Yaponiyada dekret taʼtiliga chiqqan ilk mer TIME100 Next roʻyxatidan joy oldi
Shoko Kavataning dekret taʼtili tugʻilish darajasini oshirishga harakat qilayotgan Yaponiyada turlicha munosabatlarga sabab boʻldi.

Yaponiyada dekret taʼtiliga chiqqan ilk mer TIME100 Next roʻyxatiga kirdi
Yaponiyada dekret taʼtiliga chiqqan birinchi mer Shoko Kavata TIME jurnali tomonidan eng nufuzli 100 ta yangi chiqib kelayotgan yulduzlardan biri sifatida tanlandi.
Ushbu sharafli eʼtirof 36 yoshli mer 15 sentyabr kuni oʻzining birinchi farzandini dunyoga keltirganidan bir necha hafta oʻtib eʼlon qilindi.
Shu yil boshida Kioto prefekturasidagi Yavata shahri meri boʻlib ishlaydigan Kavata saylangan rasmiylarga farzand tugʻilishi munosabati bilan taʼtil berilishi kerakmi-yoʻqmi degan umummilliy muhokamalar markaziga aylangan edi.
Uning dekret taʼtiliga chiqish qarori tugʻilish darajasini oshirishga harakat qilayotgan Yaponiyada ham olqishlarga, ham tanqidlarga sabab boʻldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda baʼzilar bolali boʻlish qiyinligini va Kavata qoʻlidan kelganini qilayotganini aytishdi. Bir sharhlovchining taʼkidlashicha, Yaponiya jamiyati homiladorlikni hisobga olgan tizimlarni yarata olmagan. Boshqa birov esa Kavata oilasini birinchi oʻringa qoʻyib, boshqa ayollarning siyosatga kirishini osonlashtirish orqali ajoyib oʻrnak koʻrsatayotganini aytdi.
Biroq, tanqidchilar davlat vazifalaridan uzoqlashishni «masʼuliyatsizlik» deb atashdi va agar Kavata homilador boʻlishni xohlaganida «buni lavozimga kirishishdan oldin qilishi kerak edi» deb taʼkidlashdi. Yana bir kishi uzoq muddatli taʼtilga chiqmoqchi boʻlgan yuqori lavozimli amaldorlar «isteʼfoga chiqishi kerak» degan fikrni bildirdi.
Boshqalar esa dekret taʼtili paytida ish haqi kamaytirilishi kerakligini aytishdi.
Tugʻishdan oldin BBC’ga bergan intervyusida Kavata tanqidlarni rad etib, oʻz ishini yaxshi koʻrishini va hozir farzand koʻrib, oila qurish uchun eng toʻgʻri vaqt ekanligiga ishonishini faxr bilan aytdi.
«Agar biz dekret taʼtiliga chiqayotgan siyosatchilarni tanqid qiladigan boʻlsak, bu 20 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan barcha ayollarni — homilador boʻlishga qodir ayollarni davlat lavozimlaridan amalda chetlashtirayotganimizni anglatadi», dedi u.
Yaponiyada shahar xizmatchilari uchun dekret taʼtili koʻzda tutilgan boʻlsa-da, hozirda mahalliy saylangan rasmiylar uchun bunday huquqiy asos mavjud emas. Shu sababli Kavata oʻz idorasi bilan birgalikda reja ishlab chiqdi. U oʻz vakolatlarini 16 haftaga mer oʻrinbosari Shigeto Nosega topshirdi va imkon qadar masofadan turib ishlashni davom ettirdi.
15 sentyabr kuni mer Kavata qiz farzandli boʻlganini eʼlon qildi.
U oʻzini qoʻllab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik bildirdi va butun mamlakat boʻylab ijtimoiy muammolarni himoya qilish maqsadini yana bir bor tasdiqladi.
«Oldinda turgan son-sanoqsiz qiyinchiliklarga duch kelar ekanman va ota-ona boʻlish aslida nima ekanligini anglab yetar ekanman, men ushbu tajribalarni oʻzim olib borayotgan siyosatda real vaqt rejimida aks ettirmoqchiman», deb yozdi u.
«Men bugungi kunda ota-onalar va bolalar duch kelayotgan koʻplab muammolarga xuddi shu nuqtai nazardan, ularni oʻzi boshidan kechirayotgan inson sifatida qarashni va birgalikda qanday qilib oldinga yoʻl topishimiz mumkinligi haqida oʻylashni xohlayman».

