Xitoy texnologiyalari Namangan rivojlanishini tezlashtirmoqda
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazakov Xitoy bilan sanoat, energetika va qishloq xoʻjaligi sohalarida 70 dan ortiq qoʻshma loyihalar amalga oshirilayotgani haqida gapirib berdi.

Xitoy texnologiyalari Namangan rivojlanishini tezlashtirmoqda
Namangan viloyati sanoat, qishloq xoʻjaligi va infratuzilmani rivojlantirish uchun Xitoy texnologiyalarini qoʻllagan holda Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Bu haqda viloyat hokimi Shavkat Abdurazakov «Sinxua» agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Viloyat rahbari taʼkidlaganidek, hozirda hududda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda 70 dan ortiq qoʻshma loyiha amalga oshirilmoqda. Ular infratuzilma, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yashil energetika va boshqa muhim yoʻnalishlarni qamrab olgan.
Qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik tarmogʻi hamon viloyat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri boʻlib qolmoqda. Viloyatning maʼmuriy markazi, «gullar shahri» sifatida tanilgan Namangan Oʻzbekistondagi tayyor toʻqimachilik mahsulotlarining eng yirik eksportchilari qatoriga kiradi.
Abdurazakov agrosanoat majmuini yanada rivojlantirish va zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini qoʻllashni kengaytirish viloyatning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda viloyatda Xitoyning Shinjon-Uygʻur muxtor regionidan yetkazib berilayotgan gʻoʻza yetishtirish texnologiyalari, yaxshilangan urugʻlar va ixtisoslashtirilgan oʻgʻitlar keng tarqaldi. Hokimning soʻzlariga koʻra, ulardan foydalanish bir gektardan olinadigan paxta hosildorligini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.
«Bu qishloq xoʻjaligi sohamizda jiddiy burilish boʻldi», — dedi Abdurazakov.
Shu bilan birga, mahalliy fermerlar lavanda va boshqa yuqori daromadli xushboʻy ekinlar maydonlarini kengaytirmoqda. Bu farmatsevtika, parfyumeriya va ekoturizm sohalarida ishlab chiqarish zanjirlarining rivojlanishi bilan birga kechmoqda.
Energetika sohasida ham sezilarli natijalar kuzatilmoqda. Namangan viloyatida Xitoy kompaniyasi tomonidan qurilgan quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh elektr stantsiyasining birinchi energobloki 2024 yilning dekabr oyida energotizimga ulandi. Abdurazakov taʼkidlaganidek, loyihaning amalga oshirilishi viloyatning sanoat zonalarida elektr energiyasi taqchilligini sezilarli darajada kamaytirdi.
Hamkorlikning alohida yoʻnalishi sifatida transport infratuzilmasi qolmoqda. Hokim Toshkentni aholi zich joylashgan Fargʻona vodiysi bilan bogʻlovchi Namangan viloyatining strategik joylashuviga toʻxtalib, viloyatning mintaqaviy transport bogʻliqligini mustahkamlash tashabbuslaridagi faol ishtirokini qayd etdi.
Xususan, gap Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasi haqida bormoqda. Abdurazakovning fikricha, yangi temir yoʻl liniyasi Namanganning eksport geografiyasini kengaytirish va uning Fargʻona vodiysi mintaqaviy bozoriga integratsiyalashuvini kuchaytirish imkonini beradi.
«Temir yoʻl nafaqat Namanganning eksport geografiyasini kengaytiradi, balki uning Fargʻona vodiysining yanada kengroq mintaqaviy bozoriga integratsiyalashuviga ham xizmat qiladi», — dedi u.
Hokim, shuningdek, Xitoy korxonalarining viloyat rivojiga qoʻshayotgan hissasini alohida taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, ular zamonaviy texnologiyalar va tajriba olib kelish bilan birga, mahalliy aholi uchun ish oʻrinlari yaratmoqda.
Namangan viloyati Xitoy kompaniyalari va davlat organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirishni kutmoqda.
Abdurazakovning soʻzlariga koʻra, tomonlar viloyatni rivojlantirish va oʻzaro manfaatdorlikni taʼminlash uchun imkoniyatlardan birgalikda foydalanish niyatida.

