Mahalliy

“Videoni o‘chirsam, muammoni hal qilib berishlarini aytishdi” — Musulmon Yunusov korrupsion holat haqidagi murojaatidan so‘ng bosimlarga uchraganini ma’lum qildi

“Videoni o‘chirsam, muammoni hal qilib berishlarini aytishdi” — Musulmon Yunusov korrupsion holat haqidagi murojaatidan keyin bosimlarga uchraganini aytdi

Teatr va kino aktyori Musulmonbek Yunusov “Chotki TV” YouTube kanaliga intervyu berdi. Suhbat davomida u nogironligi bor farzandini ro‘yxatdan o‘tkazishdagi qiyinchiliklar hamda ijtimoiy tarmoqdagi videomurojaatidan so‘ng unga bosim bo‘lganini gapirib berdi.

“Nogironligi bor qizim har oy 20 kun davomida muolaja oladi”

— 2022-yilda uchinchi farzandim Maryamxon muddatidan oldin tug‘ilgan. Keyinroq bilsak, unda nogironlik ham bor ekan. DSP (Bolalar serebral falaji), ZPR (Ruhiy rivojlanishning kechikishi), spastika tashxisini qo‘yishdi. Bunda bola rivojlanishda ortda qolib, yurolmaydi va faqat yotadi. Ikki yil avval qizimni nogironlik ro‘yxatiga qo‘ydik. Bu muddat tugagach, yana qayta nogironlikka ro‘yxatdan o‘tkaziladi. So‘ng shu tartib bilan 18 yoshgacha davom etadi.

Mana shu jarayonda biroz yugur-yuguri bor. Nogironi bor insonlar qayerga borib, kimlarga qog‘oz ko‘rsatib, qanday navbatda turib kutish kerakligini juda yaxshi biladi. Biz ham “san’atkorman, uch-to‘rt odam taniydi” demay, bola issiqda qiynalsa ham ko‘tarib, navbatimizni kutdik.

Barcha jarayonlardan o‘tib, Sergeli tuman Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga yetib keldik. Bu yerda qizimizni tekshirishdi va ikki-uch kundan keyin telefonimizga SMS yuborilishi yoki qo‘ng‘iroq qilishlarini aytishdi. Shundan keyin ketdik.

Farzandimizga bir oyda 20 kun muolaja olamiz. Orada 10 kun dam olib, yana davolashni boshlaymiz. Ertasi kuni ayolim qizimizni muolajaga olib kelganida unga qo‘ng‘iroq qilishib, telefonning ovozi baland rejimga qo‘yilgan-qo‘yilmaganini, ayolimning ovozini atrofdagilar eshitayotganmi-yo‘qmi, shuni so‘rashgan. Qonunda, agar nogironligi bor bola o‘zi mustaqil harakatlana olmaydigan, ya’ni ovqatlanolmaydigan, tashqariga chiqolmaydigan bo‘lsa, unga qarovchi sifatida ona ham ro‘yxatga qo‘shiladi. Nafaqa puli arzimagan summa bo‘ladi, ammo shu ham harna bor. Telefon qilganlar ayolimni ham qo‘shib berishi mumkinligini, faqat bu 300 dollar bo‘lishini aytishgan. Ayolim ularga avval men bilan maslahatlashishini aytgan.

“Nogiron bolaning orqasidan pul qilish qanchalik to‘g‘ri?”

— Bu haqda eshitganimda asabiylashdim. Bolaning orqasidan pul qilish, birinchi navbatda, insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi. Ularga qo‘ng‘iroq qildim va buni aytgan odam bilan ko‘rishib, muammoni hal qilishimni aytdim. Telefondagi odam esa menga bir raqam jo‘natishini aytib, yo‘qolib qoldi. Balki nimanidir sezgandir, shunday gumonda bo‘ldim.

Ikki kundan so‘ng qizimning nogironligi tasdiqlangani haqida SMS keldi. Lekin onani qo‘shishmabdi. “Agar ular aytgan summani berganimizda onani ham qo‘shisharkan-da”, deb o‘ylab, asabiylashdim. Men-ku bir to‘yga chiqib yoki reklama olib, u summani topib berarman. Biz har kuni nogironi bor oilalar bilan suhbatlashamiz. Bir kun muolajaga ayolim olib borsa, bir kun men olib boraman. Aytilgan summani berishga sharoiti borlar bor, bunga qurbi yetmaydiganlar ham yo‘q emas. Shunga chidab tura olmadim.

“Nogironlik noto‘g‘ri chiqqani uchun qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazishimizni so‘rashdi”

— O‘zboshimchalik bilan darrov video olib, internetga qo‘yib yubormadim. Sergeli tumanidagi ijtimoiy himoya markaziga ayolim bilan birga bordim. Ulardan nima qilishimiz mumkinligi haqida maslahat so‘radik. Bola nogiron, o‘zi harakatlana olmaydi, lekin nogironlik hujjati noto‘g‘ri chiqqan. Ular ko‘rishdi, u yoqqa-bu yoqqa o‘tib yurishdi, ammo muammo hal bo‘lmadi. Oxirida bolani yana qayta ro‘yxatdan o‘tkazishimiz kerakligini aytishdi. Bu — bolani yana ikki hafta davomida ko‘rsatib, ishni boshidan boshlaysiz, degani edi. Men bunga rozi bo‘lmadim. Chunki bolani ko‘tarib olib borib, yana navbatda turish oson emas. Bu yerda bolaning yoki bizning nima aybimiz bor? Agar aybim bo‘lganda ham alam qilmasdi, deydi u.

“O‘z oyog‘imiz bilan borib hal bo‘lmagan muammo videodan keyin hal bo‘ldi”

— O‘sha yerda ulardan nima qilishim mumkinligini so‘radim. “Xohlasangiz video qiling”, deyishdi. Ishim bitmagani uchun videomurojaat qilmoqchi ekanimni aytdim ularga. Ular bu mening xohishim ekanini aytishdi. Videomurojaat qilganimdan keyin “nimaga unday qildingiz, o‘zimizga aytsangiz hal bo‘lardi-ku”, deyishdi. Oyoq bilan borib hal bo‘lmagan muammo videodan keyin hal bo‘lganidan so‘ng bizga “shuni bir og‘iz aytsangiz bo‘ladi-ku”, deyishyapti. Bir o‘zim emas, ayolim bilan bolani ham ko‘tarib bordik-ku oldilariga.

Bu muammo faqat mening emas, nogironligi bor oilalarning muammosi. Faqat yosh bolalarda emas, yoshi kattalar orasida ham Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi bilan bog‘liq juda katta muammo bor.

“Ishchi guruh tuzilib, bolani o‘sha yerning o‘zida ko‘riboq ‘tekshirishga hojat yo‘q, nogironligi borligi aniq’ deyishdi”

— O‘sha kunning o‘zida ishchi guruh tuzilib, muammoni ertalabgacha hal qilishdi. Ertasi kuni ayolim bilan borganimizda 20 tacha odam o‘tirgan ekan. Respublika, shahar — hammasidan vakillar bor edi. Hali tekshirmasdan turib, o‘sha yerning o‘zida “bolaning nogironligi ko‘rinib turibdi-ku”, deyishdi. Bolani tekshirishganidan so‘ng, tez orada javobini aytamiz, deyishdi. Shundan keyin hujjatlarimizni tashlab ketdik. Haqiqatan ham bolaning nogironligi borligi va onasi ham qo‘shib berilgani haqida SMS javobi keldi.

Gap pulda emas, qahramon ham bo‘lmoqchi emasman. Bu yerda ota-onalarning duch kelayotgan muammosini ko‘tardim, xolos. Nohaqlikka chidolmadim. Chunki kuniga 980 ming so‘mdan 20 kun dori sotib olinadi. 10 kun dam olishda dori qabul qilinmaydi, xolos. Bolaning boshqa dori-darmonlari, kiyim-kechaklari bor. Bir oyda 1000 dollarga yaqin mablag‘ga dori olamiz. To‘g‘ri, bu birovning emas, bizning muammomiz. Lekin aytayotganim ham kichik summa emas-da. Endi bu yerda farzandini davolata oladiganlar bor, bunga kuchi yetmaydiganlar ham bor.

Bu sinov. Buni qabul qilishning o‘zi ham juda qiyin bo‘lgan. “Qolgan farzandlarim yaxshi-ku, nima uchun kenjam bunaqa, qayerda xato qildim?” degan savollar ham ko‘p bo‘lgan.

Shahnoza Mirziyoyevaga videomurojaat yo‘llaganimdan so‘ng shu kunning o‘zida Tibbiy-mehnat ekspert komissiyasidagilar menga qo‘ng‘iroq qilib, videoni o‘chirib tashlasam, muammoni hal qilishlarini aytishdi. Ishxonam tomonidan ham nega bunday video qo‘yganim yuzasidan har taraflama gap-so‘zlar bo‘ldi. Ularning hammasiga aktyor emas, ota sifatida videoni olib tashlamasligimni aytdim.

“Ba’zilar san’atkor bo‘lganim uchun ishim tez hal bo‘lganini aytishdi”

Menga ko‘pchilik “san’atkor bo‘lganing uchun ishing tez hal bo‘ldi. Biznikichi?”, deyishdi. Ammo “videomurojaatingizdan so‘ng bordik. Necha oylardan beri hal bo‘lmayotgan ishimiz hal bo‘ldi”, deganlar ham bo‘ldi. Bu ishni qilganim uchun hech kim menga “birovning burnini qonatib, zo‘r ish qilding. Mana bu 10 ming dollarni ol-da, bolangni davolatishga ishlat”, demaydi. Ammo juda xursand bo‘lganim, murojaatni tarmoqqa joylaganimdan keyin o‘sha kuni kechqurunning o‘zida video yetib borgan. Shahnoza Shavkatovnaning buyruqlari bilan harakat boshlangan. O‘sha kuniyoq ishchi guruh ochildi. Ertalab komissiyaga borganimizda ishchi guruh qachon doktorga borganimizni sanasigacha aytib berishdi. Demak, holat tekshirilib, o‘rganilgan. Bee’tibor qoldirmaganliklari uchun katta rahmat. Yana ta’kidlayman, tepani yomon ko‘rishyapti, bu yerni emas. Vaholanki, bu yerning o‘zida ko‘p narsa hal bo‘ladi.

Keyin internetda kimdirlar ishdan bo‘shatilgani haqida xabarlar chiqdi. Bu haqda ma’lumotim yo‘q. Men uchun kimdir ishdan ketishi ham shart emas. Men uchun asosiysi, murojaat bilan borganda ishining hal bo‘lishi. Chunki nogiron odam yurib borishi qiyin, deydi aktyor.

“Menga qo‘ng‘iroq qilishib, tizimdagi xatoni videomurojaatimdan so‘ng bilishganini aytishdi”

— Menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Shaxsan gaplashdim. Qo‘ng‘iroq qilgan kishi “biz yaratgan tizim xato ekanini videongizdan keyin bildik”, dedi. Yuqorida aytganimdek, bu yerdagi narsalar u yoqqacha yetib bormas ekan. Ular ushbu mavzu bo‘yicha tez orada tizimni qayta ishlab, xato va kamchiliklarini bartaraf qilishlarini aytishdi.

Hozirgi mavjud tizimda poliklinikadan yuborilgan hujjat to‘g‘ri tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga keladi. Buning eng yomon tomoni “bor-qayt” bo‘lib, kattalar mayli, bola ham sarson bo‘ladi. Shu kabi muammolarning hammasi yig‘ilib, oxiri ota sifatida shu videoni qilishga majbur bo‘ldim. Agar bu xato yoki jinoyat bo‘lsa, mayli men jinoyatchiman, deydi aktyor.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.