Xitoyda oğzi tikanlar bilan öralgan 538 million yillik jonivor qoldiği topildi
Xitoyda taxminan 538 million yil avval yaşagan, oğzi atrofida tikanlari bölgan mitti çuvalçangsimon jonivor qoldiqlari topildi. Uning tanasini tolalar, plastinkalar va içi kovak tikanlardan tuzilgan egiluvçan qoplama örab turgan. Noodatiy darajada yaxşi saqlangan qazilma olimlarga qadimiy hayvonning taşqi körinişinigina emas, qoplamasining nozik tuzilişini ham örganiş imkonini berdi.

Xitoyda og‘zi tikanlar bilan o‘ralgan 538 million yillik jonivor qoldig‘i topildi
Pekin universiteti paleontologlari Xitoydagi kremniyga boy tog‘ jinslaridan topilgan qoldiqlarni o‘rganib, qadimiy hayvonning yangi turini tasvirladi. Unga Spinosoma reticulatus nomi berildi. Tadqiqot natijalari Communications Biology jurnalida e’lon qilindi.
Kembriy davrining boshlaridayoq dengizlarda tashqi qoplamasi murakkab tuzilgan jonivorlar yashagan. Biroq ularning yumshoq to‘qimalari alohida a’zolarini o‘rganish mumkin bo‘lgan darajada kamdan-kam saqlanadi.
Shu sababli eng qadimgi hayvonlar haqidagi bilimlarimiz ko‘p jihatdan qaysi to‘qimalar qanday jinslar orasida saqlanib qolganiga bog‘liq.
Bunday topilmalar po‘st tashlovchi hayvonlarning kelib chiqishini o‘rganish uchun ayniqsa muhim. Bu ulkan evolyutsion guruhga bugungi bo‘g‘imoyoqlilar, yumaloq chuvalchanglar va boshqa jonivorlar kiradi. Ularning umumiy xususiyati — o‘sish jarayonida tashqi qoplamasini tashlab, yangilab turishidir.
Xitoylik olimlar avval ham qadimgi chuvalchanglarning ayrim a’zolarini o‘rgangan va ularning po‘st tashlaganini ko‘rsatuvchi dalillarni topgan edi. Ammo bunday topilmalarning katta qismi sayoz suvli muhit bilan bog‘liq bo‘lib, to‘qimalar o‘rnini fosfat minerallari egallashi tufayli saqlangan.
Yangi tadqiqotda esa boshqa material — kremniyga boy jinslar ichidagi qoldiqlar o‘rganilgan. Ular joylashgan qatlamlarning yoshi taxminan 538 million yil deb baholangan. Buning uchun qatlamlarning geologik kesimdagi o‘rni va ular bilan birga topilgan mikroskopik qazilmalar hisobga olingan.
Eng yaxshi saqlangan namunaning uzunligi qariyb 1,5 millimetrni tashkil etadi. Biroq uning tanasining orqa qismi yo‘qolgan. Demak, jonivor tirikligida bundan uzunroq bo‘lgan.
Olimlar ushbu namunadan tashqari tashqi qoplamaning ko‘plab alohida parchalarini ham tahlil qilgan.
Qoldiqlar mikroskop ostida o‘rganilib, ularning umumiy shakli, bo‘rtiklarining joylashuvi va qoplama tuzilishi taqqoslangan. Saqlanib qolgan uglerodli moddaning kimyoviy xususiyatlarini tekshirish uchun Raman spektroskopiyasidan foydalanilgan.
Jonivor qoldig‘idan olingan spektrlar uning yonidan topilgan qazilma suvo‘tlar va sianobakteriyalar spektrlari bilan solishtirilgan. Bu taqqoslash dastlabki biologik farqlarni qoldiqlarning ko‘milishi va tog‘ jinslarining qizishi oqibatida yuzaga kelgan o‘zgarishlardan ajratishga yordam bergan.

