Yaponiya pivo gigantlari narxlarni kelishib olish kartelida ayblanib, tintuv qilindi
Asahi va Kirin kompaniyalari Yaponiya raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻz binolarida tintuv oʻtkazilganini tasdiqladi.

Yaponiyaning pivo ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalarida narxlarni kelishib olish kartelida gumonlanib tintuv oʻtkazildi
Yaponiya rasmiylari mamlakatning eng yirik pivo ishlab chiqaruvchilari oʻz ichimliklari narxini oshirishni oʻzaro muvofiqlashtirganlikda gumonlanib, ularning ofislarida tintuv oʻtkazdi.
Asahi va Kirin kompaniyalari BBC’ga Yaponiya Adolatli savdo komissiyasi tomonidan ularning binolarida tintuv oʻtkazilganini tasdiqladi va davlat organi bilan toʻliq hamkorlik qilishlarini bildirdi.
Shuningdek, Sapporo Breweries va Suntory Spirits kompaniyalarida ham tintuvlar oʻtkazilgani haqida xabarlar bor. Ikkala kompaniyaga ham izoh olish uchun murojaat qilingan.
Chorshanba kuni tergov haqidagi xabarlar paydo boʻlganidan keyin Asahi, Kirin va Sapporo aktsiyalari arzonlashdi. Suntory birjada roʻyxatga olinmagan.
Japan Times nashrining yozishicha, tergov kompaniyalarning oʻtgan yilning aprel oyida va 2022 yilning oktyabr oyida narxlarni oshirganiga qaratilgan.
Toʻrttala firma ham xomashyo narxining oshishi va boshqa omillar, jumladan, energiya va transport xarajatlarini roʻkach qilib, narxlar oshishini eʼlon qilgan edi.
Kirin Holdings kompaniyasining maʼlum qilishicha, uning shoʻʼba korxonasi — Kirin Brewery Company «Monopoliyaga qarshi qonunni buzganlikda gumon qilinib» tintuv qilingan.
Kompaniya bu masalaga «juda jiddiy» yondashayotganini taʼkidlab, «Yaponiya Adolatli savdo komissiyasining tergovi va hamkorlik boʻyicha har qanday soʻrovlari bilan toʻliq hamkorlik qilishini» qoʻshimcha qildi.
Kirin Holdings shunday dedi: «Hozirgi vaqtda ushbu masalaning kompaniyaning moliyaviy natijalariga taʼsiri aniqlanmagan. Kompaniya har qanday muhim oʻzgarishlarni tezkorlik bilan oshkor qiladi».
Asahi Breweries kompaniyasi «Xususiy monopollashtirishni taqiqlash va adolatli savdoni taʼminlash toʻgʻrisidagi qonunni buzganlikda gumon qilinib, Yaponiya Adolatli savdo komissiyasi tomonidan tergov qilinayotganini» maʼlum qildi.
Unda shunday deyilgan: «Biz komissiya bilan toʻliq hamkorlik qilamiz».

