“Kichkina Ozodaga, oila qurib, xotirjam yasha, degan bo‘lardim”. Ozoda Nursaidova klipga ko‘chgan hayoti, armonlari va arab muxlisi haqida

“Kichkina Ozodaga, oila qurib, xotirjam yasha, degan bo‘lardim”. Ozoda Nursaidova klipga ko‘chgan hayoti, armonlari va arab muxlisi haqida
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, pop qo‘shiqlarni maromiga yetkazib ijro etuvchi xonanda Ozoda Nursaidova instabloger Maryam Tillayevaga intervyu berdi. Suhbat chog‘ida u yoshligida qo‘shiqchi bo‘lishni xayoliga ham keltirmagani, O‘rta Osiyo va MDH davlatlari orasida hit bo‘lgan klipidagi voqealar o‘z hayotidan olingani hamda hammasidan voz kechib, tinch yashashni istashi haqida so‘zlab berdi.
“Bolaligimda prokuror bo‘lishni orzu qilganman”
— Bolaligimda katta orzular bilan ulg‘ayganman. Huquqshunos, hatto prokuror bo‘lishni xohlardim. Hech qachon qo‘shiqchi yoki ijodkor bo‘laman, deb o‘ylamaganman. Maktabni tugatganimdan keyin o‘qishga kira olmadim, imtihondan yiqildim. Keyingi yili esa hayotimda hammasini o‘zgartirib yuborgan bir voqea bo‘ldi. Hali ham o‘ylasam, ertakdagidek tuyuladi.
Qo‘shiq aytadigan dugonam bor edi. U bilan birga vokal o‘qituvchisining oldiga borardik. Bir kuni dugonamni kutib o‘tirganimda, o‘qituvchisi mendan qo‘shiq aytish-aytmasligimni so‘radi. Yo‘q, desam, balki urinib ko‘rarsan, dedi. Men esa umuman qo‘shiq aytmasligimni, hatto bu narsani tushunmasligimni aytdim. Shunda u “Kel, dugonang kelguncha ozgina kuylab ko‘r, eshitib ko‘ray”, dedi. Men kuylay boshladim. U menga jo‘r bo‘ldi, men ham unga ergashdim. Keyin u “Senda iste’dod bor ekan, qo‘shiqchi bo‘lishing mumkin”, dedi. Men hayron bo‘lib “Nima deyapsiz, esingiz joyidami?” dedim. Chindan ham shundayligini aytdi. Avvaliga ustimdan kulyapti, deb o‘yladim. Lekin uning menda iste’dod borligini aytgani xayolimda qolib ketdi.
Oradan uch oy o‘tib, konservatoriyaning maqom fakultetiga tayyorlov kursiga o‘qishga kirdim. Ikki yil tayyorlov kursida o‘qib, birinchi kursga qabul qilindim. O‘shanda hayotim butunlay boshqa tomonga o‘zgardi. Huquqshunos bo‘laman, deb yurgan qiz edim. Bugun esa mana, shu yerdaman, deydi Ozoda Nursaidova bolaligini xotirlab.
“Ona, mening ortimdan uyalib qolmaysiz”
Bu juda qiyin yo‘l. Buning uchun kurashish kerak. Men ham kurashganman. Onam meni hamshira bo‘lishimni orzu qilardi. “Men seni qo‘shiqchi, artist bo‘lishingni xohlamayman. Seni erga beraman”, deb ko‘p aytardi. Men esa doim “Oyi, men shunday inson bo‘lamanki, hali faxrlanib yurasiz. Men tufayli hech qachon uyalmaysiz”, derdim. Hatto “Hech qachon hech kim bizning ostonamizga kelib, sizni men sababli uyaltirmaydi”, deb va’da berganman. O‘sha va’damning ustidan chiqdim.
Shunday yo‘ldan o‘tgan ayol hamkasblarim ham buning nimaligini juda yaxshi biladi. Ilgari jamiyat ham ayol san’atkorlarni ezardi. Yaxshi oilalar ularni kelin qilishni xohlamasdi. Hozir esa vaziyat ancha o‘zgargan. Bugun kelinlarning bloger yoki san’atkor bo‘lishi odatiy holga aylanib boryapti. Chunki bu endi nafaqat ijod, balki daromad va biznesga ham aylanib qolgan, deydi xonanda.
“ ‘Ko‘k jiguli’ qo‘shig‘im va klip o‘z hayotimdan olingan”
Bu mening bolaligim, yoshligim. 16 yoshimda bir yigit bilan uchrashardim. U bilan kinoga borardik. Biz yashaydigan ko‘chada yozgi kinoteatr bo‘lardi, u yerda hind filmlarini qo‘yishardi. Biz ham o‘sha yerga borib, filmlar ko‘rardik.
Otasining ko‘k “Jiguli”si bor edi. U yigit ham xuddi klipda ko‘rsatganimizdek, mashinani uydan olib qochardi. Shuning uchun klipdagi voqealarning deyarli barchasi hayotimdan olingan.
Hatto klipni suratga olayotganimizda ham o‘sha paytlarni eslab turardik. Uning hozir o‘z oilasi bor, lekin ba’zan ko‘rishib qolganimizda “Esingdami, ‘Jiguli’da kinoteatrga borardik”, deb o‘sha kunlarni eslaymiz. Qo‘shiqdagi voqealar ham, klipdagi detallar ham mening hayotimdan. Hatto eng mayda tafsilotlarigacha haqiqiy, deydi Ozoda Nursaidova mashhur klipi haqida.
“Yoshlar meni yangi xonanda deb o‘ylashdi”
— “Ko‘k Jiguli” qo‘shig‘ini chiqarganimda, yoshlar meni yangi xonanda deb o‘ylashgan. Bir dugonam menga aytib qoldi: “Nabiram yangi xonanda chiqibdi, ‘Ko‘k Jiguli’ degan qo‘shiq aytibdi, shuni qo‘yib bering, deyapti”, debdi. Nabirasi xonandaning ismini so‘raganida, “Ozoda”, debdi. Shunda dugonam “Bu xonanda men yoshligimda ham qo‘shiq aytardi. Qanday qilib yangi bo‘lishi mumkin?” debdi.
Men buni yosh avlod haqida aytyapman. Ular meni yangi xonanda deb o‘ylashadi, chunki men ijoddan biroz uzoqlashgan paytda ular meni bilmagan, ko‘rmagan. Endi esa boshqacha ishlashga to‘g‘ri kelyapti. Biz ijod boshlagan paytimizda butunlay boshqa avlod edi. Ularning qadriyatlari ham, didi ham boshqacha bo‘lgan. Hozirgi avlodning qarashlari va qiziqishlari esa ancha o‘zgargan. Shuning uchun biz ham zamonga moslashishga harakat qilyapmiz. Ularning qiziqishlarini o‘rganib, o‘z ijodimiz bilan uyg‘unlashtiryapmiz. Albatta, buning uchun izlanishda davom etamiz, deydi u.
“Stilistim bir oylik kiyimlarimni saralab beradi”
Xonanda liboslari ustida ishlovchi dizaynerlar va stilisti haqida ham gapirib berdi.
— Mening stilistim bor. U ba’zan kelib, bir oylik kiyinish jadvalimni tuzib beradi. Kundalik hayotda esa ba’zan kiyimlarimni o‘zim tanlayman. Kiyimlarni tayyorlab, ilgichlarga ilib qo‘yishadi, men esa o‘zimga yoqqanlarini tanlayman. Biror narsasi yoqmasa, o‘zim hal qilaman. To‘y uchun nima kiyishimni, suratga olish ishlari uchun obrazlarimni ham alohida mutaxassislar tanlaydi. Lekin baribir hammasi mening xohishimdan kelib chiqadi.
Masalan, klip suratga olmoqchi bo‘lsam, avvaldan o‘zimning xayolimda qandaydir obraz bo‘ladi. Ular esa shu obrazni yanada mukammallashtirishadi.
Sahna obrazim bilan esa professionallar ishlaydi. Uch yildan beri ular bilan hamkorlik qilaman. Avval ham stilistlar bilan ishlaganman, lekin keyinchalik uslubimni o‘zgartirdim. Hozir Yevropadagi mutaxassislar bilan ishlayapman. Endi esa Suhrob Muratov bilan ham ishlashni xohlayman. Bu borada muzokaralar ketyapti, nasib qilsa, keyingi yil hamkorlikni boshlaymiz, deydi Ozoda Nursaidova dizaynerlari haqida.
Hozir kichkina Ozodani ko‘rib qolsangiz, unga nima degan bo‘lardingiz?
— “Ey, qizaloq, bor, turmushga chiq, tinch hayot kechir”, derdim. Albatta, bu hazil. Lekin ba’zan hayotimga nazar tashlab, bularning hech biri kerak emas edi, degan paytlarim bo‘ladi. Shu bilan birga, bosib o‘tgan yo‘limdan afsuslanmayman ham. Shunchaki, ayrim paytlarda hammasidan voz kechib, tinchgina yashagim keladi. Shunday imkon bo‘lganida, kichkina Ozodaga “Bor, turmushga chiq, tinch hayot kechir”, degan bo‘lardim, deydi Ozoda Nursaidova.
“Arab chegarachi muxlisim ekanini aytgan”
— Mening muxlisim ekanini aytgan eng kutilmagan odam bu Dubay aeroportidagi arab chegarachi bo‘lgan. Bir kuni Dubay chegarasidan o‘tayotganimda, chegarachi meni to‘xtatib, pasportimga qaradi-da, “Ozoda Nursaidovamisiz?” deb so‘radi. Men “Yes”, dedim. O‘sha payt qo‘rqib ketdim, hozir meni qamab qo‘yishadi, deb o‘yladim.
Keyin u jiddiy qiyofada “Qo‘shiqchimisiz?” deb so‘radi. Yana “Yes”, dedim. Shunda u “Men sizning qo‘shiqlaringizni yaxshi ko‘raman”, dedi. Men shokda qoldim. Qo‘shig‘ingizni yaxshi ko‘raman, deb, hatto ikki-uchta qo‘shig‘imni kuylab berdi. Unga ko‘proq “Sevgilim” degan qo‘shig‘im yoqar ekan. Rostini aytsam, o‘sha vaziyatda nima deyishni ham bilmay qolgandim, deya eslaydi xonanda kutilmagan vaziyat haqida.

