Xitoyda dronlar toğdagi boğlardan apelsin taşimoqda
Xitoy qişloq xöjaligi dronlari soni böyiça dunyoda birinçi örinni egallab turibdi. Mamlakatdagi 300 mingdan ortiq uçuvçisiz apparat har yili 30,6 million gektardan ziyod qişloq xöjaligi maydoniga işlov beradi.

Xitoyda dronlar tog‘dagi bog‘lardan apelsin tashimoqda
Global Times nashri CCTV telekanali ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Xitoyda agrodronlar bajaradigan vazifalar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Avvallari ular asosan ekinlarga zararkunandalarga qarshi vositalar sepishda qo‘llangan bo‘lsa, hozir o‘simliklar holatini kuzatish, qishloq xo‘jaligi materiallari va yig‘ib olingan hosilni tashishda ham ishlatilmoqda.
Soha ma’lumotlariga ko‘ra, ekinlarni himoya qilishda dronlardan foydalanish qo‘l mehnatiga nisbatan ish unumdorligini 20 baravardan ko‘proq oshirish imkonini beradi. Bunda ishlov berish uchun sarflanadigan suv miqdori 50 foizdan ziyod, pestitsidlar sarfi esa 20–40 foizga kamayadi.
Shu tariqa dronlar Xitoyda ekinlarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda qo‘llanadigan asosiy texnik vositalardan biriga aylangan.
Qishloq xo‘jaligida dronlar bilan bir qatorda robotlar va boshqa «aqlli» mashinalardan foydalanish ham kengaymoqda. Ular turli yumushlarni avtomatlashtirish, ishlarni o‘z vaqtida bajarish va hosildorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, past balandlikda ishlaydigan uchuvchisiz apparatlar asta-sekin tajriba tariqasida qo‘llanadigan yangilikdan odatiy ish quroliga aylanmoqda. Fermerlarga maxsus xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ham bunday texnikani kundalik faoliyatiga kiritmoqda. Bu xarajatlarni kamaytirish va agrar tarmoqni zamonaviylashtirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Avval qo‘lda bajarilgan ayrim yumushlar ham dronlarga topshirilmoqda. Masalan, ular ekinlarni sug‘orish, tog‘ yonbag‘irlaridagi bog‘lardan apelsinlarni tashib tushirish va dalalarni ko‘zdan kechirishda qo‘llanmoqda. Ayniqsa, katta texnika yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarda bunday apparatlar qulaylik yaratmoqda.
Xitoy Xalq universiteti professori Chjou Li bu jarayonni bir necha omil bilan izohlagan. Qishloqlarda ishchi kuchiga ketadigan xarajatlar oshib borayotgani texnikaga talabni kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar dronlarni takomillashtirib, ularning narxini pasaytirmoqda. Natijada bunday apparatlar kichik fermerlar va kooperativlar uchun ham qulayroq bo‘lib bormoqda.

