Xitoyda ishlab chiqarilgan oʻyinchoq AQSh chakana sotuvchisiga qanday yetib boradi
Rojdestvo yaqinlashayotgan bir paytda, biz bolalar oʻyinchoqlarining Xitoydagi fabrikalardan AQSh peshtaxtalarigacha boʻlgan yoʻlini kuzatamiz.

Xitoyda ishlab chiqarilgan oʻyinchoq AQSh riteyleriga qanday yetib boradi?
Xitoy — dunyodagi eng yirik oʻyinchoq ishlab chiqaruvchi boʻlib, AQShda sotiladigan oʻyinchoqlarning aksariyatini yetkazib beradi.
AQShda sotiladigan bolalar oʻyinchoqlarining koʻpchiligi ostida bir xil uchta soʻzni koʻrasiz: “Made in China” (Xitoyda ishlab chiqarilgan).
AQSh hukumati maʼlumotlariga koʻra, 2024 yilda mamlakatga import qilingan har 10 ta oʻyinchoqdan deyarli sakkiztasi — 78,3 foizi — Xitoydan keltirilgan.
Savdo koʻrsatkichlari shuni koʻrsatadiki, oʻtgan yili Xitoydan keltirilgan oʻyinchoqlar qiymati 9,8 milliard dollarni (7,4 milliard funt sterling) tashkil etgan.
Rojdestvo yaqinlashayotgani sababli, AQSh va boshqa joylardagi oʻyinchoq sanoati yilning eng gavjum davriga kirib bormoqda.
Chakana sotuvchilar, xoh ular onlayn gigantlar boʻlsin, xoh “oilaviy” anʼanaviy doʻkonlar boʻlsin, bayram oldi gavjumligi uchun zaxira yigʻayotgan bir paytda, BBC World Service’ning Follow the Money turkumi oʻyinchoqning Xitoydagi zavoddan AQShgacha boʻlgan sayohatini kuzatadi. Va pullar qayerga borib tushishini aniqlaydi.
Janubiy Xitoydagi Gonkong bilan chegaradosh Guandun provintsiyasi mamlakatning oʻyinchoq ishlab chiqarish sektori markazi hisoblanadi.
Dunguandagi Mihox fabrikasi tsexida ishchilar poʻlat qoliplardan plastik oʻyinchoqlarni chiqarib, boʻyash uchun qutilarga taxlaydilar.
Kompaniyaning bildirishicha, unda 800 dan ortiq xodim ishlaydi va Amerika bozori uchun yiliga 55 millionga yaqin oʻyinchoq ishlab chiqaradi, bu uning biznes hajmining yarmini tashkil qiladi.
Xar bir oʻyinchoq mijozning, masalan, Amerika oʻyinchoq kompaniyasining dizaynidan boshlanadi. Keyin fabrika prototip yaratadi va plastik qismlar hamda boshqa komponentlar ishlab chiqariladigan qoliplarni tayyorlaydi.
Mihox savdo guruhidan Melani Vangning aytishicha, birinchi gʻoyadan tayyor oʻyinchoqqacha boʻlgan yoʻl bir-ikki yil vaqt oladi. Bu vaqtning katta qismi mijozning dizaynga qayta-qayta oʻzgartirish kiritishi bilan oʻtadi. “Ular dizaynni yaxshilash uchun uni qayta va qayta oʻzgartirishdi.”
Dizayn tasdiqlangach, jarayon tezlashadi. Qolip yasash bir oy atrofida vaqt oladi va ishlab chiqarish tsikli uch oyga yaqin davom etadi.
Dunguandagi Mihox fabrikasida 800 dan ortiq kishi ishlaydi.
Xoʻsh, fabrika AQShdagi chakana narxning qancha qismini oladi? “Taxminan 20 foizini,” deydi Vang.
30 dollarlik oʻyinchoq uchun bu 6 dollarga teng boʻlib, u plastik va boshqa materiallar narxini, ishlab chiqarish xarajatlarini, shu jumladan ish haqini va fabrikaning foydasini qoplashi kerak.
AQShning Basic Fun oʻyinchoq kompaniyasi bosh ijrochi direktori Jey Foremanning soʻzlariga koʻra, Xitoy fabrikalari odatda 3% dan 10% gacha foyda koʻradi. Shunday qilib, 30 dollarlik oʻyinchoq uchun bu fabrika uni ishlab chiqarish uchun oladigan 6 dollarning 60 dan 18 tsentgacha boʻlgan qismini tashkil qiladi.
Gonkong Oʻyinchoq ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi prezidenti Samson Koning aytishicha, uning koʻplab aʼzolari 1980-yillarda oʻz fabrikalarini chegara orqali Xitoy materigiga koʻchirishgan, chunki u yerda yer va ishchi kuchi arzonroq edi.
Uning aytishicha, oʻshandan beri oʻyinchoq ishlab chiqarish juda kam oʻzgargan. “Avtomatlashtirish hozirda asosan qoliplash va qadoqlash jarayonida amalga oshiriladi. Ammo yumshoq oʻyinchoqlar yoki hatto hozirgi baʼzi elektronika buyumlari uchun ham jarayon haligacha juda koʻp qoʻl mehnatini talab qiladi.”
Shuningdek, u soʻnggi paytlardagi oʻsishlardan soʻng Xitoy ishchi kuchi endi arzon emasligini qoʻshimcha qiladi.
Melani Vangning aytishicha, Mihox oʻyinchoqning chakana narxidan 20% oladi.
Shu yil boshidagi bir hisobotda, external Vyetnamdagi oʻrtacha ish haqi Xitoydagining yarmiga tengligi aytilgan edi.
Shunga qaramay, Ko aʼzolarining 10% dan kamrogʻi ishlab chiqarishni Xitoydan tashqariga koʻchirgan va bu holatlarda ham asosan mijozlar soʻragani uchun shunday qilingan.
Koning aytishicha, Xitoy fabrikalari band boʻlib qolaveradi, chunki bitta oʻyinchoq qismlarni qoliplashdan tortib elektronika qoʻshish, materiallarni tikish va yakuniy yigʻishgacha boʻlgan bir nechta ishlab chiqarish bosqichlaridan oʻtishi mumkin. Bu koʻpincha uning turli fabrikalar oʻrtasida koʻchirilishi kerakligini anglatadi.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Guandunda bu alohida obʼyektlar bir-biriga yaqin joylashgan va “hamjihatlikda ishlashga” oʻrgangan. Uning aytishicha, bu butun ishlab chiqarish jarayonining boshqa mamlakatlarga qaraganda bir maromda kechishiga yordam beradi.
Zavoddan oʻyinchoq Guandundagi eng yirik port boʻlmish Shenchjen kabi portga yuk mashinasida yetkaziladi.
Gonkong va Xitoy materigidagi eksportchilar uchun onlayn platformani boshqaradigan FreightAmigo Gonkong logistika kompaniyasi hammuassisi Ivi Tsening aytishicha, korxonalar yuk konteynerini band qilishlari, xorijiy manzilga dengiz transportini tashkil etishlari, sugʻurta qoplamasini uyushtirishlari va moliyalashtirishni taʼminlashlari mumkin.
Tsening aytishicha, yuk kemasi Shenchjendan AQShning Gʻarbiy sohiliga yetib borishi uchun taxminan 15 kun, Sharqiy sohilga yetib borishi uchun esa 25-30 kun kerak boʻladi. Bu yilgi Rojdestvo oʻyinchoqlari Xitoydan avgust va sentyabr oylarida joʻnab ketdi.
Fabrikadan AQShgacha boʻlgan yuk tashish odatda oʻyinchoqni ishlab chiqarish tannarxiga taxminan 10% qoʻshadi, deydi Tse. Shunga koʻra, agar biz AQShda 30 dollarga sotiladigan va shuning uchun Xitoyda ishlab chiqarish narxi 6 dollar boʻlgan oʻyinchoqni olsak, uni AQShga yetkazib berish 60 tsentga tushadi.
Oʻyinchoq AQShga yetib kelgach, hozirda Xitoy oʻyinchoqlari uchun AQSh Bojxona va chegara himoyasi xizmatiga (CBP) toʻlanishi kerak boʻlgan boj mavjud.
Prezident Tramp va Xitoy yetakchisi Si Tszinpin oʻrtasida oʻtgan oyda boʻlib oʻtgan muzokaralardan soʻng, ikki hukumat oʻyinchoqlar uchun bojlarni kamaytirishni tavsiya qildi. Ammo yangi stavka yoki boshlanish sanasi belgilanmagan va AQSh avval jamoatchilik muhokamasini oʻtkazishi kerak. Hozircha asosiy stavka 12,5% ni tashkil etadi va baʼzi oʻyinchoqlar uchun koʻproq toʻlanadi.
Boj oʻyinchoqning chakana narxidan emas, balki uning ishlab chiqarish narxidan undiriladi. Shunday qilib, 30 dollarlik oʻyinchoq uchun asosiy stavka 6 dollarning 12,5% ni tashkil qiladi, bu esa 75 tsentga toʻgʻri keladi.
Oʻyinchoqlarni import qilgan Amerika kompaniyasi ushbu bojni toʻlaydi. Shunday kompaniyalardan biri — Chikago yaqinidagi taʼlimga oid oʻyinchoqlar sotadigan Learning Resources oilaviy biznesidir. Uning oʻyinchoqlarining yarmi Xitoydan import qilinadi.
“Biz bojlarning 100 foizini toʻlaymiz, bunga hech qanday shubha boʻlmasin,” deydi bosh ijrochi direktor Rik Voldenberg.
Jey Foremanning aytishicha, AQShda oʻyinchoq uchun sarflangan pulning katta qismi mamlakatdan chiqib ketmaydi.
30 dollarlik oʻyinchoqni ishlab chiqarish, uni AQShga yetkazib berish va import bojini toʻlash xarajatlari 7,35 dollarni tashkil etadi. Bundan 22,65 dollar yoki umumiy summaning 75,5 foizi qoladi.
Basic Fun vakili Foreman ushbu pul hech qachon AQShdan chiqib ketmasligini tushuntiradi. Uning Floridada joylashgan kompaniyasi Tonka yuk mashinalari va Care Bears yumshoq oʻyinchoqlarini ishlab chiqaradi.
“U mening kompaniyam, [AQSh] transport kompaniyasi va chakana sotuvchida qoladi,” deydi u.
Agar AQSh ichida yetkazib beruvchi kompaniya uchun 2,65 dollar ajratilsa, oʻyinchoq kompaniyasi va chakana sotuvchi odatda qolgan daromadni 50-50 nisbatda boʻlishib olishadi. Bu ularning har biriga 10 dollardan beradi.
Foyda marjasi tijoriy sir boʻlgani va shu sababli odatda oshkor qilinmasa-da, sanoat tadqiqotlari shuni koʻrsatadiki, oʻyinchoq kompaniyasi va chakana sotuvchi odatda 25% gacha, yoki 2,50 dollar foyda koʻradi.
Oʻyinchoqni AQSh peshtaxtalariga yetkazib berish katta mehnat va uzoq yoʻlni talab qiladi.

