Xitoy 2030-yilgaça kosmosga qurol joylaştirişi mumkin - AQŞ razvedkasi
AQŞ harbiy razvedkasi Xitoy kosmosda yönaltirilgan energiyaga asoslangan qurol tizimlarini joylaştirişi mumkinligini bildirdi. Hisobotda Rossiyaning sunʼiy yöldoşlarga qarşi qurollar yaratiş imkoniyatlariga ham eʼtibor qaratilgan. Bu bayonotlar Vaşington özining orbitadagi harbiy salohiyatini oşirayotgani va «Oltin gumbaz» raketaga qarşi mudofaa taşabbusini ilgari surayotgani fonida yangradi.

Xitoy 2030-yilgacha kosmosga qurol joylashtirishi mumkin - AQSh razvedkasi
AQSh Mudofaa vazirligining Razvedka boshqarmasi - DIA «Kosmosdagi xavfsizlik muammolari» (Challenges to Security in Space) nomli hisobotida Xitoy va Rossiyaning kosmik sohadagi harbiy imkoniyatlariga oid baholarini e’lon qildi.
Hujjatda aytilishicha, Xitoy allaqachon Yerda joylashgan bir nechta lazer majmuasiga ega. Amerika razvedkasi bahosiga ko‘ra, ular Yerga yaqin past orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar ishiga xalaqit berishi, ularning samaradorligini pasaytirishi yoki ularni shikastlashi mumkin.
Hisobotda Pekin 2020-yillarning oxiriga qadar yo‘naltirilgan energiya tizimlarini kosmosda ham joylashtirishi mumkinligi taxmin qilingan. Shuningdek, Xitoy orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlarga tahdid sola oladigan yanada kuchli yer usti majmualarini yaratishi mumkinligi aytilgan.
Yo‘naltirilgan energiya qurollari nishonga ta’sir ko‘rsatish va uni shikastlash uchun jamlangan elektromagnit nurlanishdan, jumladan, lazer nurlari va yuqori quvvatli mikroto‘lqinlardan foydalanadi. Bunday tizimlar sun’iy yo‘ldosh elektronikasi ishini buzishi yoki optik datchiklarni ishdan chiqarishi mumkin.
AQSh razvedkasi Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi kinetik qurollar sohasidagi ehtimoliy ishlanmalariga ham e’tibor qaratgan. Hisobotda tilga olingan tizimlar orasida «Burevestnik» ham bor.
Hujjatda u maxsus o‘zgartirilgan MiG-31 samolyotidan uchiriladigan, orbitadagi nishonlarni urish uchun ishlab chiqilayotgan sun’iy yo‘ldoshga qarshi vosita sifatida tavsiflangan.
Bundan tashqari, hisobotda Vashingtonning Moskva yadro qurolini joylashtirishga mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqayotgani haqidagi bahosi takrorlangan. Amerika razvedkasi «Kosmos-2553» sun’iy yo‘ldoshini ushbu ehtimoliy dastur bilan bog‘laydi.
Rossiya esa «Kosmos-2553» radiatsiya ta’siri sharoitida elektron tizimlarni sinovdan o‘tkazish uchun mo‘ljallanganini bildirgan.
Bu bayonotlar AQShning o‘zi ham kosmosdagi harbiy imkoniyatlari haqida ochiqroq gapira boshlagan bir paytda yangramoqda. AQSh harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Mink mamlakat allaqachon orbitaga joylashtirilgan kosmik makonni nazorat qilish vositalariga ega ekanini ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu vositalar Amerika qurolli kuchlarini dushmanona harakatlardan himoya qilishga qodir. Biroq harbiylar ularning aniq imkoniyatlari, nechta vosita joylashtirilgani va ular qachon orbitaga chiqarilganini oshkor qilmagan.

