“Jazoni O‘zbekistonda o‘tash uchun imzo qo‘ydim, lekin u harbiy shartnoma ekan”. Ukrainada jang qilgan fuqaroning ozodligi 4 yil 4 oyga cheklandi
Rossiyaga ishlashga borib, 9 yilga qamalgan 37 yoshli T.N. harbiy xizmat shartnomasiga imzo qo‘yib, Ukrainadagi janglarda ishtirok etgan. U mina portlashida jarohatlanib, Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga qaytgan. Toyloq tumani sudi uni 4 yil 4 oyga ozodlikni cheklashga hukm qildi.

“Jazoni O‘zbekistonda o‘tash uchun imzo qo‘ydim, lekin u harbiy shartnoma ekan”. Ukrainada jang qilgan fuqaroning ozodligi 4 yil 4 oyga cheklandi
25-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tumani (Samarqand viloyati) sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 37 yoshli fuqaro T.N.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, T.N. Rossiyada jazoni o‘tash jarayonida 2025-yil 9-dekabrda mamlakat Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism bilan shartnoma tuzib, Rossiya Qurolli kuchlari safiga yollangan. U Donetsk viloyatidagi harbiy qismda tayyorgarlikdan o‘tgan va 2026-yil yanvarda Ukrainaga qarshi janglarda qatnashgan.
Janglar vaqtida u mina portlashi oqibatida jarohat olgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari chog‘ida uning Rossiya Mudofaa vazirligi bilan tuzgan shartnomasi, harbiy shifoxonada davolangani haqidagi ma’lumotlar hamda harbiy jetoni fotosurati aniqlangan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, jarohatlar portlash to‘lqini va snaryad bo‘laklari ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Ular o‘rtacha og‘irlikdagi shikastlar toifasiga kiritilgan.
Sudlanuvchi sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi. Uning aytishicha, 2007-yildan beri Rossiyaning Moskva va Sankt Peterburg shaharlariga borib, turli xususiy firmalarda ishlab kelgan. 2022-yil 29-yanvarda ishlash va daromad topish maqsadida Sankt Peterburgga yo‘l olgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda Rossiya fuqarosi bo‘lgan ayol bilan tanishgan. Keyinchalik ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan va ayol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. T.N. 2024-yil noyabrda Rossiya Jinoyat kodeksining 131-moddasi (Nomusga tegish) 2-qismi bilan ayblanib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
“Jazoni O‘zbekistonda o‘tash uchun imzo qo‘ydim, keyin bu harbiy xizmat shartnomasi ekanini bildim”
2025-yil yanvarda u jazoni Tomskdagi IK-3 muassasasida o‘tash uchun yuborilgan. T.N.ning aytishicha, 2025-yil dekabrda mahbuslarga jazoning qolgan qismini o‘z mamlakatida o‘tash imkoniyati haqida ma’lum qilinib, turli hujjatlarga imzo qo‘ydirilgan. Keyinroq bu hujjatlar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmat shartnomasi ekanini bilgan.
“Jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tashga rozi bo‘lganligim uchun berilgan qog‘ozlarga imzo qo‘yib berdim. Keyinchalik bilsam, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha shartnomaga imzo qo‘ygan ekanman”, — dedi sudlanuvchi.
T.N.ning aytishicha, 2025-yil dekabrda u va boshqa markaziy osiyolik mahbuslar harbiy mashinalarda olib ketilib, Donetsk viloyatidagi poligonga joylashtirilgan.
U yerda ular taxminan ikki hafta davomida qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish, o‘q otish, granata uloqtirish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, odamlarni asirlikka olish va yo‘q qilish kabi harbiy tayyorgarliklardan o‘tgan.
28-dekabrda ular Donetsk viloyatidagi Boshatiri shaharchasiga olib borilgan va ularga qurol-aslaha berilgan. T.N.ning so‘zlariga ko‘ra, 7-yanvar kuni guruhga jangovar topshiriq berilgan.
“Qochishni rejalashtirgan harbiy xizmatchilar hammaning ko‘z oldida otib o‘ldirilardi”
T.N.ning aytishicha, 9-yanvar kuni ular janglar olib borilayotgan hududga yaqinlashgan. U yerda u Samarqand viloyatining Toyloq tumanidan bo‘lgan U.X. va Tojikiston fuqarosi “Laqay” bilan birga hududdan qochish rejasini tuzgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga Ukraina hududi orqali Yevropaga chiqish rejalashtirilgan, biroq keyinroq u Moskva orqali O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.
T.N.ning ko‘rsatmasiga ko‘ra, u orqaga qarab yura boshlagan. Harbiy qism komandiri buyrug‘iga ko‘ra, qochishga uringan harbiy xizmatchilar otib o‘ldirilgani haqida bilganiga qaramay, O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.
“Biz xizmat qilayotgan harbiy qism komandirining buyrug‘iga ko‘ra, orqaga qaytishni yoki qochishni rejalashtirgan harbiy xizmatchilar hammaning ko‘z oldida otib o‘ldirilardi, shunga qaramasdan u O‘zbekistonga qaytishga qat’iy qaror qildim”, — dedi sudlanuvchi.
“Minani bosib olib jarohat oldim”
9-yanvar tongida u yo‘lda oyog‘i ostidagi mina portlashi oqibatida ikki oyog‘i va o‘ng qo‘lidan jarohat olgan. Keyin Rossiya harbiylari uni topib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan va gospitalga olib borgan.
T.N. bir nechta harbiy gospitallarda davolangan. 22-yanvarda Saratovda chap oyog‘idan operatsiya qilingan. Keyin Moskva viloyati va Zvenigoroddagi gospitallarda ham davolangan.
“Jangda yaralanganim uchun 2,9 mln rubl oldim”
T.N.ning aytishicha, janglarda ishtirok etgani va yaralangani uchun 10-aprel kuni Rossiya bank kartasiga jami 2,9 mln rubl (taxminan 34,5 ming dollar) tushgan. U 2,5 mln rublni naqdlashtirib, shundan 2 mln rublini gospitaldagi shifokorga berganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, buning ortidan unga harbiy harakatlarda ishtirok etishga yaroqsizlikni bildiruvchi “D” kategoriyasi berilgan. T.N. yana ikki haftadan so‘ng ushbu kategoriyani tasdiqlovchi rasmiy hujjatni olgan.
14-aprel kuni O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga murojaat qilib, harbiy xizmat va davolanishiga oid hujjatlarni taqdim etgan hamda O‘zbekistonga qaytishda amaliy yordam so‘ragan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, elchixona vakillari pasporti borligi sababli O‘zbekistonga o‘tib olishi mumkinligini aytgan.
“Meni yana Donetskka jo‘natmoqchi bo‘lishdi”
T.N.ning aytishicha, 24-aprel kuni u o‘zi davolanayotgan 45-gospitaldan yo‘llanma bilan Chelyabinsk shahridagi harbiy qismga olib borilgan. U yerda uni yana jangovar harakatlarda ishtirok ettirish yoki harbiy tibbiy punktda davolash masalasi muhokama qilingan.
4-may kuni uni Donetsk viloyatidagi jangovar harakatlar olib borilayotgan hududga jo‘natmoqchi bo‘lishgan. T.N. shu kuni oilasi va yaqinlari Chelyabinskka kelganini aytib, ular bilan xayrlashib kelish uchun ruxsat olgan. U Moskvaga ketgan va Telegram orqali Qozog‘istonga olib o‘tish bilan shug‘ullanadigan shaxsni topgan.
6-may kuni Orenburg shahriga borib, “Talg‘at” ismli shaxs bilan Rossiyadan Qozog‘istonga o‘tish bo‘yicha kelishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada unga 2025-yilda deportatsiya, 400 ming rubl jarima va mamlakatdan chiqishga taqiq qo‘yilgani sababli “Talg‘at” bilan kelishgan. Kelishuvga ko‘ra, “Talg‘at” uni Rossiyadan Qozog‘istonga qonuniy tarzda o‘tkazib qo‘yishi, evaziga T.N. unga 1,2 mln rubl to‘lashi kerak bo‘lgan.
“O‘z xohishim bilan IIBga borib, barcha holatlarni ma’lum qildim”
T.N.ning aytishicha, “Talg‘at” uni Rossiya-Qozog‘iston chegarasidan o‘z pasportiga tegishli muhr va shtamplarni qo‘ydirgan holda olib o‘tgan. “Talg‘at”ning bildirishicha, Orenburgdagi chegara postida Rossiya fuqarosi bo‘lgan chegara xodimiga 1 mln rubl bergan.
T.N. 8-may kuni Qozog‘istondan “Qoplonbek” chegara posti orqali O‘zbekistonga kirgan. 11-may kuni esa o‘z xohishi bilan Toyloq tumani IIBga borib, bo‘lib o‘tgan voqealar haqida ma’lum qilgan.
Sudlanuvchi qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.
Sud T.N.ning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi va muqaddam sudlanmaganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholadi. Shuningdek, uning shaxsi, oilaviy sharoiti, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani hamda jinoyatdan keyingi xulq-atvorini inobatga oldi. Uning jinoyatni g‘arazli niyatda sodir etganini jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb topdi.
T.N. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi va 154−1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) 1-qismi bilan aybdor deb topildi. JKning 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha unga 4 yil ozodlikni cheklash, 154−1-moddasi 1-qismi bo‘yicha esa ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Jazolarni qisman qo‘shish orqali T.N.ga uzil-kesil 4 yil 4 oy ozodlikni cheklash jazosi berildi.
U jazoni Toyloq tumanidagi yashash xonadonida o‘taydi. Ishga borish va uyiga qaytish uchun zarur vaqtdan tashqari uyidan chiqishi cheklanadi.
Shuningdek, nazorat qiluvchi organ roziligisiz yashash joyini o‘zgartirish va Samarqand viloyati hududidan chiqish taqiqlandi. Jazoning ijrosini nazorat qilish Toyloq tuman IIB probatsiya guruhiga yuklatildi.

