Yölovçilar uçun yagona çipta tizimini joriy etiş rejalaştirilmoqda
Uşbu tizim orqali yölovçilar poyezd, samolyot, avtobus va şahar jamoat transportining harakat jadvali, yönalişlari, çipta narxlari hamda mavjud böş örinlar haqida maʼlumot olişlari mumkin böladi.

Yolovchilar uchun yagona chipta tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda temir yo‘l, havo, avtobus va shahar jamoat transporti xizmatlarini birlashtiruvchi «Bir yo‘l» yagona milliy raqamli transport platformasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida so‘z boradi.
Platformani 2028-yil 1-yanvardan joriy etish taklif qilinmoqda.
Ushbu tizim orqali yo‘lovchilar poyezd, samolyot, avtobus va shahar jamoat transportining harakat jadvali, yo‘nalishlari, chipta narxlari hamda mavjud bo‘sh o‘rinlar haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, bir nechta transport turidan foydalanib safar qilishni yagona buyurtma va to‘lov asosida tashkil etish imkoniyati yaratiladi.
Dastlabki sinov tariqasida 2027-yil 1-iyuldan «Toshkent aeroporti - Urganch aeroporti - Xiva temir yo‘l vokzali» yo‘nalishida yagona chipta tizimini joriy etish choralari ko‘rilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, poyezdlar, samolyotlar va avtobuslarning harakat jadvallarini sun’iy intellekt yordamida o‘zaro muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda. Bunda avtobuslarning harakat vaqti poyezdlar va aviaqatnovlar jadvaliga muvofiqlashtiriladi.
Qaror loyihasi 11-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

