Yaponiyani kuchli «Dujuan» toʻfoni qamrab oldi: toʻrt kishi halok boʻldi, olti kishi bedarak yoʻqoldi

Yaponiyani eng kuchli «Dujuan» toʻfoni qamrab oldi: toʻrt kishi halok boʻldi, olti kishi bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda
Kuchli «Dujuan» toʻfoni Tokio va qoʻshni prefekturalarga zarba berib, kuchli yomgʻir va dovulli shamolni keltirib chiqardi. Mahalliy hokimiyat maʼlumotlariga koʻra, Kanagava va Tiba prefekturalarida sodir boʻlgan koʻchkilar oqibatida toʻrt kishi halok boʻlgan, yana olti kishi bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda.
Tabiiy ofat markazida shamol tezligi soatiga 130 kmga yetgan, shiddatli shamol esa soatiga 194 kmgacha kuchaygan. Boʻron avj olgan paytda rasmiylar "hayotga muqarrar tahdid" haqida eʼlon qilishdi va 1,9 millionga yaqin kishini evakuatsiya qilishga chaqirishdi. Seshanba kuniga kelib, toʻfon Tinch okeani sohili boʻylab shimolga qarab harakatlanganda, evakuatsiya qilish haqidagi buyruqlarning aksariyati bekor qilindi.
50 mingga yaqin xonadon elektr energiyasiz qoldi. Yuzlab aviareyslar bekor qilingani sababli yoʻlovchilar aeroportlarda, jumladan, poytaxtdagi Xaneda aeroportida soatlab vaqt oʻtkazishga majbur boʻlishdi.
Tabiiy ofat mamlakatda besh kunlik bayramlar avjiga chiqqan paytga toʻgʻri keldi. Dushanba kuni Rock in Japan musiqa festivalidagi chiqishlar va Tokyo Game Show videooʻyinlar koʻrgazmasi doirasidagi tadbirlar bekor qilindi.
Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaiti halok boʻlganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirdi va Vazirlar Mahkamasiga favqulodda vaziyat oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish boʻyicha topshiriq berdi.
Bosh vazirning oʻzi BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish va AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun Nyu-Yorkka joʻnab ketdi.
Iqlimshunoslarning taʼkidlashicha, «Dujuan» joriy yilda mintaqadagi 25-toʻfon boʻldi. Boʻronlarning yuqori kuchi okean suvlarining isishiga olib kelgan va yanada vayronkor tsiklonlar hosil boʻlishiga sabab boʻlgan «super-El-Nino» tabiiy fenomeni bilan bogʻliq.

