Iqtisodiyot

Troya oti: AQSH 40 dan ortiq davlatni yirik firibgarlikda aybladi

Troya oti: AQSH 40 dan ortiq davlatni yirik firibgarlikda aybladi

Amerika Qo‘shma Shtatlari 40 dan ziyod mamlakatni Xitoyga bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tishda yordam berganlikda aybladi. Bu haqda AQSH hukumatining "Yuklarni qayta ortish bo‘yicha katta firibgarlik" nomli hisobotida ma’lum qilingan.

Hujjatda aytilishicha, Xitoy o‘z mahsulotlarini bojlar past bo‘lgan ushbu davlatlar orqali o‘tkazib, Amerikaning yuqori bojxona to‘lovlaridan qochgan. Hisobot muqovasida Troya oti tasviri joylashtirilgan.

Xitoy uchinchi mamlakatlardan tovarlarga arzimas ishlov berish, ularni qayta markalash, qadoqlash yoki boshqa kichik o‘zgartirishlar kiritish uchun foydalangan. Shu yo‘l bilan mahsulotlar go‘yoki Xitoyda ishlab chiqarilmagandek ko‘rsatilib, yuqori bojlardan ozod qilingan.

Oq uyning ta’kidlashicha, Xitoy va uning kompaniyalari tovarlarni arzon ishchi kuchi, bo‘sh bojxona nazorati, erkin iqtisodiy zonalar va Amerika bozoriga oson kirish imkoniyatiga ega hududlarga joylashtirgan.

"Vaqt o‘tishi bilan bugungi kunda soni 40 dan oshgan, bojxona to‘lovlari pastroq bu mamlakatlar boj to‘lashdan bo‘yin tovlashning yangi tizimi uchun o‘ziga xos maydoncha va markazga aylandi: asosan Xitoyda ishlab chiqarilgan tovarlar xorijda minimal darajada qayta ishlanib, Amerikaga yangi nomlar ostida eksport qilindi", deyiladi hisobotda.

Amerika bojlarining chetlab o‘tilishi tufayli AQSH har yili 19 milliard dollardan 26 milliard dollargacha zarar ko‘rmoqda.

"Asosiy ssenariyga ko‘ra, yiliga 75 milliard dollarlik yuklarni noqonuniy qayta yuklash natijasida qariyb 450 ming ish o‘rni yo‘qotiladi. Buning oqibatida federal daromadlar 19 milliard dollardan 26 milliard dollargacha kamayadi", deyiladi hujjatda.

Oq uyning Savdo va ishlab chiqarish siyosati boshqarmasi rahbari Piter Navarro prezident bojlar joriy etganidan so‘ng Xitoy yuklarni qayta ortishni tashkil etishda "o‘ta puxta" usullarni qo‘llaganini aytdi.

"Uzoq yillar davomida keng ko‘lamli yuk tashish firibgarligi kommunistik Xitoyga o‘z eksportini 40 dan ortiq mamlakat orqali 'yuvish', g‘aznamizdan o‘nlab milliard dollarni o‘marish va amerikalik ishchilarning maoshlarini o‘g‘irlash imkonini berdi", dedi u.

Tramp 2025-yil noyabrida Xitoyga qarshi 100 foizlik bojlar joriy etilishini e’lon qilgan edi. Shuningdek, yanvar oyi oxirida u Kanada Xitoy bilan savdo bitimi tuzadigan bo‘lsa, unga boj solish bilan tahdid qilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Kanada Xitoyga elektromobillar importini oshirishga ruxsat berib, "katta xatoga yo‘l qo‘ydi".

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.