Yadro davrining muqaddimasi: SSSR AQSHning yadroviy sirini qanday o‘g‘irlagan edi?
1942-yilda AQSH atom bombasini yaratish uchun tarixdagi eng maxfiy va ulkan ilmiy loyihalardan birini boshladi. Vashington bu sirni dunyodan, hatto eng yaqin ittifoqchilaridan ham yashirishga urinayotgan bir paytda, Moskva uning eng muhim ma’lumotlaridan xabardor bo‘lib ulgurgan edi. Sovet razvedkasi Amerikaning yadro dasturiga qanday kirib bordi? Quyidagi maqolada sovet ayg‘oqchilarining Manxetten loyihasiga kirib borishi va dunyoni yadro qurollari poygasiga olib kirgan josuslik operatsiyasi haqida so‘z yuritamiz.

**Yadro davrining muqaddimasi: SSSR AQSHning yadroviy sirini qanday o‘g‘irlagan edi?**
1945-yil 2-avgust kuni Germaniyaning Potsdam shahrida Ikkinchi jahon urushining taqdirini belgilagan uch davlat — sobiq Sovet Ittifoqi, AQSH va Buyuk Britaniya rahbarlari bir stol atrofida jam bo‘lgan edi. Urush hali rasman yakunlanmagan bo‘lsa-da, g‘oliblar allaqachon urushdan keyingi dunyo taqdirini hal qilish bilan band edilar.
Ana shu paytda AQSH prezidenti Garri Trumen Sovet Ittifoqi rahbari Iosif Stalin bilan suhbat chog‘ida unga Amerikaning qo‘lida “o‘ta vayronkor qurol” borligini shivirlab aytadi. Trumen nimani nazarda tutganini Stalin darhol tushunadi. Biroq uning yuzida na hayrat, na xavotir ko‘rinadi. U faqat miyig‘ida kulib qo‘yadi...
Lekin Stalin nimani bilardi? Nega u Trumenning sirli xabarini eshitib vahimaga tushmadi? Sababi shundaki, AQSH o‘z tarixidagi eng maxfiy va eng yirik ilmiy loyihani — Manxetten loyihasini qattiq sir tutishga urinayotgan bir vaqtda, Sovet razvedkasi uning ichiga kirib ulgurgan edi.
### “Manxetten loyihasi”: buyuk sirning boshlanishi
1942-yil 13-avgustda AQSH harbiy hujjatlarida “Manxetten muhandislik okrugi” degan yangi tuzilma paydo bo‘ldi. Aslida bu oddiy harbiy-ma’muriy birlik emas, balki insoniyat tarixini tubdan o‘zgartirgan va keyinchalik “Manxetten loyihasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan o‘ta maxfiy yadroviy qurol yaratish dasturining rasmiy boshlanishi edi.
Aslida loyiha noldan boshlangan emas. Uning ildizlari 1939-yilda Lyman Briggz boshchiligida tuzilgan “Uran qo‘mitasi” tadqiqotlariga borib taqaladi. 1939-yil avgustida fashistlar Germaniyasi uran parchalanishi sirlarini yechishga yaqinlashganidan xavotirlangan fiziklar Leo Silard va Yujin Vigner mashhur Albert Eynshteyn nomidan AQSH prezidenti Franklin Ruzveltga maktub yo‘llashadi. Tarixga “Eynshteyn — Silard maktubi” nomi bilan kirgan bu murojaat Vashingtonga tahdid ko‘lamini anglatdi va atom tadqiqotlariga davlat darajasida e’tibor qaratilishiga turtki berdi.
### “Manxetten loyihasi”da faoliyat yuritgan olimlar
Loyiha ikki yo‘nalishda boshqarilgan. Olimlar tomonidan unga Robert Oppengeymer, harbiylar tomonidan esa general Lesli Grovs rahbarlik qilgan. Loyiha natijasida uchta atom bombasi yaratildi. Ular: “Shutnik” (The Gadget), “Kichkintoy” (Little Boy) va “Semiz” (Fat Man).
AQSH rahbariyati bu loyiha orqali nafaqat Ikkinchi jahon urushiga yakun yasashni, balki urushdan keyingi dunyoda mutlaq harbiy va siyosiy gegemonlikni qo‘lga kiritishni ham maqsad qilgan edi. Ammo Vashingtondagilar bu “buyuk sir” allaqachon ittifoqchi, biroq kelajakdagi ehtimoliy raqib bo‘lmish SSSR razvedkasining diqqat markazida turganidan hali bexabar edilar...
### Potsdamdan keyingi shoh–mat: Kremlning yadroviy javobi
1945-yil yozida dunyoning siyosiy xaritasi tubdan o‘zgardi. 16-iyul kuni Nyu Meksiko shtatidagi Jornada del Muerto cho‘lida joylashgan Trinity poligonida tarixda ilk bor yadroviy portlash amalga oshirildi. Bu hodisa nafaqat ilmiy izlanishlar natijasi, balki yaqinlashib kelayotgan Potsdam konferensiyasi oldidan Vashington qo‘lidagi “kozir karta” ham edi.
Potsdamda yangi AQSH prezidenti Garri Trumen Sovet yetakchisi Iosif Stalinga “misli ko‘rilmagan vayronkor kuchga ega yangi qurol” haqida ishora qilganida, Stalin buni xotirjam qabul qilgandek ko‘rindi. Ammo bu bosiqlik ortida chuqur xavotir yashiringan edi. Chunki Kreml AQSHning yakka hukmronlikka intilishini juda yaxshi anglab yetgandi.
Potsdam uchrashuvidan 1 kun o‘tib, aniqrog‘i 1945-yil 6 va 9-avgust kunlari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan “Kichkintoy” hamda “Semiz” yadro bombalari nafaqat Ikkinchi jahon urushiga yakun yasadi, balki yaqinlashayotgan “Sovuq urush”ning ham muqaddimasiga aylandi.
Moskva uchun bu portlashlar shunchaki Yaponiyani taslim etish vositasi emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri SSSRga yo‘llangan ogohlantirish va kuch namoyishi sifatida ko‘rindi. Strategik muvozanat izdan chiqqan edi.
Xirosimaga uyushtirilgan hujumning ertasigayoq Stalinning buyrug‘i bilan SSSR Davlat mudofaa qo‘mitasi qoshida yadro loyihasini to‘liq nazorat qiluvchi vakolatlarga ega “Maxsus qo‘mita” tuzildi. Unga butun razvedka va josuslik tarmog‘ini boshqargan NKVD rahbari Lavrentiy Beriya tayinlandi. Ilmiy-texnik izlanishlarga esa taniqli fizik Igor Kurchatov rahbarlik qildi.
An’anaviy tadqiqotlar yo‘li bilan AQSHdan bir necha yil ortda qolayotganini anglagan Beriya asosiy e’tiborni faqat o‘z olimlariga emas, balki razvedkaga qaratdi. NKVD va Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) tomonidan “Enormoz” maxfiy operatsiyasi doirasida okean ortidagi “Manxetten loyihasi” ichiga chuqur kirib borgan agentlik tarmog‘i yaratildi.
### “Enormoz” operatsiyasi: devor ortidagi ko‘zlar
Sovet razvedkasi Amerika atom dasturini 1942-yildayoq nishonga ola boshlagan edi. NKVD va GRU asta-sekin loyihaning eng muhim markazlariga kirib borgan murakkab josuslik tarmoqlarini shakllantirdi. Ular Los-Alamos, Oak-Rij va Chikago universitetining Metallurgiya laboratoriyasi kabi strategik ahamiyatga ega obyektlarga yetib bordi.
Buning uchun ular avvalo kommunizmga yoki Sovet Ittifoqining urushdagi kurashiga siyosiy jihatdan xayrixoh bo‘lgan olimlar va texnik xodimlardan foydalandi.
Ko‘plab agentlarni mafkuraviy qarashlar, Sovet Ittifoqiga Germaniyani mag‘lub etishda yordam berish istagi hamda Amerikaning atom quroliga yakka hukmronlik qilishining oldini olish maqsadi harakatga keltirgan. Boshqalari esa pul yoki shantaj ta’sirida hamkorlikka jalb qilingan.
“Qo‘shma Shtatlardagi agentlarimizdan kelayotgan ma’lumotlar nihoyatda qimmatli. Ular bizga yillar davom etadigan mehnat va millionlab rubl mablag‘ni behuda tadqiqotlarga sarflamaslik imkonini bermoqda”, degan Lavrentiy Beriya.
Klaus Fuks — Manxetten loyihasidagi Sovet josuslarining eng muhimlaridan biri, ehtimol eng muhimi edi. Elektr muhandisi Yuliy Rozenberg bir guruh josuslarni boshqargan. Bu tarmoq tarkibiga uning rafiqasi Ethel, xotini tomonidan qarindoshi Devid Gringlass va ma’lumotlarni yetkazib beruvchi kuryer Garri Gold kirgan.
Gringlass Los-Alamosda mexanik bo‘lib ishlagan va atom bombasining ichkaridan portlash mexanizmi uchun zarur bo‘lgan maxsus portlovchi linza qolipining chizmalari hamda tavsiflarini yetkazgan.
Bu ma’lumotlar sovet olimlariga yillar davomida tajriba va xatolar orqali izlanish olib borish zaruratidan qutulish imkonini berdi.
“Amerikaliklarning ishlari haqidagi razvedka ma’lumotlarini olganimizda, biz to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimiz ayon bo‘ldi. Bu ma’lumotlar ko‘plab xatolarning oldini olishimizga yordam berdi”, degan Igor Kurchatov.
### Sovet Ittifoqining birinchi yadro sinovi
Sovet josuslari va olimlar yetkazgan ma’lumotlar SSSRning atom qurolini yaratish muddatini o‘n yillarga qisqartirdi. 1949-yil 29-avgust kuni Qozog‘istondagi Semipalatinsk poligonida yangragan ilk sovet yadro bombasining sinovdan o‘tkazilishi dunyodagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirib yubordi.
Vashington o‘zi yaratgan “buyuk sir” va mutlaq monopoliyadan atigi qisqa vaqt bahramand bo‘ldi, xolos. Sovet Ittifoqi esa yadro qurolini yaratish orqali dunyoni yangi va o‘ta xavfli “Sovuq urush” davriga boshlab kirdi…

