Mahalliy

Yangilangan alifbo haqidagi qonun 2027 yil 22 apreldan kuchga kiradi

Oʻzbek alifbosining yangi varianti toʻgʻrisidagi qonun yarim yildan keyin kuchga kiradi. Ushbu sanagacha chiqarilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlar oʻz kuchini saqlab qoladi. Davlat organlarining ramzlari, peshlavhalar va koʻrsatkichlardan ular yaroqsiz holga kelgunga qadar yoki hukumat tomonidan belgilanadigan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.

Yangilangan alifbo haqidagi qonun 2027 yil 22 apreldan kuchga kiradi

Oʻzbekiston prezidenti 21 oktyabrda imzolagan latin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosining yangi varianti toʻgʻrisidagi qonun yarim yildan keyin — 2027 yil 22 apreldan kuchga kiradi, deyiladi hujjatda.

Qayd etilishicha, bungacha chiqarilgan hujjatlarda, shuningdek, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlarda alifboning amaldagi variantidagi harflarning mavjudligi «ularning amal qilishi va muomalada boʻlishiga toʻsqinlik qilmaydi».

Davlat organlari va tashkilotlarining ramzlari va boshqa atributikalari, ularning binolarida joylashtirilgan Davlat gerbining relyefli tasvirlari, geografik obʼyektlarning nomlari boʻlgan peshlavhalar va koʻrsatkichlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan, alifboning amaldagi variantidagi harflarni oʻz ichiga olgan boshqa buyumlar va manbalardan ular yaroqsiz holga kelgunga qadar yoki qonunni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.

Hukumatga ikki oy muddatda ushbu dasturni ishlab chiqish va qabul qilish topshirildi.

«Gazeta» xabar berganidek, alifboning yangi variantida 28 ta harf va ayrish belgisi oʻrniga apostrof mavjud (ilgari — 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi). Sh, Ch, Oʻ va Gʻ birikmalari oʻrniga Ş, Ç, Ö va Ğ harflari kiritilmoqda, Ng esa chiqarib tashlanmoqda.

1993 yilda alifbo 33 ta harf va apostrof bilan tasdiqlangan edi. Unda diakritik belgili Ş, Ç, Õ, Ğ, Ĵ («dj»dan farqli «j» tovushi uchun) va Ń («ng» tovushi uchun) belgilari, shuningdek, C («ts» tovushi uchun) ishlatilgan.

1995 yilda diakritik belgili harflar Sh, Ch, Oʻ, Gʻ va Ng birikmalari bilan almashtirildi, C esa chiqarib tashlandi.

Kirill yozuvidan latin yozuviga toʻliq oʻtish 2000 yilgacha yakunlanishi kutilgan edi. Biroq amalda hozirgi kungacha mamlakatda alifboning ikkita varianti — kirill va latin yozuvlari ishlatilib kelinmoqda.

2020 yil oktyabr oyida prezident oʻzbek tilini rivojlantirish va mamlakatda til siyosatini takomillashtirish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Unda latin yozuviga toʻliq oʻtishni yakunlash nazarda tutilgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.