40 dan ziyod davlat yashirin raketa sinovlari xavfidan ogohlantirdi
AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi 40 dan ortiq davlat ballistik raketalarni oldindan ogohlantirmasdan sinovdan o‘tkazish xalqaro tinchlik va xavfsizlik uchun xavf tug‘dirishini bildirdi. Davlatlar bunday uchirishlar haqida kamida 24 soat oldin ma’lum qilish mexanizmlarini joriy etishga chaqirmoqda.

40 dan ziyod davlat yashirin raketa sinovlari xavfidan ogohlantirdi
40 dan ortiq davlat ballistik raketalar va ularni tashuvchilarni sinovdan o‘tkazishda shaffoflikni oshirishga chaqiruvchi qo‘shma bayonot e’lon qildi. 11-avgust kuni chop etilgan ushbu hujjatni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar orasida AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya ham bor.
Bayonotda qit’alararo ballistik raketalar, suvosti kemalaridan uchiriladigan ballistik raketalar hamda raketa-tashuvchilarni sinovdan o‘tkazayotgan davlatlar rejalashtirilgan uchirish haqida boshqa mamlakatlarni kamida 24 soat oldin xabardor qilishi lozimligi ta’kidlangan. Bu talab, ayniqsa, yadroviy qurolga ega davlatlar uchun muhim ekani qayd etilgan.
Hujjat mualliflariga ko‘ra, raketa sinovlari bo‘yicha tartibga solingan va shaffof ogohlantirish mexanizmlarining mavjudligi davlatlarning harbiy salohiyatini rivojlantirishi yoki operativ ehtiyojlarini cheklamaydi. Aksincha, bunday mexanizmlar noto‘g‘ri hisob-kitoblar, raketa uchirilishining boshqacha talqin qilinishi va davlatlar o‘rtasida keskinlikning tasodifan kuchayib ketishi xavfini kamaytiradi.
Shuningdek, oldindan ogohlantirish o‘zaro ishonchni mustahkamlashi va mamlakatlarning umumiy xavfsizlikni ta’minlashga bo‘lgan intilishini namoyon etishi ta’kidlangan.
Taklifga ko‘ra, raketa uchirilishi haqidagi xabarda uning umumiy toifasi, uchirish hududi hamda rejalashtirilgan parvoz yo‘nalishi kabi asosiy ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak.
Qo‘shma bayonotda Tinch okeani hududida yaqinda o‘tkazilgan ayrim raketa sinovlarida bunday standartlarga amal qilinmaganiga ham e’tibor qaratilgan. Hujjatda Xitoy nomi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmagan.
Biroq iyul oyi boshida Xitoy Tinch okeani akvatoriyasida atom suvosti kemasidan “strategik raketa”ni sinov tariqasida uchirgan edi. Raketa jangovar kallak imitatori bilan jihozlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Pekin bu sinov haqida faqat bir nechta davlatni raketa uchirilishidan juda qisqa vaqt oldin xabardor qilgan.
Ayni paytda KXDR ham navbatdagi ballistik raketa sinovini amalga oshirdi. Tokio va Seul ma’lumotlariga ko‘ra, 12-avgustga o‘tar kechasi Shimoliy Koreya kamida bitta ballistik raketani uchirgan. Bu mamlakatning 2026-yil boshidan buyon amalga oshirgan o‘n birinchi raketa uchirishi bo‘lgan.
Janubiy Koreyaning “Ryonxap” agentligi xabariga ko‘ra, raketa KXDRning sharqiy sohilidagi Vonsan hududidan uchirilgan va sharq tomon harakatlangan.
Janubiy Koreya Qurolli kuchlari ehtimoliy yangi raketa uchirishlariga tayyor turish maqsadida kuzatuv va nazorat choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi.
Yaponiya Mudofaa vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, raketa parvoz davomida taxminan 90 kilometr maksimal balandlikka ko‘tarilgan. U uchirilganidan qariyb 10 daqiqa o‘tib qulab tushgan va umumiy hisobda 700 kilometrdan kam masofani bosib o‘tgan.
40 dan ortiq davlatning qo‘shma tashabbusi raketa sinovlari soni ortib borayotgan bir sharoitda harbiy davlatlar o‘rtasida noto‘g‘ri talqin va kutilmagan keskinlik xavfini kamaytirishga qaratilgan. Bayonot mualliflari raketa uchirishlar haqida oldindan axborot berishni xalqaro xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashning muhim vositalaridan biri sifatida ko‘rmoqda.

