Xitoyda Chevrolet avtomobillari sotuvi to‘xtatildi
So‘nggi yillarda Xitoy bozorida Chevrolet o‘z mavqeini yo‘qotmoqda. 2014-yilda 760 ming dona avtomobil sotilgan bo‘lsa, 2025-yilda 9 ming donaga yaqin avtomobil sotilgan.

Chevrolet avtomobillarining Xitoydagi savdosi to‘xtatildi
General Motors (GM) konserni Xitoyda Chevrolet rusumli avtomobillar savdosini to‘xtatishini ma’lum qildi.
GM China bo‘linmasining xabar berishicha, SAIC Motor bilan qo‘shma korxonada Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqarish davom etadi, biroq ular Yaqin Sharq, Afrika, Janubiy Amerika, Meksika hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqalarida sotuvga chiqariladi.
Xitoy yengil avtomobillar assotsiatsiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda Chevrolet eksporti birinchi yarim yillikda 6,9% ga o‘sgan.
So‘nggi yillarda Chevrolet Xitoy bozorida o‘z mavqeini yo‘qotmoqda. 2014-yilda 760 ming dona avtomobil sotilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 9 ming donaga yaqin avtomobilni tashkil etgan.
Mart oyi oxirlarida Skoda kompaniyasi ham Xitoy bozorini tark etishini e’lon qilgan edi. Kompaniya 15 yil avval Xitoyda yiliga 300 ming dona avtomobil sotgan bo‘lsa, 2025-yilda sotuvlar 15 ming donaga tushib ketgan.

