Xalq mehri va duosiga musharraf bo‘lgan san’atkorlar
Shoshilinch jarrohlik amaliyoti sabab konserti qoldirilgan Ozoda Nursaidova, qo‘shig‘i taqdiriga aylangan Surayyo Qosimova va so‘nggi

**Xalq mehri va duosiga musharraf bo‘lgan san’atkorlar**
Eng katta boylik — salomatlik. Inson xoh shoh bo‘lsin, xoh yulduz, agar tansihatlik bo‘lmasa, hech qanday shon-shuhrat unga huzur bermaydi. Chunki insonning chin boyligi na martaba, na mol-dunyo, balki sog‘lom hayot kechirish imkoniyatidir.
Aslida, san’atkorni elga tanitib, yulduz darajasiga olib chiqadigan ham — muxlis. Ammo shunday muxlislar ham borki, ular sevimli san’atkorini faqat sahnada olqishlabgina qolmay, hayotning eng og‘ir sinovlarida ham yolg‘iz tashlab qo‘ymaydi. Balki bu o‘zbek xalqining bag‘rikengligi, saxovatpeshaligi va mehr-oqibatidan dalolatdir.
Shoshilinch jarrohlik amaliyoti sabab konsert dasturini qoldirishga majbur bo‘lgan Ozoda Nursaidova, qo‘shig‘i taqdiriga aylangan, nohaq azoblardan joni qiynalgan Surayyo Qosimova va so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan teleboshlovchi Ahror Qo‘shmatov... Ularning har biri bugun xalq mehrini nafaqat olqishlar, balki samimiy duolar va moddiy ko‘mak ko‘rinishida ham his qilmoqda.
Bir necha kun avval Termizdagi konsert dasturi qoldirilgani ma’lum qilingan Ozoda Nursaidova kuni kecha yana ko‘rinish berdi. Bosh miyada o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng u o‘z salomatligi uchun duo qilgan, qo‘llab-quvvatlagan muxlislariga minnatdorchilik bildirdi.
San’atkorning bugungi holati yana bir haqiqatni eslatadi: sahnada minglab muxlislar qarshisida turgan inson ham hayot sinovlaridan xoli emas. Ba’zan unga qarsaklardan ko‘ra samimiy duo, mehr va ma’naviy madad ko‘proq kuch beradi.
9-sentyabr kuni salomatligidagi jiddiy o‘zgarishlar tufayli tez yordam mashinasida shifoxonaga olib kelingan Surayyo Qosimova ham xalqimizning duolari va moddiy ko‘magi bilan shoshilinch jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi. Saxovatpesha insonlar yordami bilan xonandaning qizi ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan kontrakt to‘lovi ham qoplandi.
Jarrohlik amaliyoti va shifoxona xarajatlaridan ortgan mablag‘lar xonandaga yetkazilganda esa u pulni qabul qilishni istamadi. Uning so‘zlari ko‘pchilikni o‘yga toldirdi:
— Hammalaringizga katta rahmat! Eng muhimi, sog‘liq ekan. Ayol kishiga eng keragi e’tibor ekan. Menga pul kerak emas. Pul mening halovatimni o‘g‘irlagan, shuning uchun pulni juda yomon ko‘raman.
Bu so‘zlar ortida hayotning achchiq tajribalari, ko‘ngil og‘riqlari va inson uchun moddiy boylikdan ham ustun turadigan qadriyatlar mujassam.
Shundan so‘ng ijarada yashayotgan Surayyo Qosimovaga uy olib berish maqsadida xayr-ehson mablag‘larini yig‘ish davom etdi. Biroq bu vazifani Madaniyat vazirligi o‘z zimmasiga olishi ma’lum bo‘lgach, xonandadan orzu-niyatlari so‘raldi. Uning javobi esa e’tiborga molik:
— Mening orzuim — xalqimga xizmat qilish, AQShda konsert berish, Parijga borish. Musofirda ham muxlislarim ko‘p.
Shifoxonadan chiqishi bilan ijodga qaytgan Surayyo Qosimova namanganlik besh yoshli qizaloqqa bag‘ishlab qo‘shiq kuyladi. Shuningdek, o‘zi kabi xalq yordamiga muhtoj, ayni paytda jiddiy kasallik bilan kurashayotgan teleboshlovchi Ahror Qo‘shmatovni yo‘qlab borib, unga dalda berdi.
Bu manzarada ham san’atkorlikning yana bir qirrasi namoyon bo‘ladi: inson o‘zi qiyinchilikni boshidan kechirayotgan paytda ham o‘zgalar dardiga befarq bo‘lmasligi mumkin.
So‘nggi vaqtlarda Ahror Qo‘shmatovning salomatligi bilan bog‘liq holatlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Ayrim e’tirozlarda uning ahvoli «Xafa bo‘lish yo‘q» ko‘rsatuvi bilan bog‘landi. Bu muhokamalar ortidan ko‘rsatuvning ayrim sirlari ham fosh bo‘ldi.
Biroq teleboshlovchining salomatligi bilan bog‘liq vaziyatni faqat ko‘rsatuvdagi hazillar bilan izohlash to‘g‘ri emas. Na qandli diabet va na oshqozon kichraytirish operatsiyasi bunga sabab bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, uning asosiy muammosi suyak to‘qimasining yemirilishi bilan bog‘liq bo‘lib, oyoqlarining bir necha qismida amputatsiya amaliyoti o‘tkazilgan. Ayni paytda uning ahvoli jiddiy ekani, infeksiya butun organizmga tarqalishining oldini olish uchun shoshilinch jarrohlik amaliyoti zarurligi aytilmoqda.
Ahvoli og‘irlashgan teleboshlovchiga yordam berish uchun saxovatpesha insonlar va keng jamoatchilik birlashdi. Bir kun ichida qariyb bir yarim milliard so‘m mablag‘ yig‘ilgani haqidagi xabarlar ko‘pchilikni hayratga soldi. Xalqning bunday saxovatiga javoban Ahror Qo‘shmatov bu darajadagi mehr va qo‘llab-quvvatlashga loyiq bo‘lish uchun hali xalqqa yetarlicha xizmat qilmaganini ta’kidlab, barchaga minnatdorchilik bildirdi.
Uzoq yillar davomida ijarada yashagan teleboshlovchi yaqinda xarid qilgan uyi bilan bog‘liq qarzdorligi borligi ma’lum bo‘lgach, unga ko‘maklashish uchun yana bir milliard so‘m atrofida mablag‘ yig‘ilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ayni paytda Ahror Qo‘shmatovni jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun Hindistonga yuborishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Hamkasblari va muxlislari uning tezroq sog‘ayib, yana oyoqqa turishi, sevimli kasbiga qaytib, xalqqa xizmat qilishini tilamoqda.
Ozoda Nursaidova, Surayyo Qosimova va Ahror Qo‘shmatov hayotidagi sinovlar bir-biridan farq qilsa-da, ularni birlashtirib turgan jihat bor: og‘ir damlarda ular xalqning mehri va e’tiborini his qilmoqda.
Bu voqealar o‘zbek xalqining saxovatpeshaligi, hamdardligi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini yana bir bor namoyon etadi. Bir insonning dardiga minglab odamning sherik bo‘lishi, kimningdir salomatligi uchun duo qilishi, imkoni boricha moddiy yordam ko‘rsatishi jamiyatdagi insonparvarlikning muhim ko‘rinishidir.
Albatta, moddiy yordam hamisha muhim. Ammo samimiy e’tibor, yaxshi so‘z va duoning o‘rni ham beqiyos. Zero, inson eng og‘ir damlarida yolg‘iz emasligini his qilsa, shuning o‘zi unga katta kuch bag‘ishlaydi.
San’atkorni yulduzga aylantirgan xalq uning boshiga kulfat tushganda ham yonida tursa, bu shunchaki muxlislik emas. Bu mehr, sadoqat va inson qadriga bo‘lgan hurmat ifodasidir. Chunki sahnadagi shuhrat bir kun so‘nishi mumkin, olqishlar ham tinishi mumkin. Ammo insonga ko‘rsatilgan mehr va yaxshilik uning qalbida mangu yashaydi.

