Yerdagi eng katta «oq dogʻ»: dunyo okeani qanchalik oʻrganilgan?
Guam orolidan taxminan 400 kilometr janubi-gʻarbda okean tubi Yer poʻstining ulkan yorigʻi tomon keskin pasayadi. U shu qadar chuqurki, agar Everest choʻqqisi butunlay shu yerga joylashtirilsa ham, uning tepasi suv yuzasiga yetib kelmagan boʻlar edi. Bu - Mariana botigʻi. Uning janubiy qismida esa sayyora okeanlarining eng chuqur nuqtasi - Chellenjer chuqurligi joylashgan.

Yerdagi eng katta «oq dogʻ»: dunyo okeani qay darajada oʻrganilgan?
Mariana botigʻi insoniyat 150-yildan ortiq vaqt davomida okeanografik tadqiqotlar olib borayotgan boʻlsa-da, dunyo okeani haqida hali ham qanchalik oz maʼlumotga ega ekanimizni yaqqol koʻrsatadigan eng yorqin misollardan biridir.
Shu bilan birga, «okeanning qancha qismi oʻrganilgan?» degan savolga aniq raqam bilan javob berish oson emas. Chunki bu yerda hammasi «oʻrganilgan» deganda nimani nazarda tutishimizga bogʻliq. Okean tubini zamonaviy uskunalar yordamida xaritaga tushirish bir masala boʻlsa, uni bevosita koʻrish, u yerdagi tirik organizmlar va ekotizimlarni tadqiq etish mutlaqo boshqa masaladir.
Koʻp yillar davomida dunyo okeanining 80 foizdan ortiq qismi hali oʻrganilmagan va xaritaga tushirilmagan degan raqam keng tarqalgan edi. AQSH Okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi — NOAA tizimidagi Milliy ekologik axborot markazlari ham aynan shunday taʼrifdan foydalangan. Bu koʻrsatkich Nippon Foundation–GEBCO Seabed 2030 xalqaro loyihasi bilan bogʻliq boʻlib, uning maqsadi oʻn yillik oxirigacha sayyoramiz okean tubining toʻliq xaritasini yaratishdan iborat.
Ammo okeanning «xaritaga tushirilmagan» qismi doimiy raqam emas. Tadqiqotlar kengaygani sari bu koʻrsatkich ham oʻzgarib bormoqda.
NOAA Ocean Exploration maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil avgust holatiga dunyo okeani tubining 28,7 foizi zamonaviy yuqori aniqlikdagi koʻp nurli gidrolokatorlar yordamida oʻrganilib, xaritaga tushirilgan. Bir necha yil avval bu koʻrsatkich taxminan 23 foiz edi.
Demak, hozir ham okean tubining uchdan ikki qismidan koʻprogʻi yuqori aniqlikdagi batafsil xaritaga ega emas. Shu bilan birga, xaritaga olingan hududlar maydoni yil sayin kengayib bormoqda.
AQSH suvlarida ham bu borada katta «oq dogʻlar» saqlanib qolgan. 2026-yil yanvar holatiga koʻra, mamlakat okean hududlari, sohilboʻyi suvlari va Buyuk koʻllarining 44 foizi hali zamonaviy talablar darajasida xaritaga tushirilmagan. AQSH bu boʻshliqni 2040-yilga qadar toʻliq bartaraf etishni maqsad qilgan.
Biroq okean tubini xaritaga tushirish uni toʻliq oʻrganish degani emas.
Masalan, sonar bilan jihozlangan kema maʼlum hududdan oʻtib, okean tubi relyefini aniqlashi, suvosti togʻlari yoki chuqur botiqlarni topishi mumkin. Ammo bunday maʼlumotlar u yerda qanday organizmlar yashashi, ular oʻzaro qanday munosabatda boʻlishi yoki mahalliy ekotizim qanday ishlashi haqida deyarli hech narsa aytmaydi.
Shu sababli xarita tuzish okeanni oʻrganishning faqat birinchi bosqichi hisoblanadi. Toʻlaqonli tadqiqot uchun odamlar yoki maxsus suvosti apparatlari chuqurlikka tushishi, hududni bevosita kuzatishi, namunalar olishi va koʻrilgan narsalarni hujjatlashtirishi kerak. Bu yoʻnalishdagi ishlar esa okean tubini xaritaga tushirish jarayonidan ancha ortda qolmoqda. NOAA ham okeanning faqat kichik qismi ana shunday keng maʼnoda bevosita tadqiq qilinganini qayd etadi.

