“Kinoga aralashib qolganimdan afsuslanaman”. Muzaffar Sa’dullayev nima sababdan “Osmondagi bolalar”ning 3-qismida suratga tushmagani haqida

“Kinoga aralashib qolganimdan afsuslanaman”. Muzaffar Sa’dullayev “Osmondagi bolalar”ning 3-qismida nima sababdan suratga tushmagani haqida so‘zlab berdi.
“Osmondagi bolalar” filmidagi Hamdam va “Vatan”dagi Qurbon rollari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor va hunarmand Muzaffar Sa’dullayev YouTube’dagi “Intervyu TV” kanaliga bergan intervyusida kino sohasiga kirganidan afsuslanishi, 30 yildan ortiq vaqtdan buyon tunukachilik bilan shug‘ullanib kelayotgani hamda shaxsiy hayoti haqida gapirdi.
**Aktyorning shaxsiy hayoti haqida**
— 2002-yilda, “Osmondagi bolalar” filmining suratga olish ishlari yakunlangach, yozda 22 yoshimda oila qurganman. Xudoga shukr, uch nafar o‘g‘il farzandim bor. Hammalari ulg‘ayib qolishdi. Katta o‘g‘lim Turin politexnika universitetini tamomlab, ikki yildan buyon IT sohasida faoliyat yuritmoqda. O‘rtancham Toshkent tibbiyot akademiyasida tahsil oladi. Kenjam esa maktabda, 9-sinfda o‘qiydi. Hozirda katta o‘g‘limni uylantirib, oilali qilishni rejalashtiryapmiz.
**“Otam olamdan o‘tganidan so‘ng sochimga oq tushdi”**
— 2020-yilgi pandemiya sabab dadam vafot etdilar. Hayotning turli sinovlari va tashvishlari tufayli sochlarimga oq tushdi. Ota-onasi tirik insonlar har doim bemalol, xotirjam kulib yurar ekan. Ularning biridan ayrilsangiz ham ichingizning yarmi bo‘shab, ba’zida tushkunlikka tushib qolar ekansiz. Allohga shukr, onam hayotlar, boshimizga bosh-qosh bo‘lib, duo qilib o‘tiribdilar.
**Aktyor “Osmondagi bolalar”ning uchinchi qismida nima uchun suratga tushmagan?**
— Avval ham aytganman, kino sohasida, xususan, aktyorlikka o‘qimaganman. Qolaversa, inson yoshi ulg‘aygani sari ko‘p narsalarga boshqacharoq nazar bilan qarab, yondashar ekan. Shuning uchun bu haqda ko‘p o‘yladim. Dadam vafot etganidan keyin kinoda ishlashga oldingidek xohishim qolmadi. Film rejissyori Zulfiqor Musoqovdan meni to‘g‘ri tushunishini so‘rab, uchinchi qismda suratga tushmasligimni aytdim. O‘shanda Zulfiqor akaga “Balki nima uchun qatnashmoqchi emasligimni to‘liq tushuntirib berolmasman, lekin to‘g‘risi, kinodan ancha uzoqlashib qoldim”, deb o‘zimdan o‘tgan hislarni qo‘limdan kelgancha tushuntirganman. Xullas, filmda suratga tushishga xohishim bo‘lmadi, deydi u.
**Aktyor otasi haqida**
— Dadam 1955-yilda Toshkent shahrida, o‘rtahol oilada tug‘ilgan. Moskvada iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’limni tamomlaganlar. Bir yillik harbiy xizmatdan qaytgach, 1978-yildan boshlab “O‘zbekfilm” kinostudiyasining ma’muriy guruhida ma’mur bo‘lib ish boshlaganlar. U vaqtlarda “O‘zbekfilm”ga yaqinlashish juda qiyin edi. Shundan so‘ng uzoq yillar tashkiliy ishlar bilan shug‘ullandilar, orada kartina direktori muovini bo‘lib ishladilar.
1990-yilda “Inson” kinostudiyasini tuzishgan. Shu yerda ham studiya rahbarining muovini bo‘lib uzoq vaqt faoliyat yuritdilar. 2002-yilda ko‘p studiyalar xususiylashtirilganidan keyin bu maskanni o‘zlari sotib oldilar. “Inson” kinostudiyasi hozir ham bor. 2019-yildan buyon studiya direktori sifatida uni o‘zim boshqarib kelyapman. Dadamning butun umri kinoga bag‘ishlandi. Umumiy olganda, 42 yil davomida 100 dan ortiq filmlarning tashkiliy ishlarida kartina direktori va ma’muri bo‘lib mehnat qildilar, deydi Muzaffar Sa’dullayev.
**“Kinoni butunlay tark etganman”**
— Aktyor sifatida kinoni butunlay tark etganman, bunga ancha bo‘ldi. Oxirgi marta 2006-yilda “Zabarjad” filmida suratga tushgandim. Shundan keyin aktyorlik faoliyatimni tugatib, bir nechta filmlarda kartina direktori sifatida ishlab yurdim. Lekin to‘rt yildan buyon bu sohada ham faoliyat ko‘rsatmayapman. Garchi bu yo‘nalishda ishni davom ettirishimni so‘rab ko‘p takliflar tushsa-da, ba’zida ma’muriy masalalarda yordam so‘rashsa-da, rad etyapman. Murojaat qilganlarga ishning yo‘l-yo‘rig‘ini tushuntiraman-u, u yog‘iga qanday yo‘l tutishni o‘zlariga qoʻyib beraman. Imkon qadar bilganlarimni to‘g‘ri o‘rgatishga harakat qilaman.
**“33 yillik hunarmandman”**
— Onam tomondan bobom hunarmand tunikachi bo‘lgan. Bu hunarni tog‘amdan o‘rganganman. “Chorsu”dagi gumbaz orqasidagi hunarmandlar rastasi qurib bitkazilganidan so‘ng, 13-do‘konda ish boshlaganmiz. Maktabdan kelib, ovqatlanib bo‘lishim bilan darrov “Chorsu”ga shoshilardim. Shunday qilib, 1994-yildan to 1999-yilgacha — besh yil davomida tog‘amdan hunar sirlarini o‘rgandim.
Dadam “Alpomish” filmida ishlayotganlarida meni ham studiyaga chaqirgan. Kelib tog‘amdan maslahat so‘raganimda, u kishi: “Muzaffar, hozirgacha nimalarni bilsam, hammasini senga o‘rgatdim. Boshqa sirim qolmadi. Bitta hunarni egallading. Bu yog‘iga nima qilishni o‘zing bilasan. Xohlasang, qolib men bilan ishla, xohlasang dadang bilan borib studiyada ishlab ko‘r”, degan.
**Aktyor “Osmondagi bolalar” filmidan qancha gonorar olgan?**
— O‘sha davrga nisbatan aytsam, 400-500 dollar gonorar olganman. U paytlarda bu summaga “Moskvich” avtomobilini sotib olish mumkin edi. O‘sha vaqtdagi narx-navo bo‘yicha hisoblasak, bir uy qiymatining uchdan biriga yetadigan pul berishgan. “Vatan” filmidan bunga qaraganda biroz ko‘proq maosh olganman. Lekin 2006-yilga kelib narx-navo ham ancha ko‘tarilib ketgan edi.
**“Hunarmand boyib ketmasa ham doim puli bo‘ladi”**
— Bugungi kunda hunarmandchilik bilan ham bemalol ro‘zg‘or tebratsa bo‘ladi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda qurilish ishlari juda ko‘p. Har bir xonadonda tunuka mahsulotlariga ehtiyoj topiladi. Tog‘am hunarga endi qo‘l urgan paytlarimda: “hunarmand hech qachon boyib ketmasa ham, har doim cho‘ntagida puli bo‘ladi”, derdi. Chindan ham, aktyorlar hunarmandlarga nisbatan bitta loyihada ko‘proq pul olishi mumkindir. Lekin ular biron loyihadagi rolini 10-15 kunda ijro etib bo‘lgach, keyingisini kutishadi. Hunarmand esa muntazam ravishda ish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
**“Kinoga aralashib qolganim uchun afsuslanaman”**
— Kinodagi nohaqliklar sabab uni bir necha marta tashlab ketishimga to‘g‘ri kelgan. Hunarmandchilikda esa bunday emas. Chunki hunarmandlar rastasida odamlar bir-biridan hech narsasini berkitmaydi. Qaytaga, yordam bo‘lsin deb, hech bo‘lmaganda kelib fikrini aytib, tavsiyalarini berib ketishadi. Mabodo, yasagan narsangiz sal noto‘g‘ri chiqib qolsa, qo‘shni usta to‘g‘rilashga ko‘maklashadi. Lekin biron marta qilayotgan ishini yashirganini ko‘rmaganman.
Oxirgi paytlarda ichimdan “hunar bilan ko‘proq shug‘ullansam bo‘lar ekan” degan fikr o‘tmoqda. Nega deganda, bu sohada meni hech kim aldamagan. Aksincha, yordam berishgan. Kino olamida ko‘p aldashgani uchun bu sohaga aralashib qolganimdan ko‘p afsuslanaman. Kinoga 20 yil vaqtim ketdi. O‘tib ketgan umrni esa hech kim qaytarib berolmaydi. Shunday bo‘lsa ham, tunukachilik hunarini o‘zlashtirganimdan xursandman. Agar yana bolalikka qaytib, boshqatdan tanlash imkoni bo‘lsa, baribir shu hunarni tanlagan bo‘lardim, deydi aktyor va hunarmand Muzaffar Sa’dullayev.

