Xitoy savdoda AQSH va Yevropa Ittifoqini qanday ortda qoldirdi?
2000-yilda Xitoy atigi 10 ta iqtisodiyot bilan oʻzaro tovar savdosi hajmi boʻyicha AQSH va Yevropa Ittifoqidan oldinda edi. 2025-yilga kelib, bunday mamlakat va hududlar soni 92 taga yetdi. Shu davrda Xitoyning tashqi tovar savdosi qariyb 14 baravar oʻsgan.

Xitoy savdoda AQSH va Yevropa Ittifoqidan qanday oldinga chiqdi?
Hisob-kitoblarga tovarlar eksporti va importi kiritilgan, xizmatlar savdosi esa hisobga olinmagan. Qiyoslash faqat uch tomon o‘rtasida amalga oshirilgan: Xitoyning ustunligi shuni anglatadiki, ma’lum bir davlat u bilan AQSH yoki Yevropa Ittifoqining har biriga qaraganda ko‘proq savdo qilgan. Bu esa Xitoy o‘sha davlatning barcha savdo hamkorlari ichida ham birinchi o‘rinda degani emas.
2000-yilda tahlil qilingan 175 ta iqtisodiyotning 112 tasida Yevropa Ittifoqi, 53 tasida AQSH va 10 tasida Xitoy ushbu uchlik ichida yetakchi bo‘lgan.
2025-yil ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy 92 ta, Yevropa Ittifoqi 55 ta, AQSH esa 32 ta mamlakat va hudud bilan savdoda birinchi o‘rinni egallagan.
Har ikki yil bo‘yicha ma’lumot mavjud bo‘lgan 175 ta iqtisodiyotning 88 tasida uchlikdagi yetakchi hamkor o‘zgargan. Shulardan 81 tasida birinchi o‘rin Xitoyga o‘tgan: 57 tasida u Yevropa Ittifoqini, 24 tasida esa AQSHni ortda qoldirgan.
Eng katta siljishlar Osiyoda kuzatilgan. Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur, Filippin, Tailand va Malayziya 2000-yilda uchlik orasida eng ko‘p AQSH bilan savdo qilgan bo‘lsa, keyinchalik Xitoy oldinga chiqqan. Avstraliya va Yangi Zelandiyada esa Xitoy Yevropa Ittifoqi o‘rnini egallagan.
Fors ko‘rfazi mamlakatlarida ham shunday o‘zgarish yuz bergan. Osiyoda neftga talab oshgani fonida Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va Kuvayt savdosida Xitoyning roli kuchaygan. Rossiyada esa 2022-yilda G‘arb sanksiyalari joriy etilgach, savdoning sharqqa burilishi tezlashgan.
AQSH va Yevropa Ittifoqi o‘zlariga yaqin hududlarda kuchli mavqeini saqlab qolgan. AQSH Kanada, Meksika, Markaziy Amerika va Karib havzasining aksariyat davlatlari bilan savdoda yetakchi. Yevropa Ittifoqi esa unga a’zo bo‘lmagan ko‘plab Yevropa mamlakatlari, shuningdek, Shimoliy va G‘arbiy Afrikaning bir qator davlatlarida ustunlikka ega.
Xitoyning tashqi tovar savdosi 2000-yildagi 470 milliard dollardan 2025-yilda 6,4 trillion dollarga yetgan. Bu qariyb 14 baravar o‘sish demakdir. Shu davrda Yevropa Ittifoqi savdosi 3,4 baravar, AQSHniki esa 2,9 baravar oshgan.

