Yevgeniy Prigojinning öğli «Vagner»ning Afrikadagi biznesini saqlab qolgan va kengaytirmoqda
Wall Street Journal naşri aniqlaşiça, uning oilasi oltin, qurol-yaroğ va giyohvand moddalar savdosi orqali yiliga 400 million dollardan ortiq mablağ işlab topgan.

Yevgeniy Prigojinning o‘g‘li «Vagner»ning Afrikadagi biznesini saqlab qolib, uni kengaytirmoqda
Yevgeniy Prigojin vafotidan so‘ng Rossiya hukumati «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasini o‘z nazoratiga olib, RF mudofaa vazirligi tarkibida «Afrika korpusi»ni tashkil etgan edi. Rejaga ko‘ra, kompaniyaning Afrika mintaqasidagi yollanma jangchilari shu korpusga o‘tkazilishi kerak edi.
Biroq Prigojinning o‘g‘li Pavel Markaziy Afrika Respublikasidagi (MAR) vagnerchilar ustidan nazoratni saqlab qolgan va otasining biznesini kengaytirish bilan shug‘ullanmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, unga MAR prezidenti Fosten-Arkanj Tuader yordam bergan. U Kremldan vagnerchilar o‘rniga RF mudofaa vazirligi harbiylarini olib kelmaslikni so‘ragan hamda Prigojinning yollanma jangchilarini o‘z mamlakati politsiyasi, armiyasi va razvedka bo‘linmalariga integratsiya qilgan.
Hozirda mamlakat poytaxti Bangi shahrida qariyb 500 nafar vagnerchi joylashtirilgan. Ular prezidentni qo‘riqlamoqda, isyonchilarga qarshi kurash olib bormoqda hamda oltin qazib olish, giyohvand moddalar va qurollar savdosidan daromad olmoqda, deb yozadi WSJ.
Kichik Prigojin Markaziy Afrikadagi yiliga 250 million dollar daromad keltiradigan eng yirik oltin konini nazorat qiladi. Mahalliy hukumat esa qazib olingan qimmatbaho metallni davlat mulki sifatida belgilab, uni chet elga olib chiqishga yordam beradi. Jurnalistlar qayd etishicha, so‘nggi uch oy davomida oltinni olib chiqish Belarus orqali amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, Prigojin mahalliy tramadol bozorining katta qismini nazorat qiladi hamda Sudan va Liviyadagi isyonchi guruhlarga qurol sotadi. Vagnerchilar MARda aroq va pivo ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yishgan.
Prigojinlar oilasi yiliga jami 400 million dollardan ortiq daromad oladi, deb hisoblaydi «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha global tashabbus» tashkiloti.
WSJ jurnalistlari suhbatlashgan ekspertlar fikricha, kichik Prigojin Markaziy Afrika Respublikasidagi mavqeini mustahkamlash uchun Kreml bilan o‘ziga xos kelishuv tuzgan. Nashrning ta’kidlashicha, Markaziy Afrika Respublikasida guruhga tegishli radiostansiyalar ham mavjud bo‘lib, ular orqali G‘arbga qarshi targ‘ibot olib boriladi, prezident Tuader ulug‘lanadi, Rossiya hukumati madh etiladi.
Pavel Peterburgda istiqomat qiladi, ammo muntazam ravishda Bangiga safar qiladi, deb yozadi WSJ. Shunday safarlardan birida u Ledger Plaza mehmonxonasida tunagan, bu yer esa amalda vagnerchilarning Markaziy Afrika Respublikasidagi shtab-kvartirasiga aylangan. Mehmonxona hududi avtomat ko‘targan jangchilar tomonidan qo‘riqlanadi, yuqori martabali mulozimlar ham Prigojin bilan uchrashuvga kirishidan oldin sinchiklab tekshiriladi.

