Xorazmda ishga kiritishni va’da qilib, 14 mln so‘m olgan maktab direktori 3 yilga qamaldi

Xorazmda ishga joylashtirishni va’da qilib, 14 million so‘m olgan maktab direktori 3 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Daryo” nashri sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Xonqa tumanidagi maktablardan birining direktori, 1977-yilda tug‘ilgan Z.Y. 2025-yil noyabr oyida o‘z lavozimiga tayinlangan edi. Joriy yilning fevral oyida S.X. ismli ayol uning maktabiga ish so‘rab kelgan.
Suhbat davomida Z.Y. maktabda fizika o‘qituvchisi lavozimi bo‘sh ekanligini, dastlab shu lavozimda ishlashni, keyinchalik esa uni direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazish mumkinligini aytgan. Shuningdek, u “har bir maktabning o‘ziga yarasha chiqimlari borligini” ta’kidlab, ishga kirishdan oldin “ozgina yordam” qilish kerakligiga ishora qilgan.
Dastlab Z.Y. ayolni ishga joylashtirish va lavozimini ko‘tarish evaziga 23 million so‘m talab qilgan. S.X. bu miqdordagi puli yo‘qligini aytgach, direktor 14 million so‘m evaziga masalani hal qilishini bildirgan.
Shundan so‘ng Z.Y. pulni tezroq berishni talab qila boshlagan. S.X. esa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
24-fevral kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Z.Y. kimyoviy ishlov berilgan 14 million so‘mni Urganch—Xonqa yo‘nalishida qatnovchi taksi haydovchisidan olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Sudda direktor pullarni ikki oy muddatda qaytarish sharti bilan qarz sifatida so‘raganini, ayolni ishga olish yoki lavozimini ko‘tarish niyati bo‘lmaganini bildirgan. Biroq, sud guvohlarning ko‘rsatmalari, audioyozuvlar, Telegram yozishmalari, tezkor tadbir hujjatlari va ekspertiza xulosalarini Z.Y.ning aybini tasdiqlovchi dalillar deb topgan.
Sud Z.Y.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Shuningdek, u 2 yil davomida davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Direktorning himoyachisi hukmdan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati bergan, ammo Xorazm viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi shikoyatni qanoatlantirmasdan, hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.
Avvalroq Qashqadaryoda tayinlanganiga 2 oy bo‘lmasdan 500 dollar pora olgan maktab direktori 5 yilga, Surxondaryo viloyati Termiz tumanida esa shtati qisqarayotgan o‘rinbosaridan 2 million so‘m pora olgan maktab direktori 4 yilga qamalgani xabar qilingan edi.

