Dunyo

YEI Ukrainaga dron va raketalar xaridi uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratadi

Yevropa Ittifoqi oktabr oʻrtalarida Ukrainaga dronlar va raketalar sotib olish uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratadi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bu yordam Ukraina mudofaasi va havo hududini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilganini bildirdi.

YEI Ukraina uchun dron va raketalar xaridiga qoʻshimcha mablagʻ ajratadi

DW maʼlumotiga koʻra, fon der Lyayen 11-oktabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashgan va X ijtimoiy tarmogʻida qoʻshimcha moliyalashtirish haqida xabar bergan. U mablagʻning aniq miqdorini ham, uning qaysi manbalardan ajratilishini ham oshkor qilmagan.

Ukrainadagi vaziyat shu hafta oʻtkaziladigan Yevropa kengashi yigʻilishining asosiy mavzularidan biri boʻladi. Unda kelgusi yil uchun moliyaviy ehtiyojlar va yangi xalqaro koʻmakni jalb qilish yoʻllari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Yevrokomissiya rahbari, shuningdek, Ukrainaning YeIga qoʻshilishi boʻyicha muzokaralarda yana ikkita mavzular klasterini ochishga toʻsqinlik qilayotgan muammolar bartaraf etilishini bildirgan.

Fon der Lyayen Zelenskiyning oʻt ochishni toʻxtatish haqidagi chaqiruvini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini ham aytgan. Uning taʼkidlashicha, bunday kelishuv jahon oziq-ovqat taʼminoti hamda Ukraina va Rossiya energetika infratuzilmasini himoya qilishga yordam berishi mumkin.

Yevrokomissiya rahbari urush yanada ogʻir bosqichga kirganini qayd etgan. U Rossiyani frontda uzoqqa choʻzilgan urush olib borish bilan birga, front chizigʻidan ancha uzoqdagi tinch aholiga zarba berishda ayblagan.

Avvalroq, 2-oktabr kuni Yevrokomissiya Ukrainaga Ukraine Facility mexanizmi doirasida 2,9 milliard yevrolik navbatdagi transhni ajratishni maʼqullagan edi. Bu dron va raketalar uchun eʼlon qilingan yangi mablagʻdan alohida, uzoq muddatli moliyaviy koʻmak mexanizmiga tegishli qaror.

Ukraine Facility 2024–2027-yillarga moʻljallangan boʻlib, shu davrda Ukrainaga 50 milliard yevrogacha barqaror moliyaviy yordam taqdim etishni nazarda tutadi.

Ushbu mexanizm boʻyicha toʻlovlar Ukrainaning tiklanish va islohotlar rejasini bajarishi, demokratik institutlar, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini taʼminlashi bilan bogʻliq. Mablagʻlar belgilangan shartlar bajarilgani tekshirilgandan soʻng har chorakda ajratiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.