Dunyo

Yashash uchun eng yaxshi shahar qaysi?

Avstraliya poytaxti Kanberra 2026-yilda hayot sifati boʻyicha dunyo shaharlari reytingida birinchi oʻrinni egalladi. Oxford Economics tahlil markazining Global Cities Index 2026 tadqiqotida shahar ushbu yoʻnalish boʻyicha eng yuqori - 100 ball oldi.

Yashash uchun eng yaxshi shahar qaysi?

Dunyoning 1000 ta shahrini qamrab olgan tadqiqot asosida Visual Capitalist infografika tayyorladi. Hayot sifati aholi jon boshiga daromad, daromadlar tengsizligi, uy-joy xarajatlari, kutilayotgan umr davomiyligi, jinoyatchilik darajasi hamda dam olish va madaniy maskanlardan foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha baholangan.

Kanberraning yetakchiligiga yuqori ish haqi va daromadlar o‘rtasidagi tafovutning nisbatan kichikligi asosiy omil bo‘lgan. Shaharda davlat sektoriga tegishli barqaror va yaxshi haq to‘lanadigan ish o‘rinlari ko‘p.

Avstraliya poytaxti kutilayotgan umr davomiyligi bo‘yicha ham yaxshi natijalar qayd etgan. Aholi soniga nisbatan dam olish va madaniy maskanlarning ko‘pligi ham shaharning yuqori baholanishiga hissa qo‘shgan.

Biroq Kanberra Global Cities Index’ning barcha yo‘nalishlarni qamrab oluvchi umumiy reytingida 45-o‘rinda turibdi. Ya’ni hayot sifati bo‘yicha yetakchilik shaharning umumiy reytingda ham birinchi o‘rinni egallashini anglatmaydi.

Hayot sifati bo‘yicha yuqori pog‘onalarda Yevropa shaharlari ustunlik qilgan. Ular orasida Norvegiyaning Bergen va Oslo, Fransiyaning Grenobl hamda Shveysariyaning Bern shaharlari bor.

Germaniyaning besh shahri - Drezden, Berlin, Myunxen, Shtutgart va Frayburg-im-Braysgau dastlabki 21 talikka kirgan. Shveysariyaning Bern, Bazel va Syurix shaharlari birinchi yigirmatalikdan, Italiyaning Venetsiya, Paduya va Genuya shaharlari esa birinchi o‘ttiztalikdan joy olgan.

Moskva hayot sifati bo‘yicha 180-o‘rinni egallagan.

Yevropadan tashqarida Avstraliyaning Kanberra va Sidney, AQShning San-Xose va Sietl, Tayvanning Sinchju va Taybey shaharlari hamda Singapur yuqori natijalar ko‘rsatgan.

Odatda yashash uchun jozibador deb qaraladigan ayrim shaharlar esa birinchi o‘ttiztalikka ham kira olmagan. Bunga, asosan, uy-joyning qimmatligi ta’sir qilgan.

Masalan, Daniya poytaxti Kopenhagen umumiy reytingda 18-o‘rinda bo‘lsa-da, hayot sifati bo‘yicha 160-pog‘onada qolgan. Oxford Economics bahosiga ko‘ra, uy-joy taklifining cheklanganligi va narxlarning yuqoriligi natijani pasaytirgan. Ayni paytda shahar boshqaruv sifati bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallagan, atrof-muhit va iqtisodiyot yo‘nalishlarida ham kuchli natijalar qayd etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.