Kanadaga qulagan «fazo bombasi». SSSRning yadroviy reaktorli sunʼiy yoʻldoshi nega halokatga uchragandi?
1978-yil 24-yanvar kuni Kanadaning deyarli aholi yashamaydigan shimoliy hududlari uzra osmonni yorqin olovli shar kesib oʻtadi. Soʻng kuchli portlash sodir boʻladi. Avvaliga odamlar yerga ulkan meteorit urildi deb oʻylaydi. Hudud tekshirib koʻrilganda, atrofda topilgan metall boʻlaklarida radiatsiya nurlari aniqlanadi. Shunda Kanadaga SSSRning yadroviy reaktor bilan jihozlangan sunʼiy yoʻldoshi qulab tushgani oydinlashadi

Kanadaga qulagan «fazo bombasi». SSSRning yadroviy reaktorli sunʼiy yoʻldoshi nega halokatga uchragandi?
Ikkinchi jahon urushidan koʻp oʻtmay, dunyo siyosiy maydonida ikki qutb yetakchilari — AQSH va SSSR — har sohada, ayniqsa qurollanish borasida raqobatga kirishadi. Shu tariqa «sovuq urush» davri boshlanadi. Ikki davlat atom bombasi, turli qurollar, harbiy kemalar, samolyotlarni takomillashtirish, uzoq masofalarga uchuvchi ballistik raketalar yaratish, keyinroq esa kosmosga parvoz qilish boʻyicha kimoʻzarga poyga boshlaydi.
1960-yillarga kelib navbati bilan kosmosga odam chiqariladi, 10-15 ming kilometrgacha uchib boruvchi qitʼalararo raketalar yaratiladi. Har ikki tomon oʻz yutuqlarini koʻz-koʻz qilishni odatga aylantiradi, ayniqsa SSSR. Sovetlar biror yutuqni «sotsializmning kapitalistik tuzum ustidan gʻalabasi» deb talqin qilishni xush koʻrardi.
Ana shunday vaziyatda AQSH va SSSR kosmosda ustunlikni qoʻlga kiritish uchun sunʼiy yoʻldoshlarni yadroviy reaktor bilan jihozlash ustida ish boshlaydi. Bunday SY orqali raqib floti, suvosti kemalari, aviatashuvchilarni kuzatish maqsad qilingandi. Dengiz usti va ostini yuqori aniqlikda kuzatuvchi radiolokatsiya uskunalari katta energiya talab qilardi. Oʻsha davrdagi quyosh panellari bu ehtiyojni qoplay olmas, shu sabab yadroviy reaktor variantiga toʻxtalishadi.
Yadroviy reaktor bilan jihozlangan SYni fazoga birinchi boʻlib olib chiqish ham poygaga aylanib ketadi. 1960-yillarning birinchi yarmida SSSR va AQSH fazoga yadroviy reaktor bilan jihozlangan qurilma chiqarish rejasi ustida ishlay boshlaydi. Amerikaliklarning dasturi SNAP (Systems for Nuclear Auxiliary Power) deb nomlanadi. Sovetlar esa bunday turdagi ilk sunʼiy yoʻldoshga «Romashka» deb nom beradi.
«Romashka» sinovdan yaxshi oʻtganiga qaramay, fazoga chiqishga ulgurmaydi. Bu ishni birinchi boʻlib amerikaliklar amalga oshiradi. 1965-yilda AQSH yadroviy reaktor bilan jihozlangan birinchi sunʼiy yoʻldoshini fazoga chiqaradi. SSSR bu ishni 1970-yilga kelib amalga oshiradi. Ungacha 1969-yilda yadroviy reaktor bilan jihozlangan ikkita SY parvozdan koʻp oʻtmay qulab tushgandi.
1973 va 1974-yillarda sovetlarning yana ikkita yadroviy reaktor oʻrnatilgan sunʼiy yoʻldoshi parvoz vaqtida portlab ketadi. Umumiy hisobda SSSRning yadroviy reaktor oʻrnatilgan oʻntacha sunʼiy yoʻldoshi avariyaga uchraganiga qaramay, loyiha davom etaveradi.
1977-yil sentabrda SSSR Boyqoʻngʻir kosmodromidan yadro reaktori bilan jihozlangan SYni fazoga uchiradi. «Kosmos-954» deb nomlangan bu qurilma rasmiy bayonotlarda oddiy ilmiy apparat sifatida koʻrsatilsa-da, AQSH va ittifoqchilari bu harbiy maqsad uchun uchirilganini bilib turardi. Qurilmaga boyitilgan uran bilan ishlaydigan kichik yadroviy reaktor oʻrnatilib, 90 foizgacha boyitilgan 30 kg uran joylashtiriladi.

