Xususiy agentliklarga xorijda işga joylaştirgan har bir fuqaro uçun 1,5 mln söm beriladi
2027 yildan işonçli xususiy bandlik agentliklari xorijda işga joylaştirgan har bir fuqaro uçun 1,5 mln söm rağbat puli oladi.

Xususiy agentliklarga xorijda ishga joylashtirgan har bir fuqaro uchun 1,5 mln so‘m beriladi
2027 yildan boshlab O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bilan ishonchli tashkilot maqomini olgan xususiy bandlik agentliklari shug‘ullanadi.
Xorijda yuqori maoshli ishga joylashtirilgan har bir fuqaro uchun agentliklarga 1,5 mln so‘m miqdorida rag‘batlantiruvchi to‘lov berilishi belgilangan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mehnat migratsiyasining ustuvor masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Davlat rahbari ishga joylashtirish xizmatlari sohasida xususiy sektor jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. Ikki yil avval litsenziya talablari soddalashtirilganidan so‘ng xususiy bandlik agentliklari soni uch barobarga, ular tomonidan xorijga ishlash uchun yuborilgan fuqarolar soni esa besh barobarga oshdi.
Shu bilan birga, Prezident sohada ayrim muammolar, jumladan, agentliklar faoliyatidagi xatolar, korrupsiya va ish izlovchilarni aldash holatlari saqlanib qolayotganini qayd etdi. Tartibga solish tizimini takomillashtirish maqsadida bozor ishtirokchilari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilaydigan alohida qonun qabul qilindi.
Joriy etiladigan yangi mexanizmlardan biri xususiy bandlik agentliklari reytingini shakllantirish tizimi bo‘ladi. U agentliklar faoliyatining shaffofligini oshirish va kompaniyalar ish natijalarini baholashga xizmat qilishi kerak. Asosiy mezonlar qatorida amaldagi ish joyining e’lon qilingan shartlarga muvofiqligi, mehnat migrantlari huquqlarining himoya qilinishi, ish haqi darajasi va ijtimoiy kafolatlarning mavjudligi belgilangan.
Chet elda ishlashni rejalashtirayotgan yosh fuqarolarni kasbga tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kasblar va xorijiy tillarni o‘rgatishni tashkil etish uchun xususiy o‘quv markazlariga texnikumlar binolaridan xonalar bepul beriladi.
Bundan tashqari, o‘quv markazlariga xorijdan jalb qilingan o‘qituvchilar va ekspertlarga to‘lovlarni amalga oshirishda 1 foizlik ijtimoiy soliq stavkasini qo‘llashga ruxsat beriladi. Ular tomonidan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun olib kiriladigan uskunalar bojxona bojlaridan ozod qilinadi.
Mas’ul idoralarga bir oy muddatda bandlik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan qaror loyihasini tayyorlash topshirildi.
Tegishli tashkilotlar faoliyatini ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sifatida e’tirof etish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa soliqqa tortish tartibini soddalashtirish imkonini beradi.
Yangi chora-tadbirlar xorijda ishga joylashtirish xizmatlari sifatini oshirish, xususiy agentliklar mas’uliyatini kuchaytirish va fuqarolarning kasbiy tayyorgarlik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

