Xizmat avtomobilida YHQ buzilishi uchun kim javob beradi
Oʻzbekistonda xizmat avtomobillarida YHQ buzilganligi uchun kim javobgar boʻlishi va jarima ballari kimga yozilishiga aniqlik kiritildi.

Xizmat avtomobilida YHQ buzilgani uchun kim javobgar boʻladi
Uzbekistonda xizmat avtomobillarida kameralar orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortish tartibi tushuntirildi.
Vaziyatga qarab, javobgarlik yoki transport vositasidan foydalanish uchun masʼul boʻlgan shaxsga, yoki avtomobil qonuniy asosda topshirilgan xodimga yuklanishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 17¹-moddasiga koʻra, agar huquqbuzarlik yuridik shaxsga tegishli avtomobilda avtomatik vositalar orqali qayd etilgan boʻlsa, transport vositasidan foydalanish uchun masʼul boʻlgan shaxs yoki fuqarolik-huquqiy munosabatlar doirasida undan qonuniy asosda foydalangan shaxs javobgarlikka tortiladi.
Ishni koʻrib chiqishda kim avtomobildan foydalanish uchun masʼul etib tayinlangani va transport vositasi belgilangan tartibda kimga topshirilgani inobatga olinadi.
Jarima ballarini hisoblash uchun alohida tartib amal qiladi. 2026 yil 1 apreldan boshlab ular foto va videofiksatsiyaning avtomatik vositalari yordamida aniqlangan YHQning muayyan qoidabuzarliklari uchun ham hisoblanadi.
Bunda maʼmuriy jarima va jarima ballari — bu javobgarlikning turli choralaridir. Ballarni hisoblash uchun haydovchining shaxsini aniqlash zarur, deyiladi YHXX tushuntirishida.
Xizmat avtomobili haydovchisini identifikatsiya qilish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 maydagi 296-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan.
Hujjatning 5²-bandiga muvofiq, yuridik shaxs tegishli axborot tizimida shaxsiy elektron kabinet ochishi kerak. Haydovchi haqidagi maʼlumotlar avtomobil unga topshirilgunga qadar kiritilishi lozim, transport vositasini qabul qilib olayotgan xodim esa ushbu maʼlumotlarni tasdiqlashi shart.
Agar amaldagi haydovchi haqidagi maʼlumot mavjud boʻlmasa yoki belgilangan tartibda tasdiqlanmagan boʻlsa, Nizomda nazarda tutilgan jarima ballari hisoblanadigan shaxsni aniqlash qoidalari qoʻllaniladi.
YHXXda tashkilotlar rahbarlariga avtomobilni muayyan xodimga biriktirish toʻgʻrisidagi ichki buyruqning oʻzi yetarli emasligi ham eslatib oʻtildi.
Haydovchini identifikatsiya qilish uchun belgilangan elektron tartibga rioya qilish zarur.

