“Qizimga nogironlik olish uchun 300 dollar so‘rashdi”. Aktyor Musulmonbek Yunusov Shahnoza Mirziyoyevaga murojaat bilan chiqdi

“Qizimga nogironlik olish uchun 300 dollar so‘rashdi”. Aktyor Musulmonbek Yunusov Shahnoza Mirziyoyevaga murojaat qildi
Kino va teatr aktyori Musulmonbek Yunusov Instagram sahifasi orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga videomurojaat yo‘lladi. Aktyor voyaga yetmagan qiziga nogironlik rasmiylashtirish jarayonida bir qator muammolarga duch kelganini aytmoqda.
Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, uning onasi I guruh nogironi, qizi ham nogironligi bo‘lgan bola. Ikki yil avval qiziga nogironlik belgilangan, hozir esa hujjatlarni qayta topshirishga to‘g‘ri kelgan.
— Ayolim ikkimiz may oyining oxiridan buyon hamma inson kabi navbatlarda turib, barcha zarur shifokorlardan o‘tib, kerakli hujjatlarni yig‘dik. Oxirida Sergeli tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasiga borib, hujjatlarni topshirdik. Ular 2–3 kundan so‘ng biz bilan bog‘lanishlarini aytishdi.
“Qizingizga nogironlik beramiz, buning xizmati 300 dollar bo‘ladi”
Aktyor aytishicha, ikki kundan keyin uning rafiqasiga 71-sonli poliklinika hamshirasi qo‘ng‘iroq qilgan. U suhbatdan oldin ayolning yonida hech kim yo‘qligini va telefoni suhbatni yozib olmayotganini so‘ragan.
— Ayolim yo‘q degach, “Qizingizni 18 yoshgacha nogironlikka chiqaramiz, sizni ham qarovchi sifatida yoniga qo‘shamiz. Faqat xizmati bor — 300 AQSH dollari bo‘ladi”, degan, deydi aktyor.
Musulmonbek bu taklifdan norozi bo‘lib, poliklinika xodimlariga qo‘ng‘iroq qilganini aytadi. Shundan keyin ular qo‘ng‘iroqlarga javob bermagan. Ikki kundan so‘ng esa qiziga nogironlik berilgani, ammo onasi qarovchi sifatida rasmiylashtirilmagani haqida rasmiy javob berilgan.
— Bu degani qizim o‘zi ovqatlana oladi, yura oladi, mustaqil hojatga chiqib kela oladi, deganimi? Vaholanki, qizim bularning barchasini mustaqil qila olganida, bizga nogironlik kerak emas edi. Menga alam qilgani — agar 300 dollar berganimizda, onasi qarovchi sifatida qo‘shib berilardi, deydi u.
“Nogiron bolalar ortidan pul olayotganlarni lavozimidan ozod qilishni so‘rayman”
— Nogiron bolaning orqasidan pul yeydigan insonlar hali ham o‘z lavozimida o‘tirishi to‘g‘rimi? Men-ku, mayli san’atkorman, harakat qilib, ko‘proq ishlab, o‘sha pulni topib berarman. Lekin farzandi davolanishi uchun mablag‘ topolmayotgan ota-onalar bor. Bugungi muolajaning pulini topdik, ertaga nima qilamiz, deydiganlari bor. Ular nima qiladi? Men har kuni ana shunday ota-onalar bilan ko‘rishaman, deydi aktyor.
U Sergeli tumanidagi ijtimoiy himoya markaziga borib, vaziyat yuzasidan xodimlar bilan ham gaplashgan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, bu murojaatlar ham muammoni hal qilishga yordam bermagan.
— Huquqshunoslar bilan gaplashdim. O‘ngga yugurdi, chapga yugurdi, lekin ular ham hech nimani hal qilib bera olmadi. Shunda menda qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi degan fikr paydo bo‘ldi. Endi men nima qilishim kerak desam, xohlasangiz videomurojaat qilavering, degan javobni oldim, deydi u.
Musulmonbek Yunusov videomurojaat orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevadan holatni shaxsan o‘rganishini so‘radi. Shuningdek, u nogironligi bo‘lgan bolalar ortidan noqonuniy pul talab qilayotgan xodimlarni aniqlab, lavozimidan ozod qilishga chaqirdi.

