Layfstayl

Vladimir Basov... qahqaha ortidagi og‘ir dard

Kichik yoshidan adabiyot va teatrga qiziqqan Basov aktyor bo‘lishni orzu qilardi. Ammo taqdir uni avval

Vladimir Basov: Kulgi ortidagi og‘ir dard

Kino olamida tomoshabinni bir vaqtning o‘zida ham kuldirib, ham chuqur o‘yga toldira oladigan san’atkorlar kamdan-kam uchraydi. Ana shunday noyob iste’dod egalaridan biri Vladimir Pavlovich Basov edi. U nafaqat taniqli aktyor, balki iste’dodli rejissyor va ssenariynavis ham bo‘lgan. Basovning hayoti urush, ijod, muhabbat, oilaviy dramalar va og‘ir kasalliklar bilan kechgan bo‘lsa-da, u umrining oxirigacha kino san’atiga sadoqat bilan xizmat qildi.

Urushlar soyasida

Vladimir Basov 1923-yil 28-iyulda hozirgi Rossiyaning Belgorod viloyatidagi Urazovo qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi harbiy xizmatchi bo‘lib, Vladimir yoshligida vafot etgan. Shu sababli onasi uni katta qiyinchiliklar bilan tarbiyalagan.

Yoshligidan adabiyot va teatrga qiziqqan Basov aktyor bo‘lishni orzu qilardi. Ammo taqdir uni avval urush maydoniga yetakladi.

1941-yilda Ikkinchi jahon urushi boshlangach, Basov frontga jo‘nadi. U artilleriya qo‘shinlarida xizmat qildi, bir qancha og‘ir janglarda qatnashdi va jasorati uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Urush tugaganida Basov kapitan unvonigacha ko‘tarilgan edi. Unga harbiy sohada yuqori lavozimlar taklif qilindi. Ammo Basovning yuragi sahnaga talpinardi. Shu sababli u harbiy faoliyatini yakunlab, Moskvaga qaytdi va o‘qishga kirdi.

Kino olamida

1952-yilda institutni tamomlagan Vladimir Basov «Mosfilm»da ish boshladi. Avvaliga rejissyor sifatida tanildi. U suratga olgan filmlar jiddiy mavzularni ko‘targani, psixologik chuqurligi va kuchli dramaturgiyasi bilan ajralib turardi.

Uning eng mashhur rejissyorlik ishlari «Mardonavorlik maktabi», «Yo‘ldagi jang», «Jimjitlik», «Qilich va qalqon», «Turbinlar kunlari» bo‘ldi. Ayniqsa, «Qilich va qalqon» ko‘p qismli badiiy filmi razvedkachilar haqidagi eng yaxshi kinoasarlardan biri sifatida e’tirof etildi.

Rejissyorlikdan tashqari Vladimir Basov kinoda rollar ham ijro etdi. Ko‘pchilik tomoshabinlar Basovni o‘ziga xos tashqi ko‘rinishi, xirildoq ovozi va hazilomuz obrazlari orqali eslaydi. U go‘zal qahramonlarni emas, balki hayotda uchraydigan g‘alati, hazilkash, ayni paytda mehribon insonlarni jonlantirishda tengsiz edi.

Vladimir Basov tashqi ko‘rinishi bilan klassik qahramonlarga o‘xshamasdi. Ammo u haqiqiy san’atkorning kuchi chiroyida emas, iste’dodida ekanligini isbotladi. Basov frontda jasorat ko‘rsatgan ofitser, sahnada betakror aktyor, kamera ortida esa talabchan rejissyor edi. Uning filmlari hali-hamon tomoshabinlarni kuldiradi, o‘ylantiradi va inson qalbiga ezgulik urug‘ini sochadi.

Basov ishtirokidagi «I» operatsiyasi va Shurikning boshqa sarguzashtlari», «Qizil shapkacha haqida», «Buratinoning sarguzashtlari», «Jinoyat va jazo», «Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi», «Elektronikaning sarguzashtlari» filmlari mashhur. U hatto kichik epizodlarda ham tomoshabin xotirasida qoladigan obraz yarata olardi.

Omadsiz turmushlar va og‘ir xastalik

Basov uch marta oila qurgan. Birinchi rafiqasi aktrisa Roza Makagonova edi. Keyin u mashhur aktrisa Natalya Fateyeva bilan turmush qurdi. Ularning nikohidan o‘g‘li – kichik Vladimir Basov tug‘ildi. Ammo bu nikoh ham uzoq davom etmadi.

Uchinchi rafiqasi aktrisa Valentina Titova edi. Bu oilada ikki farzand dunyoga keldi. Biroq keyinchalik bu nikoh ham ajrim bilan yakunlandi.

Valentina Titova bilan ajrashuvidan so‘ng ko‘pchilik farzandlar onasi bilan qoladi deb o‘ylagan edi. Ammo sud bolalarni otasi Vladimir Basov tarbiyasida qoldirgan. Sabablardan biri Basovning barqaror daromadi, turar joyi va farzandlarni ta’minlash imkoniyati yuqori deb baholangani edi. Aleksandr keyinchalik otasiga bo‘lgan mehri va hurmati haqida bir necha bor iliq xotiralar bilan o‘rtoqlashgan.

Basov farzandlarining taqdiri turlicha kechdi. Katta o‘g‘li – kichik Vladimir Basov otasi kabi kino sohasini tanladi. VGIKni tamomlab, aktyor va kinorejissyor sifatida faoliyat yuritdi. Basovning yana bir o‘g‘li Aleksandr Basov ham otasining izidan bordi. U VGIKda tahsil olib, rejissyor va aktyor bo‘ldi. Bir nechta film va teleloyihalarga rejissyorlik qildi, kinoda suratga tushdi.

Aleksandr otasi bilan juda yaqin bo‘lgan. Ota-onasi ajrashgach, sud qarori bilan Aleksandr va singlisi otasining tarbiyasida qolgan. Vladimir Basov ularni deyarli yolg‘iz o‘zi tarbiyalagan: ovqat pishirgan, maktab ishlari bilan shug‘ullangan va ijodga mehr uyg‘otgan.

Basovning qizi

Yelizaveta Basova raqs san’atini tanladi. U Sankt-Peterburgda xoreografiya bo‘yicha tahsil oldi, so‘ng Yevropaga ko‘chib ketdi. Keyinchalik grek millatiga mansub Adonis ismli yigitga turmushga chiqqani va Fransiyaning Parij shahrida yashagani haqida ma’lumotlar bor. Yelizaveta Basova xalqaro xoreografiya tanlovlarida mukofotlarga ham sazovor bo‘lgan.

Aytish joizki, Vladimir Basov hayotida uch marta oila qurgan bo‘lsa-da, uning eng katta boyligi sifatida aynan farzandlari tilga olinadi. Ulardan ikki nafari kino san’atini davom ettirdi, qizi esa raqs sohasida o‘z yo‘lini topdi.

1983-yilda Vladimir Basov insultni boshdan kechirdi. Shifokorlar uning yana kino suratga olishiga ishonmasdi. Bir necha oy davomida harakatlanishi ham qiyinlashdi. Lekin Basov taslim bo‘lmadi. U katta matonat bilan sog‘lig‘ini tiklab, rejissyorlikka qaytdi va yana bir nechta filmni suratga oldi. Bu uning san’atga bo‘lgan cheksiz muhabbatini namoyon etdi.

1987-yil 17-sentyabrda Vladimir Basov 64 yoshida Moskvada ikkinchi insult oqibatida vafot etdi. U Moskvadagi Kunsevo qabristoniga dafn qilindi. Basovning vafoti kino uchun katta yo‘qotish sifatida baholandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.