Yevgeniy Leonov 100 yoshda: roli sabab qamoqxonaga borgan, bir ayolni sevib o‘tgan, klinik o‘limni boshdan kechirgan aktyor haqida

**Yevgeniy Leonov 100 yoshda: roli tufayli qamoqxonaga kirgan, bir ayolni sevib yashagan, klinik o‘limni boshdan kechirgan aktyor haqida**
Agar hayot bo‘lganida, 2-sentyabr kuni Yevgeniy Leonov 100 yoshga to‘lgan bo‘lardi. Ekranda kulgili ko‘ringan bu insonning hayoti ham quvonchli tasodiflar, ham og‘ir sinovlarga boy bo‘lgan. Hammamiz sevgan aktyorning kutilmagan jihatlarini ochib beruvchi 10 ta faktni eslaymiz.
Yevgeniy Leonov 1943-yilda teatrga o‘qishga kirgan. Ungacha u aviatsiya zavodida tokar bo‘lib ishlashga va texnikumga kirishga ham ulgurgan edi, biroq san’atga bo‘lgan ishtiyoqi ustun keldi. Leonovning aytishicha, u akasining pidjagini kiyib, kastingga borgan. U yerda Blokning “Restoranda” she’rini o‘qigan. Bo‘yi past, yuzi dumaloq, hayajondan oqarib ketgan Leonov o‘zini xushbichim yigitdek tasavvur qilib, she’rni ifodali o‘qigan. Moskva eksperimental teatr studiyasining qabul komissiyasi abituriyentning shu qadar kulgili ko‘rinishidan kulib yuborib, stuldan yiqilib tushayozgan. Leonov imtihondan yiqildim, deb o‘ylagan. Ammo uning komik iste’dodi va tabiiy samimiyligini yuqori baholab, uni darhol o‘qishga qabul qilishgan.
1961-yilda ekranlarga chiqqan “G‘alati reys” filmi Leonovni mashhur qildi. Aktyor filmda o‘zini yo‘lbars o‘rgatuvchi qilib ko‘rsatgan bufetchi Shuleykin rolini ijro etgan. Filmda Leonov qahramonining ko‘pikli vanna qabul qilayotgan sahnasi bor. Syujetga ko‘ra, uning ortidan yo‘lbars yaqinlashadi. Boshqa sahnalarda aktyor bilan yirtqichlar orasiga qalin shisha qo‘yilgan bo‘lsa-da, bu epizodda operator oynadan tushayotgan aks sababli “himoya”ni rad etgan. Bundan bexabar Leonov ortiga o‘girilib, yonida yo‘lbarsni ko‘rgach, chinakam qo‘rqib ketib, vannadan yalang‘och holda otilib chiqqan. Aynan shu dubl filmga kiritilgan. Madaniyat vaziri Yekaterina Furtseva epizodni kesib tashlashni talab qilgan, biroq rejissyor uni kadrni qoldirishga ko‘ndirgan. Natijada bu sahna filmdagi eng kulgili epizodlardan biriga aylangan.
Yana bir mashhur film — “Omadli jentlmenlar”da Yevgeniy Leonov bir vaqtning o‘zida ikkita personajni: ashaddiy jinoyatchi Dotsent va vaqtincha uning qiyofasiga kirishi kerak bo‘lgan mehribon bolalar bog‘chasi mudiri Troshkinni ijro etgan. Yevgeniy Pavlovich rolni imkon qadar ishonchli o‘ynash uchun hatto Butirka qamoqxonasiga ham borgan. To‘g‘ri, unga mahbuslar bilan yuzma-yuz suhbatlashishga ruxsat berishmagan, biroq ularni eshikdagi “glazok” orqali kuzatishga qo‘yib berishgan.
Leonov 31 yoshida uylangan. U tashqi ko‘rinishiga doim kinoya bilan qaragan, go‘zal ayollar meni yoqtirmaydi, deb o‘ylagan. Biroq 1957-yili Sverdlovskdagi gastrol paytida o‘zidan 10 yosh kichik bo‘lgan musiqa bilim yurti talabasi Vanda Stoylova bilan tanishib qoladi. Qiz uning sevgi izhoriga javob qaytaradi va ota-onasining qarshiligiga qaramay, unga turmushga chiqishga rozi bo‘ladi. 1959-yili o‘g‘li Andrey tug‘iladi. O‘sha paytda Leonov “G‘alati reys” filmining suratga olish ishlarida edi. Unga o‘g‘il farzandli bo‘lganini aytishganda, aktyor shu qadar xursand bo‘lganki, yo‘lbarslarni o‘pgani yugurgan ekan.
U xotinini jonidan ortiq sevardi, xorijiy gastrollardan unga doim eng zamonaviy liboslarni olib kelishga harakat qilardi. Hatto Moskvada: “Bunday ko‘ylak faqat Sofi Loren bilan Vanda Leonovada bor!” degan hazil yurardi. Ular Yevgeniy Pavlovich vafotigacha 37 yil birga yashashdi.
Yevgeniy Leonov Tolkinning “Hobbit yoxud borib-qaytish” kitobidagi Bilbo Beggins obrazining prototipiga aylangan. Aniqrog‘i, ertak uchun chizilgan illyustratsiyalarning prototipiga. Rassom Mixail Belomlinskiy 1976-yilgi nashr uchun Bilbo obrazini o‘zining sevimli aktyoridan ilhomlanib chizgan. Kitobning bir nusxasi Leonovga sovg‘a qilingan va bu hol aktyorni juda ta’sirlantirgan. Teledasturlardan birida u hatto jonli efirda hobbitlar haqidagi qissaning birinchi sahifasini o‘qib bergan.
Millionlab bolalar uchun Yevgeniy Leonov avvalo Vinni Puxning ovozi, qolaversa, uning siymosi edi. Ammo rejissyor Fyodor Xitrukka dastlab aktyorning ovozi yoqmagan: u Leonovning ovozi ayiqcha uchun haddan tashqari past deb hisoblagan. Shunda ovoz rejissyori yozuvni tezlashtirishni taklif qilgan va natijada hammasi joyiga tushgan.
Shu bilan birga, “Vinni Pux”ning ruscha talqini muallifi Boris Zaxoder na Xitrukning, na Leonovning yondashuviga qat’iyan qo‘shilmagan. Ijodiy kelishmovchiliklar sabab u loyihadan chetlatilgan.
Rejissyor Georgiy Daneliya shunday bir qiziq voqeani aytib bergan. Bir kuni Gruziyadagi gastrol safarida u aktyorni o‘zi bilan birga kasalxonadagi qarindoshini ko‘rishga olib borgan. Yevgeniy Pavlovich palataga kirishi bilan bemorlarning kayfiyati darhol ko‘tarilgan. Uning quvnoq hikoyalaridan keyin ahvoli ham yaxshilangan. Bunday ta’sirni ko‘rgan shifoxona bosh shifokori hazillashib, aktyorga reanimatsiya bo‘limiga ham kirib chiqishni taklif qilgan, Leonov rozi bo‘lgan. Bir necha soat davomida Yevgeniy Pavlovich palatalarni aylanib, odamlar bilan suhbatlashgan; bu ajoyib ijobiy inson bilan muloqotdan keyin ularning ahvoli ancha yaxshilangan. Shifokorlar bu hodisani o‘zaro “Leonov effekti” deb atashgan.
Aktyor doimiy gastrollarda yurib, oilasiga kam vaqt ajratayotgani uchun o‘zini aybdor his qilardi. O‘g‘li bilan munosabatlari ham har doim silliq kechmasdi: Andrey maktabda bezorilik qilar, mustaqil bo‘lishni istardi. Shunday paytlarda Yevgeniy Leonov unga maktublar yozib, o‘zaro munosabatlari, aktyorlik kasbi, sevgi, tanlov va uning oqibatlari haqidagi fikrlarini bayon qilardi. Keyinchalik shu maktublar asosida “O‘g‘limga maktublar” nomli kitob nashr etilgan.
1988-yil yozida Yevgeniy Leonov “Lenkom” teatri bilan Germaniyaning Gamburg shahrida gastrol safarida edi. Spektakldan so‘ng artistning tobi qochib, tez yordam chaqiriladi. Tez yordam mashinasida shifokorlar unda klinik o‘lim holatini qayd etishadi. Kasalxonada Leonov og‘ir infarktdan keyin ko‘p soatlik jarrohlik amaliyotini boshdan kechiradi, so‘ng komaga tushib qoladi. Shifokorlar Leonovning rafiqasi va o‘g‘liga u bilan tinimsiz gaplashib turishni maslahat berishadi. Hatto o‘g‘li Andrey unga qo‘shiq kuylab beradi va mo‘jiza yuz beradi. Keyinroq Yevgeniy Pavlovichning o‘zi aytganidek, u narigi dunyoda Faina Ranevskayani ko‘rishga umid qilgan, ammo ko‘ra olmagan ekan. Oradan bir necha oy o‘tgach, u yana sahnaga qaytadi.
Nemis shifokorlari Yevgeniy Pavlovichga yana besh yillik umr hadya etishgan. 1994-yil 29-yanvar kuni 67 yoshli aktyor “Xotirlash duosi” spektaklida sahnaga chiqish uchun teatrga yo‘l oladi, ammo ulgura olmaydi. Tomoshabinlarga Leonov vafot etgani sababli spektakl bo‘lmasligi e’lon qilinganda, hech kim chiptasini qaytarib topshirmaydi. Odamlar butun oqshom teatr oldida sham yoqib turishadi. Yevgeniy Leonov Novodevichye qabristoniga dafn etiladi. Oradan 27 yil o‘tib, uning suyukli rafiqasi Vanda ham yoniga dafn qilinadi.

