“Yaqinda Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qilmoqchimiz” — Tramp

**"Yaqinda Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qilmoqchimiz" — Tramp**
AQSH prezidenti Donald Tramp 14-avgust kuni Eron ustidan yakuniy g‘alaba qozonilgach, Hormuz bo‘g‘ozini "Qo‘shma Shtatlar hududi" deb e’lon qilish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Nyu-York shtati politsiya akademiyasidagi uchrashuvda so‘zga chiqqan Oq uy rahbari, hozirda ushbu suv yo‘li Islom Respublikasi portlarini to‘sib turgan amerikalik harbiylar nazorati ostida ekanligini ta’kidladi.
Tramp shunday dedi: "Eron ustidan g‘alabani yakuniga yetkazganimizdan so‘ng — ular hozir juda qattiq mag‘lubiyatga uchrayapti — yaqin orada Hormuz bo‘g‘ozini Qo‘shma Shtatlar hududi deb e’lon qilaman. Aslida hozirning o‘zida vaziyat shunday. Blokada bizda. Biz istamasak, hech bir kema u yerdan o‘ta olmaydi."
Eron hukumati ham fevral oyida AQSH va Isroilning Tehronga qarshi urushi boshlanganidan buyon kemachilik to‘xtab qolgan bo‘g‘ozni o‘zlari to‘sib qo‘yganini da’vo qilmoqda.
Tramp Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb bilishi haqidagi bayonotiga hech qanday izoh bermadi.
CNN yozishicha, "Bunday chora mintaqaga qo‘shinlarni muddatsiz joylashtirishni talab qiladi, vaholanki Oq uy rahbari avvalroq Eron bilan urush qisqa muddatli bo‘lishini aytgan edi."
Bungacha Tramp Vashington Grenlandiya va Panama kanali ustidan nazorat o‘rnatmoqchi ekanini ta’kidlagan, shuningdek, Venesuelani "AQSHning 51-shtati" deb atagan edi.
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Qosim G‘aribobodiy Trampning bayonotini sharhlar ekan, Islom Respublikasi "AQSHning tahdidlari va kuch namoyishlariga berilmasligini" ta’kidladi.
**Eronning Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha AQSHga qo‘ygan talablari**
Mojaro boshlanganidan yarim yil o‘tib, Hormuz bo‘g‘ozining qamal qilinishi hamda Vashington va Tehronning ushbu strategik suv yo‘li nazorati borasidagi bahsi tufayli jahon neft zaxiralari kamayishda davom etmoqda. Avvalroq Eron hukumati Hormuz bo‘g‘ozini kemachilik uchun ochish maqsadida AQSH oldiga yangi talablar ro‘yxatini qo‘ygan edi. Ular orasida urush uchun tovon to‘lash va sanksiyalarni bekor qilish kabi talablar bor.
Shu bilan birga, Tramp bo‘g‘oz AQSH nazorati ostida ekanini bir necha bor da’vo qilgan. Bir necha kun avval u amerikalik harbiylar Hormuzni minalardan tozalaganini aytgandi. Shuningdek, Oq uy rahbarining fikricha, Tehronga iqtisodiy bosimni kuchaytirish yangi zarbalarga qaraganda samaraliroq bo‘lib, mamlakat hukumatini yon berishga majbur qilishi mumkin.

