Yaponiya jahon darajasidagi tadbirlari bilan mashhur, ammo Osiyo oʻyinlari tartibsiz oʻtdi
Mehmonxonalardagi tartibsizliklar, transportdagi koʻngilsizliklar va diplomatik xatoliklar eʼtiborni tashkilotchilarga hamda oʻyinlarni oʻtkazish uchun yollangan kompaniyaga qaratdi.

Yaponiya dunyo darajasidagi tadbirlar bilan keng tan olingan, biroq Osiyo oʻyinlari xaosga aylandi
Olimpiadadan tortib Tokiodagi har yillik videooʻyinlar konventsiyasigacha, Yaponiya yirik xalqaro tadbirlarni oʻtkazishda boy tajribaga ega. Ammo Nagoya va kengroq Aiti prefekturasida boʻlib oʻtgan bu yilgi Osiyo oʻyinlariga muammolar soya soldi.
Diplomatik xatolar, transport sohasidagi chalkashliklar va joylashtirish boʻyicha tartibsizliklar yuz berdi. Tarmoqdagi sharhlar boʻlimida baʼzilar buni "tarixdagi eng yomon Oʻyinlar" deb atashdi va "toliq surishtiruv oʻtkazish"ni talab qilishdi.
Osaka universitetida yirik sport tadbirlarini tadqiq qiluvchi professor Kozo Tomiyamaning aytishicha, tashkilotchilar kutilmagan vaziyatlarga basab kel olishmagan.
"Agar bu muammolar Yaponiyaning sport tadbirlarini boshqarish qobiliyatiga boʻlgan xalqaro ishonchga putur yetkazsa, ular kelajakda Yaponiyaning xalqaro musobaqalarni jalb qilish imkoniyatiga ham taʼsir qilishi mumkin", — deb ogohlantirdi u.
Oʻyinlar bosh direktori oʻrinbosari Takaaki Omi tashkilotchilar turli kutilmagan muammolarga duch kelishganini tan oldi, ammo ular fikr-mulohazalarni tinglab, yaxshilanishlar kiritishganini aytdi.
Turnir boshlanmasidan oldin ham ishtirokchilar xonalar yetishmasligi va turar joylarning yomonligidan shikoyat qilishayotgan edi.
Mablagʻni tejash maqsadida tashkilotchilar anʼanaviy sportchilar qishlogʻini qurmaslikka qaror qilishdi va buning oʻrniga ishtirokchilarni Nagoya boʻylab mehmonxonalar va konteyner turdagi turar joylarga joylashtirishdi. Koreyaning basketbol boʻyicha yuqori lavozimli rasmiysi konteynerlarda qolgan novcha sportchilar "karavotlarda oyoqlarini uzatib yotishda" qiyinchilikka duch kelishayotganini aytdi.
Ishtirokchilar sonining soʻnggi daqiqalarda ortishi shahar sigʻimiga shunchalik bosim oʻtkazdiki, kamchilikni toʻldirish uchun 1 500 ta kayutaga ega Italiya kruiz kemasi olib kelindi.
Tashkiliy qoʻmita dastlab "mezbon shahar kontraktiga muvofiq" 15 000 nafargacha delegatsiya aʼzolari uchun turar joy tashkil qilgan edi, dedi Omi Bi-bi-siga. Ammo qoʻshimcha sport turlari qoʻshilganidan soʻng bu koʻrsatkich 2 000 taga ortib, 17 000 taga yetdi.
Tashkilotchilar avvaliga kechikib kelganlarni joylashtirish uchun "shunchaki hech qanday joy yoʻqligini" aytishdi va ularga turar joyni oʻzlari hal qilishni tavsiya etishdi — keyinchalik bu qarordan qaytib, Osiyo Olimpiya kengashi bilan birgalikda barcha "17 000 dan ortiq" mehmonlar "Oʻyinlarga mos turar joy" bilan taʼminlanishi haqida qoʻshma bayonot berishdi.
Tashkilotchilar anʼanaviy sportchilar qishlogʻini qurmaslikni maʼqul koʻrishgani sababli, baʼzi ishtirokchilarni joylashtirish uchun konteyner bloklaridan foydalanildi
Bu qiyinchiliklarning boshlanishi edi, xolos.
Oʻyinlar davomida sportchilar avtobuslarda notoʻgʻri sport inshootlariga olib borildi, Janubiy Koreya erkaklar xokkey jamoasi uchun esa Shimoliy Koreya gimni chalindi. Erkaklar oʻrtasidagi futbol boʻyicha oltin medal topshirish marosimida Janubiy Koreya bayrogʻi toʻgʻri koʻtarilmadi. Tayvan sport vaziriga ham bayroq koʻtarish tadbirida qatnashish vaqtincha taqiqlandi.
Oʻyinlarning soʻnggi kunlarida koʻngillilar yopilish marosimiga bepul taklif qilingan elektron pochta xabarini olishdi. Ammo keyinchalik tashkilotchi bepul chiptalar rejasi hali koʻrib chiqilayotgani va tasdiqlanmaganini aytdi.
Omining aytishicha, ishtirokchilar soni boʻyicha Parij Olimpiadasidan kattaroq boʻlgan ushbu tadbirdagi qator koʻngilsizliklar baʼzi delegatsiyalar uchun katta noqulayliklar tugʻdirgan.
"Bu miqyosdagi tadbirga mezbonlik qilish va uni boshqarish biz uchun katta sinov boʻldi va har bir kun qator kutilmagan muammolar va qiyinchiliklarni hal qilishni talab etdi", — dedi u.
"Oʻyinlar davomida biz inshootlardan amalda foydalanayotgan sportchilarning fikr-mulohazalarini ham diqqat bilan tingladik va zarur yaxshilanishlar hamda chora-tadbirlar bilan tezkor munosabat bildirdik."
Tashkilotchilar katta qiyinchiliklarni tan olishdi va baʼzi delegatsiyalar sportchilariga noqulayliklar tugʻdirilganini aytishdi
Muammolar paydo boʻlishi bilanoq, mahalliy OAV sport inshootlari operatsiyalari uchun masʼul boʻlgan kompaniyani: Frantsiyaning GL Events kompaniyasining Yaponiyadagi shoʻʼba korxonasini ayblay boshlashdi.
GL Events kompaniyasi Yaponiyada sport tadbirlarini muvaffaqiyatli oʻtkazish boʻyicha boy tajribaga ega boʻlgan, ammo jinoiy tender suiisteʼmolligi boʻyicha ayblovdan soʻng chetlatilgan Dentsu Group reklama gigantini ortda qoldirib, 63 milliard iyenalik (306 million funt sterling; 405 million dollar) kontraktni qoʻlga kiritgan edi.
Manbaning Kiodo axborot agentligiga maʼlum qilishicha, GL Events raqobatchi yetkazib beruvchilarga qaraganda "sezilarli darajada arzonroq" boʻlgan.
Oʻtgan haftada Tokio Simbun gazetasi kompaniyani xodimlarni yollash xarajatlarini keskin qisqartirganlikda aybladi, buning oqibatida yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun tajribali xodimlar juda kam qolgan. Gazetaning taʼkidlashicha, yollangan ishchilar tegishlicha oʻqitilmagan.
Ammo tashkilotchi Takaaki Omi GL Events "xalqaro sport tadbirlarida, jumladan Parij Olimpiya oʻyinlarida tajribaga ega" ekanini taʼkidladi.
"Biz musobaqalar boshlangunga qadar zarur musobaqa muhiti yaratilgan deb hisoblaymiz, jumladan GL Events bilan atroflicha muhokamalar va muvofiqlashtirish ishlari olib borildi", — dedi u Bi-bi-siga.
Professor Tomiyama GL Events "xalqaro musobaqalarda yetarli tajribaga ega emas edi, deb oddiygina xulosa qilish" toʻgʻri emas deb hisoblashini aytdi. Uning fikricha, muammo kompaniyaga yuklangan masʼuliyat koʻlami "haddan tashqari keng" ekanidan kelib chiqqan.
"Shuningdek, bu ochiq tender emas, balki muzokaralar yoʻli bilan tuzilgan kontrakt boʻlgani uchun tashkilotchilar pudratchining imkoniyatlarini baholashda foydalangan meʼyorlarni, shuningdek, kontrakt tuzilgandan soʻng pudratchini qanday nazorat qilishganini oʻrganish muhim", — deya qoʻshimcha qildi Tomiyama.
GL Events Bi-bi-sining sharh berish haqidagi takroriy soʻrovlariga javob bermadi.
Koʻngillilarga yopilish marosimida bepul qatnashishlari mumkinligi aytilgan edi, keyinchalik tashkilotchi bu qaror tasdiqlanmaganini bildirdi
Oʻyinlar davomida tashkilotchilarning paydo boʻlgan har bir yangi muammoni hal qilishga shoshilinch urinishlarini kuzatish dunyoning Yaponiyadagi yirik tadbirdan kutgan narsasidan juda yiroq edi.
Bu ular namoyish etishni umid qilgan "omotenashi" ruhidan — Yaponiyaning samimiy mehmondoʻstligi, deyarli sanʼat darajasidagi tushunchasidan juda yiroq edi.
Mutasaddilar oxir-oqibat ushbu delegatsiyaga taʼsir qilgan qator koʻngilsizliklar uchun Janubiy Koreyaga rasmiy kechirim xati yuborishlariga toʻgʻri keldi.
Shunga qaramay, Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori Husayn al-Musallam Oʻyinlarda suzish, ogʻir atletika va oʻq otish boʻyicha oʻrnatilgan 54 ta yangi dunyo rekordini muvaffaqiyat dalili sifatida koʻrsatdi.
"Bu yutuq tashkiliy qoʻmita sportchilar uchun yaratgan eng yaxshi sharoitlarsiz mumkin boʻlmas edi", — dedi u. "Sportchilar yaxshi uxlamasa, yuqori natija koʻrsata olmaydi, sportchilar yaxshi transportga ega boʻlmasa, yuqori natija koʻrsata olmaydi."
Oʻyinlar yakunlangan boʻlsa-da, muammolar tugagani yoʻq.
Davom etayotgan Para-oʻyinlarda ham muammolar davom etdi, u yerda uchta tadbirda notoʻgʻri davlat gimnlari chalindi. Nagoya meri va ayni paytda Oʻyinlar tashkiliy qoʻmitasi rahbari oʻrinbosari Ichiro Xirosava buni "qabul qilib boʻlmaydigan" holat deb atadi va kechirim soʻradi.
Professor Tomiyama tashkilotchilar oʻtgan bir necha haftadan xulosa chiqarishadi va kelajakda yaxshiroq sport tadbirlarini oʻtkazishadi, deb umid qiladi.

