Yangi rekord: klublar yozgi transferlar oynasi vaqtida qancha sarflagani ma’lum bo‘ldi

Yangi rekord: yozgi transferlar oynasida klublar qancha mablag‘ sarflagani ma’lum bo‘ldi
2026-yilgi Jahon chempionati yozgi transferlar bozorini tarixdagi eng yuqori darajaga olib chiqdi — umumiy xarajatlar rekord ko‘rsatkich bo‘lgan 9,89 milliard dollarga yetdi. Diqqatga sazovor jihati shundaki, ushbu summaning qariyb uchdan bir qismi aynan mundial ishtirokchilarining transferlariga sarflangan.
FIFA tadqiqotlariga ko‘ra, yozgi transferlar oynasida Jahon chempionatida qatnashgan 260 dan ortiq futbolchi klubini o‘zgartirgan. Ularning transferlaridan tushgan jami mablag‘ 3,3 milliard dollarni tashkil etgan. 1-iyundan 2-sentyabrgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilgan barcha xalqaro transferlar soni esa tarixda ilk bor 12,5 mingdan oshdi. Tashkilot hisobotida qayd etilishicha, mundialdagi ishtirok nafaqat yulduzlar, balki yosh iste’dodlar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Yozning eng qimmat 5 ta transferi:
Enso Fernandes (Argentina) — “Chelsi”dan “Manchester Siti”ga (145 mln yevro);
Morgan Rojers (Angliya) — “Aston Villa”dan “Chelsi”ga (138 mln yevro);
Elliot Anderson (Angliya) — “Nottingem Forest”dan “Manchester Siti”ga (135 mln yevro);
Yan Diomande (Kot-d’Ivuar) — “Leypsig”dan “Real”ga (125 mln yevro);
Bredli Barkola (Fransiya) — “PSJ”dan “Liverpul”ga (125 mln yevro).
Klublar qancha sarfladi va qancha daromad oldi?
Xarajatlar bo‘yicha ingliz klublari mutlaq yetakchi bo‘ldi. Ular yoz davomida futbolchilar uchun 3,02 milliard dollar sarflagan. Keyingi o‘rinlarda Italiya (1,1 mlrd dollar), Ispaniya (940 mln dollar), Germaniya (904 mln dollar) va Fransiya (641 mln dollar) klublari joy olgan.
Futbolchi sotishdan tushgan daromad bo‘yicha esa Fransiya jamoalari peshqadam — 1,7 milliard dollar. Kuchli beshlikni Angliya (1,43 mlrd), Germaniya (1,02 mlrd), Ispaniya (773 mln) va Portugaliya (642 mln dollar) yakunlagan.
Ayollar futbolida ham rekordlar yangilandi
Ayollar futbolida xalqaro transferlar xarajati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshib, 28,6 million dollarga yetdi. O‘tishlar soni bo‘yicha ham rekord qayd etildi — 1406 ta transfer (19,2 foizlik o‘sish).
Bu yo‘nalishda ham ingliz klublari eng ko‘p mablag‘ sarflagan (8 mln dollar). Ispanlar (6,6 mln) va nemislar (4,9 mln) kuchli uchlikdan joy olgan. Ayol futbolchilarni sotishdan esa eng ko‘p Shvetsiya klublari (4,2 mln dollar) daromad qilgan. Keyingi o‘rinlarni Angliya (4 mln) hamda Fransiya va Germaniya (3,6 mlndan) klublari egallagan.

