Xitoylik yuguruvchi marafon paytida velosiped haydagani uchun homiysidan mahrum boʻldi
Sun Yuanyuan Berlin marafonining bir qismida boshqa birovning velosipedi orqasiga mingan holatda suratga tushib qolgan koʻrinadi.

**Xitoylik yuguruvchi marafon paytida velosiped haydagani uchun homiysidan mahrum boʻldi**
Xitoylik fitnes-bloger Berlin marafoni vaqtida velosipedda yurgani uchun uzr soʻraganidan keyin oʻz homiysini yoʻqotdi.
Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida Abeeeer nomi bilan tanilgan Sun Yuanyuan sentyabr oyida boʻlib oʻtgan musobaqada shaxsiy rekordini oʻrnatganini aytgan edi.
Biroq, blogerlar tomonidan joylashtirilgan notoʻgʻri yoki chalgʻituvchi poyga vaqtlarini kuzatib boruvchi Instagram sahifasi Sunning 35- va 40-kilometrlar oraligʻida velosipedda ketayotgani aks etgan suratni ulashdi.
Keyinchalik Sun uzr soʻradi va «qoidalarni buzganini» tan oldi. Yugurish poyabzallari ishlab chiqaruvchi Brooks kompaniyasi u bilan homiylik shartnomasini bekor qildi, marafon tashkilotchilari esa uning marradagi vaqtini bekor qilishdi.
Oʻzini Marafon vaqti halolligi rasmiy boʻlimi (OMTIU) deb atovchi Instagram akkaunti marafon paytida Sunning boshqa bir kishi boshqarayotgan velosiped orqasiga minib ketayotgani aks etgan suratni joylashtirdi.
Akkaunt, shuningdek, Sunning «splitlari» — poyganing har 5 kilometrlik qismi uchun qayd etilgan vaqtlar jadvalini ham ulashdi.
Ushbu jadval u goʻyoki velosipedda boʻlgan 35- va 40-kilometrlar oraligʻida tezlashganini koʻrsatadi.
Sun Xitoyning Rednote ijtimoiy tarmogʻida uzrnoma eʼlon qildi va u OMTIU tomonidan ham ulashildi. Unda Sun qoidalarni buzganini tan olgan.
U shunday deb yozgan: «Bu harakatim uchun hech qanday bahona izlamayman.
Masofada oʻzimni jismonan yomon his qilayotgan edim, [ammo] bu qoidalarni buzish uchun aslo bahona boʻla olmaydi.
Qisqa yoʻldan borishga urinishim musobaqaning adolatliligi va marafon ruhiga nisbatan hurmatsizlik edi».
Rednote tarmogʻida 520 000 kuzatuvchisiga ega boʻlgan Sun, shuningdek, oʻz harakatlarini «qasddan yashirganini» aytib, qoʻshimcha qildi: «Bundan juda qattiq aybdorlik hissini tuymoqdaman».
Brooks kompaniyasi BBC News’ga Sun bilan hamkorlikni toʻxtatganini tasdiqladi.
Kompaniya bayonotida shunday deyiladi: «Brooks yugurish halollik, adolat va musobaqaga boʻlgan hurmatga asoslanishi kerak deb hisoblaydi.
Faktlarni tekshirgandan soʻng, Brooks China ushbu shaxs bilan munosabatlarini uzdi va bu masalani ommaviy ravishda hal qildi».
OMTIU marafonchilar, ayniqsa fitnes-blogerlar oʻrtasida «GPS maʼlumotlarini soxtalashtirish, Strava ilovasidagi natijalarni tanlab koʻrsatish va soxta shaxsiy rekordlar daʼvo qilishning kuchayib borayotgan tendentsiyasiga» eʼtibor qaratish uchun tashkil etilgan.
Sahifaning vazifasi bayonotida shunday deyilgan: «Biz sportchilar ommaviy ravishda ulashadigan vaqtlar ular haqiqatda yugurgan vaqtni aks ettirishini taʼminlash orqali sportning halolligini himoya qilish uchun mavjudmiz».

