Yamshik-chamshik
Oʻzbekistondagi ish haqi Markaziy Osiyodagi eng past koʻrsatkichlardan biri boʻlib chiqdi

Ham gʻarib, ham kambagʻal
Oʻzbekiston ish haqi darajasi boʻyicha Markaziy Osiyodagi qoʻshnilariga raqobatchi boʻla olmadi. OʻzR Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning ikkinchi choragida oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi bor-yoʻgʻi 591 AQSh dollarini tashkil etdi.
MO mamlakatlari orasida Qozogʻiston yetakchi boʻldi — 988 dollar. Yevraziya iqtisodiy komissiyasi maʼlumotlariga koʻra, Qirgʻizistonda 2026 yilning birinchi yarim yilida nominal ish haqi 615 dollarga, Tojikistonda esa 358 AQSh dollariga yetdi.
MDH mamlakatlari bilan solishtirganda, ularning beshtasida 2026 yilning birinchi yarim yilidagi ish haqi Oʻzbekistondagidan yuqori boʻlib chiqdi. Xususan, hamdoʻstlik davlatlari orasida eng yuqori nominal hisoblangan ish haqi joriy yilning yanvar–iyun oylarida Rossiya (1,4 ming doll.) va Belarus (1 ming dollardan ortiq) mamlakatlarida qayd etildi.
Eʼtiborlisi, ushbu mamlakatlarda 2026 yilning birinchi yarim yilida ish haqi turli surʼatlarda oʻsdi. Nominal ish haqining eng yuqori indekslari Qirgʻiziston (127,5%) va Tojikistonda (119,6%) qayd etildi.
Oʻzbekistonda ushbu koʻrsatkich dinamikasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan moʻʼtadilroq boʻldi: indeks 118,4% ni tashkil etdi — biroq bu baribir Qozogʻiston (110,3%), Rossiya (112,7%), Belarus (113,2%) va Armanistondagidan (105,5%) yuqoridir.

