Xitoy oʻz fuqarolari uchun sayohat cheklovlarini kuchaytirmoqda
Kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, yangi qoidalar Xitoy hukumatining oʻz fuqarolari ustidan nazoratini yanada kuchaytiradi.

**Xitoy oʻz fuqarolari uchun sayohat cheklovlarini kuchaytirmoqda**
Xitoy fuqarolari milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi jinoiy harakatlar sodir etsa, endilikda uch yilgacha Xitoydan chiqib ketish taqiqiga duch kelishlari mumkin.
Xitoyga kirish va undan chiqish boʻyicha yangi qoidalar kuchga kirdi. Kuzatuvchilarning fikricha, bu hukumatga oʻz fuqarolari ustidan yanada qattiqroq nazorat oʻrnatish imkonini beradi.
Xorijda boʻlgan vaqtida Xitoyning milliy xavfsizligi yoki manfaatlariga «zarar yetkazgan» deb topilgan shaxslarning ham vataniga qaytganidan keyin uch yilgacha Xitoydan chiqishi taqiqlanishi mumkin, texnologiyalar importi va eksporti qoidalarini buzganlar ham xuddi shunday mamlakatdan chiqib ketish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Xitoy rasmiylari bu choralar «milliy suverenitet va xavfsizlikni himoya qilish»ga qaratilganini aytmoqda va ular «oddiy fuqarolar»ning sayohatlarini cheklamasligini taʼkidlamoqda.
Biroq tanqidchilarning fikricha, yangi qoidalar Pekinning Xitoy fuqarolarining xorijdagi faoliyatiga bosim oʻtkazish imkoniyatlarini yanada kuchaytirishi mumkin.
«Bu Xitoy fuqarolarining xorijda nima qilayotgani va nima deyayotganini nazorat qilish uchun moʻljallangan navbatdagi vositadir», — dedi Jorjtaun universiteti qoshidagi Osiyo huquqi markazi ijrochi direktori, professor Tom Kellogg BBC Chinese xizmatiga.
«Ayrim hollarda, shaxslarning xorijda Xitoy hukumatini tanqid qilishiga yoʻl qoʻymaslik yoki ularning huquq himoyasi faoliyatini jazolash maqsadida davlat xavfsizlik organlari pasport berishni toʻgʻridan-toʻgʻri rad etadi», — deya qoʻshimcha qiladi Kellogg.
Oʻtgan hafta Xitoy hukumatining «yolgʻon xabarlarni rad etuvchi» Piyao platformasi bayonot berib, yangi qoidalar odamlarni aldov yoʻli bilan mamlakatdan olib chiqib ketish yoki xorijdagi noqonuniy qimor oʻyinlari va firibgarlik operatsiyalarida ishtirok etish kabi «muammolar»ga qarshi kurashish uchun joriy etilganini maʼlum qildi.
Bayonotda aytilishicha, yangi qoidalar «oddiy fuqarolarning sayohatlarini cheklamaydi, balki yuqori xavfli yoʻnalishlar va shubhali sayohat sxemalariga ega shaxslarga nisbatan profilaktika chorasi boʻlib xizmat qiladi».
Shunga qaramay, ayrim Xitoy fuqarolari yillar davomida noaniq sayohat cheklovlariga duch kelganliklarini aytmoqdalar.
Oʻzini faqat Pipi deb tanishtirishni soʻragan 26 yoshli Xitoy fuqarosi BBC Chinese xizmatiga 2023 yilda pasport olish uchun topshirgan arizasi rad etilganini va bunga 2019 yilda Gonkongdagi yirik demokratiya tarafdorlari namoyishlarida qatnashgani sabab boʻlgan deb hisoblashini aytdi.
Pipi namoyishlar paytida Gonkong OAVlariga intervyu berganini aytdi. Xitoyga qaytganidan soʻng u davlat xavfsizlik politsiyasi tomonidan soʻroq qilingan.
Uning soʻzlariga koʻra, immigratsiya xodimlaridan biri unga «Gonkong masalasi tufayli» pasport olomasligini aytgan — ammo bu unga hech qachon yozma ravishda tasdiqlanmagan.
«Agar ular menga rasmiy hujjat berishganida, men maʼmuriy tartibda shikoyat qilishim mumkin edi. Lekin ular faqat birgina gapni aytishdi: "Siz bora olmaysiz"», — dedi Pipi.
Pipi bu masalani ortiqcha surishtirishdan qoʻrqqanini, chunki «qamoqqa tushib qolishdan» xavotirlanganini aytdi.
«Men shunchaki oddiy odamman, toʻgʻrimi? Men yosh yigitman va hech qanday yomon ish qilmaganman», — dedi u.
«[Xitoydan] qachondir chiqib keta olishimni bilmayman».
Ochiq maʼlumotlarga koʻra, hozirda Xitoy fuqarolari oʻzlariga nisbatan mamlakatdan chiqish taqiqi bor-yoʻqligini mustaqil ravishda tekshirish imkoniyatiga ega emaslar.
Agar ular rasmiy yozma yoki ogʻzaki ogohlantirish olmagan boʻlsalar, odatda faqat hujjatlarga ariza topshirishganda yoki mamlakatdan chiqib ketishga urinishgandagina oʻzlariga cheklov qoʻyilganini bilib oladilar.
Xitoyning «Maʼmuriy litsenziyalash toʻgʻrisida»gi qonuniga koʻra, agar maʼmuriy organ maʼmuriy litsenziya bermaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, u buning sabablarini yozma ravishda koʻrsatishi kerak. Ammo BBC suhbatlashgan ayrim kishilar bu qoidaga amal qilinmayotganini aytishdi.
Seshanba kuni kuchga kirgan yangi qoidalarga koʻra, chegara xizmati xodimlari Xitoy fuqarolarini «yuqori xavfli» deb hisoblangan mamlakatlar va mintaqalarga sayohat qilishdan ogohlantirishlari shart.
Bundan oldin ham Xitoydagi ayrim toifadagi odamlar — davlat xizmatchilari va davlat korxonalari xodimlaridan tortib oddiy fuqarolargacha — maʼlum mamlakatlarga sayohat qilishda cheklovlarga duch kelishgan edi.
Pekindagi davlat moliya muassasasida ishlovchi va Syao Van taxallusidan foydalangan kishi BBC Chinese xizmatiga uning hamkasblaridan anchadan beri pasportlarini topshirish va xorijga sayohat qilish uchun ruxsat olish talab qilinishini aytdi.
32 yoshli suhbatdoshning soʻzlariga koʻra, rahbarlar xodimlarga «Yaponiya kabi nozik mamlakatlarga borish qatʼiyan taqiqlanganini» ogʻzaki ravishda eslatib turishadi.
Uning davlat xizmatida, jumladan, muzeylarda ishlaydigan baʼzi doʻstlari uchun xorijga chiqish «juda qiyin» va ularga ishlari sababli toʻgʻridan-toʻgʻri pasport olish uchun ariza topshira olmasliklari aytilgan, dedi Syao Van.
Huquqshunos ekspert Kellogg kengayib borayotgan sayohat cheklovlarini «chuqur tashvishlanarli» deb atadi va bu Xitoy rahbari Si Tszinpin davrida Mao Tszedun davriga oʻxshash «mafkuraviy nazoratning kuchayib borayotganini» aks ettirishini aytdi.
Mao Tszedunning oʻnlab yillar davom etgan boshqaruvi davrida Xitoy tashqi dunyodan deyarli uzilib qolgan edi va xalqaro sayohatlar faqat 1990-yillarda, Xitoy bir qator islohotlar va ochiqlik siyosatini amalga oshirganidan keyingina xitoyliklarning kundalik hayotiga kirdi.
Bugungi turlicha sayohat cheklovlari, deydi Kellogg, «oʻsha ogʻriqli davr xotiralarini qayta uygʻotadi».

