Xitoyda oilalar endi bolalardan koʻra keksalarni koʻproq taʼminlamoqda
Soʻnggi raqamlar Pekin aholining qarishi muammosiga qarshi kurashayotgan bir paytda muhim bosqichni anglatadi.

Xitoy oilalari endilikda bolalardan koʻra koʻproq keksalarni boqmoqda
Hukumatning maʼlum qilishicha, Xitoy oilalari tarixda birinchi marta bolalarga qaraganda koʻproq keksa yoshdagi odamlarni taʼminlamoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili Xitoyda mehnatga layoqatli aholiga nisbatan qaramogʻidagi keksalar ulushi 23 foizga koʻtarilib, bolalar koʻrsatkichidan (22 foiz) oʻtib ketdi.
Bu raqamlar Xitoyning qisqarib borayotgan ishchi kuchi ham dunyoning ikkinchi eng yirik iqtisodiyotiga, ham umumiy global oʻsishga qanday taʼsir qilishini tushunish uchun diqqat bilan kuzatib borilmoqda.
Tahlilchilarning taʼkidlashicha, soʻnggi raqamlar muhim bir bosqichni anglatadi, chunki Xitoy oilalarga, pensiyalarga va sogʻliqni saqlash xarajatlariga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan aholining qarishi muammosiga duch kelmoqda.
Soʻnggi yillarda Xitoy keksalar ulushining ortishiga tayyorgarlik koʻrish bilan birga, yosh avlodni oila qurishga va er-xotinlarni koʻproq farzand koʻrishga undamoqda.
Xitoy Milliy statistika byurosining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, hozirda Xitoyda 65 va undan katta yoshdagi aholi soni 223 milliondan oshgan boʻlib, bu mamlakat umumiy aholisining deyarli 16 foizini tashkil etadi.
Shu bilan birga, 14 va undan kichik yoshdagi bolalar soni 213 million atrofida.
Statistika bilan birga hech qanday rasmiy sharh berilmadi. Ammo Xitoyning «Global Times» davlat nashri mamlakatning «oʻrtacha qarigan jamiyatga kirishi» bir qancha omillar, jumladan, «oʻtmishdagi tugʻilish toʻlqinlari hajmi» va umr koʻrish davomiyligining uzayishi natijasi ekanini aytdi.
Gazetaning yozishicha, bu oʻzgarish pensiya, sogʻliqni saqlash va uzoq muddatli parvarish tizimlariga bosimni oshirishi, shu bilan birga keksa isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatadigan «kumush iqtisodiyot» deb atalmish sohada imkoniyatlar ochishi mumkin.
«Global Times» bir tadqiqotchining soʻzlaridan iqtibos keltirgan holda: «Bu qisqa muddatli hodisa emas, balki demografik rivojlanishdagi tarixiy tendentsiyani aks ettiradi», deb yozdi.
Hongkong fan va texnologiya universiteti professori Styuart Gitel-Bastenning aytishicha, demografik oʻzgarish «ramziy» xarakterga ega va koʻproq davlat xarajatlari oilalar va maktablardan pensiya hamda sogʻliqni saqlash sohasiga oʻtishini koʻrsatishi mumkin.
Singapur Milliy universiteti sotsiologiya oʻqituvchisi Mu Chjenning taʼkidlashicha, bu iqtisodiy oʻsishni va odamlarning xarid qobiliyatini cheklash orqali mamlakat ambitsiyalariga xavf solishi mumkin.
Xitoyda tugʻilish koʻrsatkichlari bir necha yildan beri pasayib bormoqda
Xitoy aholisining qarishiga bir qator omillar, jumladan, jadal urbanizatsiya va 1980 yildan 2015 yil oxirigacha amalda boʻlgan bahsli «bir oila — bir farzand» siyosatining taʼsiri sabab boʻldi.
Xitoyning aholi soni tez oʻsishini nazorat qilishga qaratilgan ushbu siyosat, hukumat hisob-kitoblariga koʻra, joriy etilganidan beri qariyb 400 million tugʻilishning oldini olgan, garchi bu raqam bahsli boʻlsa-da.
Muning aytishicha, ushbu siyosat aholi sonini kamaytirishda asosiy omil boʻlgan va bu koʻpayib borayotgan keksa qarindoshlarni taʼminlaydigan yoshlar soni kamroq ekanini anglatadi.
Ammo oila hajmiga qoʻyilgan cheklovlar yumshatilganidan keyin ham, Pekin er-xotinlarni koʻproq farzand koʻrishga koʻndirishda qiynalmoqda, tugʻilish darajasi esa tarixiy eng past darajaga tushib ketdi.
Muning qoʻshimcha qilishicha, boshqa omillarga gender rollarining oʻzgarishi, yashash xarajatlarining ortishi va taʼlim darajasining yuqoririshi kiradi, bularning barchasi tugʻilish koʻrsatkichlariga bosim oʻtkazdi.
Shu yil boshida Pekin oʻzining besh yillik iqtisodiy rejasida belgilangan chora-tadbirlarga keksalarni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlashni kiritdi.
Pensionerlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash Xitoy hukumati xarajatlarining tobora muhim qismiga aylanib bormoqda. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2025 yil oxiriga kelib 53 milliondan ortiq keksa yoshdagi kishilar keksalik nafaqalari va subsidiyalarini olishgan.
«Global Times» nashrining yozishicha, 1950 va 1970 yillar oraligʻida tugʻilgan va hozirda keksalik yoshiga qadam qoʻyayotgan koʻplab odamlar, odatda, oldingi avlodlarga qaraganda yuqoriroq daromadga, kuchliroq xarid qobiliyatiga va yaxshiroq sogʻliqqa ega.
Karamlik koeffitsiyenti aholining qarishini oʻlchash uchun keng qoʻllaniladi, ammo baʼzi mutaxassislar bu koʻrsatkichning qamrovi juda tor ekanini aytib, uni soʻroq ostiga olishmoqda.
Gitel-Bastenning aytishicha, bu statistikadan foydalanish keksa odamlarni «harakat erkinligidan mahrum qilish» xavfini tugʻdiradi, chunki ularning koʻpchiligi notoʻgʻri ravishda qaramogʻdagilar sifatida tavsiflangan.
Uning qoʻshimcha qilishicha, bu koʻrsatkich sogʻliqni saqlash sohasidagi yaxshilanishlarni ham hisobga olmaydi.

