Xitoy AQShni ikkinchi oʻringa surib, dunyodagi eng qudratli davlatga aylandi

Xitoy AQShni ikkinchi oʻringa surib, dunyoning eng qudratli davlatlari roʻyxatida yetakchilikni qoʻlga kiritdi
Xitoy 2026 yil uchun dunyoning eng qudratli davlatlari reytingida birinchi oʻrinni egallab, ikkinchi pogʻonadan joy olgan AQShni ortda qoldirdi. Yetakchi beshlikka, shuningdek, Hindiston, Germaniya va Yaponiya kirdi. Janubiy Koreya oltinchi, Frantsiya yettinchi, Buyuk Britaniya esa sakkizinchi oʻrinni band etdi.
Oʻzbekiston ushbu roʻyxatda 100 ta davlat orasida 71-oʻrinda qayd etildi. Reyting World Population Review tomonidan U.S. News reytingi asosida taqdim etildi.
Markaziy Osiyoda Oʻzbekistondan yuqoriroq faqat Qozogʻiston joy oldi va u 34-oʻrinni egalladi. Shu bilan birga, reyting mamlakatlarning nafaqat harbiy qudrati yoki iqtisodiy koʻrsatkichlarini, balki ularning umumiy taʼsirini baholaydi.
2024 yil bilan solishtirganda Xitoy va AQSh oʻzaro oʻrin almashdi: oʻshanda birinchi oʻrinda AQSh boʻlgan, Xitoy esa ikkinchi pogʻonani egallagan edi. Shu bilan birga, 2026 yilda U.S. News reyting metodologiyasini yangilab, uni koʻproq oʻlchanadigan koʻrsatkichlarga yoʻnaltirdi.
Avvalroq Oʻzbekiston Global innovatsion indeksda 139 ta davlat orasida 77-oʻrinni egallab, bir yil ichida ikki pogʻonaga koʻtarilgan edi. Mamlakat 2030 yilga borib dunyoning 60 ta yetakchi innovatsion davlatlari qatoriga kirishni rejalashtirmoqda.

