Xitoy kompaniyasi Namanganga 200 million dollardan ortiq investitsiya kiritadi.
Raising Sun Technology boʻyoq-loyiha materiallari ishlab chiqarishga 200 million dollardan ortiq investitsiya kiritishni va 500 dan ortiq ish oʻrni yaratishni rejalashtirmoqda.

Xitoy kompaniyasi Namanganga 200 million dollardan ortiq investitsiya kiritadi.
Xitoyning Raising Sun Technology Co., Ltd. kompaniyasi Namangan viloyatida boʻyoq-lak mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Loyihaga kiritiladigan umumiy investitsiyalar hajmini 200 million dollardan oshirish, korxona toʻliq quvvat bilan ishga tushgach esa 500 dan ortiq ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Raising Sun Technology Co., Ltd. kompaniyasi rahbari Mao Bu Se boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatiga tashrif buyurib, yirik investitsiya loyihasini ishga tushirish boʻyicha taklif taqdim etdi.
Kompaniya Namanganda boʻyoq-lak mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona qurishni rejalashtirmoqda. Loyihani uch bosqichda amalga oshirish koʻzda tutilgan. Birinchi bosqichda xitoylik investor 85 million dollar sarmoya kiritib, 500 ta yangi ish oʻrni yaratishni maqsad qilgan.
Keyinchalik loyihaga kiritiladigan umumiy investitsiyalar hajmini 200 million dollardan oshirish rejalashtirilgan.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Xitoy delegatsiyasini qabul qilib, taqdim etilgan takliflar bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida tomonlar yangi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Korxonani joylashtirish uchun Namangan erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiruvchi Chust tumani hududidan mos keladigan maydonni koʻrib chiqish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirishda ekologik talablarga rioya etilishini taʼminlash koʻzda tutilgan.
Korxona toʻliq ishlab chiqarish quvvatiga chiqqanidan soʻng, yangi korxonada 500 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar korxonani joylashtirish va Namangan viloyatida investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha navbatdagi qadamlarni koʻrib chiqdilar.

