd etdi elchixona.

Bunga ichki xavfsizlik organlari xodimlarini tayyorlash, uyushgan jinoyatchilikka (kiberjinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va h.k.) qarshi kurashish, yuqori martabali shaxslarni himoya qilish, terrorizmga qarshi kurashish, chegara xavfsizligi va noqonuniy immigratsiya tarmoqlariga qarshi kurashish, fuqaro muhofazasi va xavfsizligi kabi masalalar kiradi.

“O‘zbekiston bilan allaqachon texnik hamkorlik mavjud bo‘lib, u huquq-tartibot organlari akademiyalari o‘rtasida tajriba almashish, fuqaro muhofazasi, yuqori martabali shaxslarni himoya qilish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, yo‘l harakati xavfsizligi va giyohvandlikka qarshi kurashish sohalarida yanada mustahkamlanadi”, — deya qo‘shimcha qildi Fransiya elchixonasi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.