Yaponiya iyena kursini qo‘llab-quvvatlash uchun bir oyda rekord darajada — 96,5 mlrd dollar sarfladi

Yaponiya iyena kursini qo‘llab-quvvatlash uchun bir oyda rekord darajada — 96,5 mlrd dollar sarfladi
Yaponiya hukumati milliy valyuta – iyenaning qadrsizlanishiga qarshi kurashish maqsadida valyuta bozoridagi intervensiyalarga so‘nggi bir oy ichida misli ko‘rilmagan miqdorda – 15,4 trillion iyena (96,5 milliard dollar) sarfladi.
Bu mablag‘lar 30-iyuldan 26-avgustgacha bo‘lgan davrda ishlatilgan. Intervensiyaning ko‘lami Tokio iyenani so‘nggi qariyb 40 yillik eng past darajalardan ko‘tarishga qanchalik jiddiy urinayotganini ko‘rsatadi. Milliy valyutaning zaiflashuvi Yaponiya yirik eksportchilari uchun foydali bo‘lishi mumkin, ammo energiya kabi import mahsulotlari xarajatlarini oshiradi.
Yaponiya energiya resurslarining deyarli barchasini chetdan import qiladi, ularning qariyb 95 foizi Yaqin Sharqdan keladi. Shu sababli, mintaqadagi urush va ta’minotdagi uzilishlar mamlakat iqtisodiyoti uchun qo‘shimcha xavf tug‘dirmoqda.
Iyenaning zaiflashishiga Yaponiya va boshqa yirik iqtisodiyotlar o‘rtasidagi foiz stavkalari tafovuti ham ta’sir qilmoqda. Yaponiya Markaziy banki iyul oyidagi yig‘ilishida asosiy stavkani o‘zgartirmagan bo‘lsa-da, regulyator vakillari pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish sur’atini oshirishga tayyor ekanini bildirgan. Bozor ishtirokchilari sentyabrdagi yig‘ilishda stavka oshirilishi ehtimolini 65 foiz deb baholamoqda.
Yaponiya Markaziy banki 30 va 31-iyul kunlari iyenani sotib olish orqali valyuta bozoriga aralashgan. Bu jarayonda AQSH bilan kam uchraydigan qo‘shma intervensiya ham amalga oshirilgan. Janubiy Koreya ham o‘z vonini sotib olish operatsiyalarini Yaponiya intervensiyasi bilan bir vaqtda o‘tkazgan.
O‘sha paytda iyena bir dollar uchun qariyb 164 iyena darajasiga tushib, so‘nggi 40 yildagi eng zaif ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan.
Yaponiya Markaziy bankining avvalroq e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 30-iyuldagi intervensiya hajmi 9,6 trln iyenagacha yetgan bo‘lishi mumkin. Bu 2026-yil 30-aprelda qayd etilgan 6,3 trln iyenalik tasdiqlangan kunlik rekorddan ancha yuqori.
Intervensiyadan so‘ng iyena kursi dastlab bir dollar uchun 163 iyenadan 155,20 iyenagacha mustahkamlangan. Keyinchalik valyuta kursi barqarorlashib, 10-avgustdan buyon taxminan 159,50 iyena atrofida saqlanib qolmoqda.
Moliya vazirligi e’lon qilgan 15,4 trillion iyenalik umumiy xarajat bo‘yicha har bir kun kesimidagi batafsil ma’lumotlar choraklik hisobot e’lon qilingach, noyabr oyining boshlarida taqdim etilishi kutilmoqda.
2022-yil sentyabr–oktyabr oylarida ham Yaponiya hukumati milliy valyuta – iyena kursini qo‘llab-quvvatlash maqsadida valyuta bozoriga aralashgandi. 29-sentyabrdan 27-oktyabrgacha intervensiyalarga 6,35 trillion iyena (43,06 mlrd dollar) sarflangan.

