Dunyo

WSJ «zamonaviy harbiy tarixdagi eng samarali josuslardan biri» haqida hikoya qildi

Rossiyalik ofitser Lev Stupnikovning Ukraina qurolli kuçlari bilan hamkorligi yuzlab quroldoşlari ölimiga sabab bölgan.

WSJ «zamonaviy harbiy tarixdagi eng samarali josuslardan biri» haqida hikoya qildi

Lev Stupnikovning nomi 2025-yil sentabrida jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi. O‘shanda ukrainalik videobloger Dmitriy Karpenkoga bergan intervyusida Stupnikov shuni tan oldi: u Rossiya armiyasi zobiti bo‘lgan holda Ukraina qurolli kuchlari uchun ishlab, yarim yildan ortiq vaqt davomida o‘z quroldoshlarini zarbalarga nishon qilib kelgan. RT u tufayli 200 dan ortiq rossiyalik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Chechenlar bu vaqtga kelib front chizig‘ini kesib o‘tgan va «Rus ko‘ngillilari korpusi» safida jang qilishni boshlagan Stupnikovga ov e’lon qilishgan.

Lev Stupnikov 26 yoshda. U Qozog‘istonda tug‘ilgan. Bolaligida otasi oilani tashlab ketgan. Onasi Tatyana Yansen Lev bilan singlisi Alisani yolg‘iz katta qilgan. Tatyana vatandoshlarni ko‘chirish dasturi bo‘yicha Rossiyaga ko‘chib o‘tadi va Omskka kelib joylashadi, bu vaqtda uning o‘g‘li o‘smir yoshida edi. Bu yerda Stupnikov kadetlar korpusiga kiradi, keyinroq esa Aloqachilar harbiy akademiyasida o‘qish uchun Sankt-Peterburgga boradi. O‘quv jarayoni besh yil — 2018-yildan 2023-yilga qadar davom etadi.

2021-yilda Lev o‘zi sevgan qiz Liza bilan uylanadi va harbiy karyeradan voz kechish haqida o‘ylay boshlaydi. Ammo Rossiya va Ukraina o‘rtasida boshlangan katta urush barchasini o‘zgartirib yuboradi. Stupnikov Rossiya qo‘shni mamlakat hududiga bostirib kirganidan larzaga tushgandi. 2023-yil yozida u akademiyani leytenant maqomida bitiradi va bazasi Baykal orti o‘lkasida bo‘lgan 36-gvardiya motoo‘qchilar brigadasiga biriktiriladi. Ammo uning Ukrainadagi urushga safarbar qilinishi vaqt masalasi edi va bu 2023-yil noyabrida ro‘y beradi.

Uning onasi Tatyana Yansenning ham Rossiya hukumatidan hafsalasi pir bo‘lgandi. Uning urush boshlanishidan shokka tushishi Levda bo‘lgan holatdan kam emasdi. U harbiy propaganda ta’siriga tushmasligi uchun qizi Alisani maktabdan oladi, shuningdek, o‘g‘lini harbiy xizmatdan bo‘shatish uchun huquq faollaridan maslahat so‘raydi. Huquq faollari Belarus va Armaniston orqali qochishni tashkil etishni maslahat qilishadi. Tatyana frontga yuborilishidan oldin o‘g‘li Moskvada to‘xtab o‘tishidan xabardor edi. U o‘g‘lini Qozog‘istonga uchuvchi samolyotga o‘tirib, qarindoshlarnikida yashirinishga undaydi. U esa juda xavfliligi tufayli bu rejani rad etadi.

2024-yil fevralida, o‘g‘li frontga yuborilganidan uch oy o‘tganda, Tatyana Dmitriy Karpenko bilan aloqaga chiqadi. U ukrainalik dasturchi va bloger bo‘lib, yutubda rossiyalik asirlar va qochqinlar bilan intervyularni e’lon qilar, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari bilan hamkorlik uchun pul taklif qilardi. Tatyana undan o‘g‘lining dezertirlik qilishida yordam berishni so‘raydi. Lev onasi ushbu bloger bilan aloqaga chiqqanidan xabar topgach, uning roliklarini ko‘rib chiqadi, keyin esa WhatsApp orqali uning o‘ziga yozadi. U hamkorlik qilishga va taslim bo‘lishga tayyorligini bildiradi. Shu bilan birga, pul mukofotidan voz kechadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.