Iqtisodiyot

Nimaning hisobiga Vetnam Xitoyni ortda qoldirib AQShning yangi «fabrikasi»ga aylandi?

AQSH va Xitoy oʻrtasidagi savdo urushi dunyo iqtisodiyotida yangi ishlab chiqarish markazlarining paydo boʻlishiga sabab boʻlyapti. Bu jarayondan eng koʻp foyda koʻrayotgan mamlakatlardan biri - Vetnam. 2026-yilning birinchi yarmida ushbu mamlakat Qoʻshma Shtatlar bilan 114 mlrd dollarlik savdo profitsiti qayd etdi va bu borada Xitoy, Meksika, Tayvanni ortda qoldirib, mutlaq yetakchiga aylandi.

Vetnam Xitoyni qanday qilib ortda qoldirib, AQShning yangi «fabrikasi»ga aylandi?

Tarif urushining taʼsiri

Vetnam eksportining tez surʼatlarda oshishida AQSH prezidenti Donald Trampning Xitoyga qarshi tarif siyosati muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

AQSH Xitoy mahsulotlariga bojlarni keskin oshirgach, koʻplab kompaniyalar ishlab chiqarishning bir qismini Xitoydan boshqa mamlakatlarga koʻchira boshladi. Vetnam esa ana shunday kompaniyalar uchun eng jozibador yoʻnalishlardan biriga aylandi. Bunga oddiy misol — AQShdagi TOV Furniture mebel zavodi. Kompaniya bir yil ichida mahsulot yetkazib berish tarkibini keskin oʻzgartirgan: ilgari tovarlarining 60 foizi Xitoydan, 25 foizi Vetnamdan kelgan boʻlsa, hozir bu nisbat aksincha tus olgan.

Hindiston ham AQSH bilan savdoda katta profitsitga ega boʻlsa-da, uning 2026-yil birinchi yarmidagi koʻrsatkichi 58,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu Vetnamning ijobiy tafovutidan qariyb ikki baravar kam.

AQSH Federal rezervi iqtisodchilari tadqiqotiga koʻra, 2025-yilda Xitoyning AQShga eksporti 463 mlrd dollardan 327 mlrd dollargacha kamaygan. Yaʼni Xitoy AQSH bozorida 136 mlrd dollardan ortiq savdo hajmini yoʻqotgan. Shu davrda Vetnamning AQShga eksporti 142 mlrd dollardan 201 mlrd dollargacha oshgan. Xitoy yoʻqotgan eksportning qariyb 59 mlrd dollarlik qismi aynan Vetnam tomonidan toʻldirilganiga urgʻu berilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, Vetnamning bugungi muvaffaqiyatini faqat AQSH va Xitoy oʻrtasidagi qarama-qarshilik bilan izohlash toʻgʻri emas. Mamlakat bir necha oʻn yillar davomida ishlab chiqarish va eksportga yoʻnaltirilgan iqtisodiy modelni shakllantirib kelmoqda. Jumladan, oʻtgan asrning 80-yillarida Vetnam hukumati «Doi Moi» — «Yangilanish» islohotlar dasturini boshlagan. Aynan shu dastur tufayli qashshoq va yopiq davlat dunyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biriga aylangan.

1986-yilgacha Vetnamda qatʼiy rejalashtirilgan sotsialistik iqtisodiyot hukm surgan. Odamlar kolxozlarga oʻxshash jamoa xoʻjaliklarida ishlagan, nima ishlab chiqarish va uni qanchadan sotishni faqat davlat belgilagan. Bu tizim bir qator inqirozlarga sabab boʻlgan. Dehqonlarda koʻproq ishlashga ragʻbat boʻlmagani uchun mamlakatda oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga kelgan. Sanoat toʻxtab qolgan, doʻkonlarda kundalik ehtiyoj mollarini topish ham muammoga aylangan. Hukumat bu inqirozdan chiqish uchun «sotsialistik yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyoti» degan yangi modelni eʼlon qilgan. Yaʼni davlat siyosiy nazoratni oʻzida saqlab qolgan holda, iqtisodiyotga erkinlik bergan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.