Volkswagen qariyb 50 ming ish oʻrnini qisqartiradi
Volkswagen Group kuzatuv kengashi konsern tarixidagi eng yirik restrukturizatsiya dasturini tasdiqladi. «Kelajak rejasi - 2030» doirasida qariyb 50 ming ish oʻrnini qisqartirish, 2035-yilgacha Volkswagen modellari qatorini taxminan ikki barobar kamaytirish va biznes tuzilmasini ixchamlashtirish rejalashtirilgan.

Volkswagen qariyb 50 ming ish oʻrnini qisqartiradi
Volkswagen Group kuzatuv kengashi bir necha hafta davom etgan muzokaralardan keyin konsern boshqaruvi ishlab chiqqan «Kelajak rejasi - 2030» (Zukunftsplan 2030) restrukturizatsiya dasturini bir ovozdan maʼqulladi.
Kompaniya bergan maʼlumotga koʻra, bu dastur Germaniya avtomobil gigantining tarixidagi eng yirik qayta tashkil etish jarayoni boʻladi.
Rejaga koʻra, Volkswagen kelajakda yiliga qariyb 9 mln avtomobil sotishni va yillik operatsion foydani 31 mlrd yevrogacha oshirishni maqsad qilgan.
Shu bilan birga, konsern rivojlanishdan voz kechmoqchi emas. 2027–2031-yillar oraligʻida investitsiyalar, tadqiqotlar va yangi texnologiyalarni ishlab chiqish uchun jami 135 mlrd yevro ajratish rejalashtirilgan.
Restrukturizatsiyaning eng muhim yoʻnalishlaridan biri Volkswagen brendi ostida ishlab chiqariladigan avtomobillar turini keskin qisqartirish boʻladi.
2035-yilga kelib Volkswagen modellari qatori taxminan 50 foizga kamaytiriladi. Avtomobillarning turli komplektatsiyalari sonini esa 75 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.
Konsern rahbariyatining hisob-kitobiga koʻra, modellar soni kamaytirilsa, qolgan har bir modelni kattaroq hajmda ishlab chiqarish imkoniyati paydo boʻladi. Bu bir xillashtirilgan detallardan koʻproq foydalanish va ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qaysi avtomobillar ishlab chiqarishdan olib tashlanishi hozircha maʼlum qilinmagan. Qoladigan modellar esa Gʻarb va Sharq bozorlarining talablariga moslashtirilgan dizayn va texnologiyalar bilan xaridorlarni jalb qilishi rejalashtirilgan.
Volkswagen Group rahbariyati Yevropadagi ishlab chiqarish quvvatlari hozirgi ehtiyojdan ortiq ekanini taʼkidlagan.
Shu munosabat bilan konsernda «kadrlar salohiyatini moslashtirish» jarayoni oʻtkaziladi. Uning doirasida boshqaruv lavozimlarini ham qoʻshib hisoblaganda, qariyb 50 ming ish oʻrni qisqartirilishi rejalashtirilgan.
Biroq kompaniya hujjatida qisqartirishlar faqat Germaniyadagi korxonalarga tegishlimi yoki Volkswagenʼning boshqa mamlakatlardagi boʻlinmalarini ham qamrab oladimi — bu aniqlashtirilmagan.

