Xitoylik fermer SI tavsiyasiga amal qilib, 10 gektarlik hosilidan ayrildi

Xitoylik fermer sun’iy intellekt (SI) maslahatiga amal qilib, qariyb 10 gektar maydondagi kunjut hosilini yo‘qotdi. Bu haqda mahalliy Ctwant nashri xabar berdi.
Anxoy provinsiyasida yashovchi 67 yoshli fermer bir yildan beri SI yordamida ekin ekish, o‘g‘itlash va pestitsidlardan foydalanish bo‘yicha maslahatlar olib kelgan. Iyul oyida u kunjut dalasidagi begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashish uchun SI dan sxema so‘ragan va bir nechta preparatdan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar olgan.
Fermer agronomlar bilan maslahatlashmasdan, tavsiya etilgan preparatlarni dalaga qo‘llagan. Natijada, ertasi kuni kunjut ko‘chatlari ham, begona o‘tlar ham qurib, nobud bo‘la boshlagan. Mahalliy mutaxassislarning ta’kidlashicha, tavsiya etilgan preparatlardan biri asosan soya dalalaridagi keng bargli begona o‘tlarga qarshi mo‘ljallangan bo‘lib, uni kunjut ekilgan maydonning butun yuzasiga qo‘llash noto‘g‘ri bo‘lgan.
Avvalroq Stenford universiteti tadqiqotchilari SI modeli yordamida yangi bakteriofaglarni yaratgan edi. Ular E. coli bakteriyalarini yo‘q qilishga qodir. Olimlar faglar dizaynida Evo 2 generativ SI modelidan foydalangan bo‘lib, bu model murakkab biologik masalalarni hal etish va yangi DNK ketma-ketliklarini taklif qilish imkoniyatiga ega.
SI yordamida "genomlarni loyihalash" yangi dori vositalarini yaratishga yordam berishi mumkin, ammo bu tadqiqot bioxavfsizlik va biologik tahdidlardan himoyalanish kabi muhim masalalarni ham kun tartibiga qo‘yadi.

