“Vestminster davri poyoniga yetmoqda”. Uels, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiya rahbarlari kelishuv imzoladi

“Vestminster davri poyoniga yetmoqda”. Uels, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiya rahbarlari kelishuvga imzo chekdi
Uels, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiya birinchi vazirlari 14-sentyabr kuni Uels poytaxti Kardiffda uchrashdi. Ular konstitutsiyaviy masalalar yuzasidan “yanada yaqindan hamkorlik” qilish masalasini muhokama qildi. Uchala rahbar ham o‘z mamlakatlarini Birlashgan Qirollik tarkibidan chiqarishga intilmoqda.
Uchrashuvda Shotlandiya nomidan Shotlandiya milliy partiyasi (SNP) yetakchisi Jon Suinni, Uels nomidan Uels partiyasi (Plaid Cymru) rahbari Run ap Yorvert qatnashdi. Shimoliy Irlandiya tomonidan esa respublikachi “Shinn Feyn” partiyasi vakili Mishel O‘Nil hamda ushbu partiya raisi Meri Lu Makdonald vakillik qildi.
Uchrashuv yakunida yetakchilar kelishuv imzoladi. Unda Vestminsterdagi hech qanday hukumat (Buyuk Britaniya hukumati nazarda tutilmoqda) “demokratiyaga to‘sqinlik qilish” huquqiga ega emasligi qayd etilgan. Ular, shuningdek, “Vestminster davri poyoniga yetayotgani”ni aytib, Buyuk Britaniya hukumati konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga “tayyorlanishi” kerakligini ta’kidladi.
Bu tadbir Uels partiyasi vakili Run ap Yorvert Uels hukumati rahbari etib saylanganidan keyin millatchi partiyalar yetakchilarining ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi. Ap Yorvert may oyida hukumat tepasiga kelgandi.
Uchrashuv oldidan Uels partiyasi vakili bergan bayonotga ko‘ra, “orollardagi o‘zgarib borayotgan siyosiy vaziyat” energetika, iqtisodiyot va Yevropa bilan hamkorlik kabi sohalarda “amaliy siyosiy hamkorlik”ni kuchaytirish uchun jiddiy asoslar borligini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, “xalqlarimiz oldida turgan yanada kengroq siyosiy va konstitutsiyaviy masalalar, shuningdek, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi masalasi” ham mavjud, deb ta’kidlagandi u.
Ap Yorvert may oyidagi saylovlarni “Uels uchun burilish nuqtasi” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Odamlar borgan sari Vestminster modeli ortiq ish bermayotganini tan olmoqda”.
Shotlandiya milliy partiyasi yetakchisi Suinni ham shunday fikrda: “Vestminster tizimi o‘z vazifasiga mos kelmayotgani va oddiy odamlar manfaatiga xizmat qilmayotgani haqidagi fikr tobora kengroq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buni bosh vazir Endi Bernemning o‘zi ham tan olgan. Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya aholisi esa saylov uchastkalarida buni aniq qilib namoyish etgan.”
O‘Nilning aytishicha, “Vestminsterda o‘tirganlar hech qachon Irlandiya oroli aholisi manfaatlariga xizmat qilmagan”.
“Shinn Feyn” partiyasi raisi Meri Lu Makdonald BBC efirida shunday dedi: “Shubhasiz, bizning milliy tarixlarimiz turlicha. Ammo bizni bir juda muhim jihat birlashtiradi — Irlandiyaning kelajagini Irlandiya xalqi, Shotlandiyaning kelajagini Shotlandiya xalqi, Uelsning kelajagini esa Uels xalqi hal qilishi kerak, degan qat’iy ishonch.”
Biroq bu mamlakatlarning Birlashgan Qirollik tarkibidan chiqish ssenariylari aynan qanday amalga oshirilishi va umuman bunday jarayon ro‘y beradimi yoki yo‘q — hozircha noma’lum.
### Mamlakatlarda mustaqillikka chiqish bo‘yicha vaziyat qanday?
Hozircha yetakchilarning hech biri Birlashgan Qirollik tarkibidan chiqish bo‘yicha referendumni o‘z xohishicha o‘tkazolmaydi. Bundan tashqari, ushbu hududlardagi siyosiy va huquqiy sharoitlar ham bir-biridan sezilarli farq qiladi.
1998-yilda Shimoliy Irlandiyadagi o‘ttiz yillik mojaroga barham bergan Belfast kelishuvi (“Yaxshi juma kelishuvi”) imzolangach, mamlakat o‘z qonun chiqaruvchi organi va keng vakolatli hukumatiga ega bo‘ldi. Bu vakolatlar qatoriga politsiya va sudlar ustidan nazorat ham kiradi.
Qirollikning yana ikki hududida shunga o‘xshash jarayon kechdi: Shotlandiya va Uels o‘z parlamentlariga hamda nisbatan Vestminsterdan mustaqil hukumatlarga ega bo‘ldi.
Dastlab bu hududlarda millatchi partiyalar ozchilikni tashkil etgan. Biroq ko‘p o‘tmay SNP an’anaviy britan partiyalari vakillarini hokimiyatdan siqib chiqardi va ikkinchi o‘n yillikdan beri Shotlandiyani boshqarib kelmoqda.
Uelsda Plaid Cymru millatchilari faqat joriy yil may oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar yakunida birinchi marta hokimiyatga keldi.
Shimoliy Irlandiyada Belfast Kelishuvi shartlariga muvofiq birinchi vazir va uning o‘rinbosari teng vakolat hamda majburiyatlarga ega. Hozirda birinchi vazir o‘rinbosari lavozimini Shimoliy Irlandiyaning Birlashgan Qirollik tarkibida qolishini qo‘llab-quvvatlaydigan Demokratik yunionistlar partiyasi (DUP) vakili Emma Littl-Pengelli egallab turibdi.
Shimoliy Irlandiya assambleyasida “Shinn Feyn” eng yirik fraksiyaga ega bo‘lsa-da, umumiy hisobda yunionistlar o‘rinlari millatchilarnikidan biroz ko‘proq. Shu sababli Birlashgan Qirollik tarkibidan chiqish va Irlandiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum g‘oyasini kun tartibiga olib chiqishdan oldin siyosatchilar ham, fuqarolar ham avvalo o‘zaro kelishib olishi kerak.
Darvoqe, Littl-Pengelli dushanba kungi uchrashuvda Mishel O‘Nil Shimoliy Irlandiya assambleyasi vakili sifatida emas, aynan “Shinn Feyn” partiyasi vakili sifatida qatnashayotganini alohida ta’kidlagan.
Shimoliy Irlandiyada qayta birlashish borasida kelishilgan yo‘l ancha avvaldan mavjud va u “Yaxshi juma kelishuvi”da belgilab qo‘yilgan, deb eslatgandi Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Bernem. Uning so‘zlariga ko‘ra, “mamlakatda aniq umumiy fikr shakllanganda va jamoatchilik kayfiyati qat’iy e’tiborga molik darajada o‘zgarganda, referendum masalasi Shimoliy Irlandiya ishlari bo‘yicha vazir tomonidan ko‘rib chiqiladi”.
“Shotlandiyada ham ayni shunday vaziyat yuzaga kelgan, deyishim mumkin”, — qo‘shimcha qildi u. Biroq shotland mustaqillik tarafdorlari bundan xulosa chiqarishga ulgurmasdan, Bernem vaziyatga aniqlik kiritdi: “Shotlandiyada yana bir referendum o‘tkazish masalasi hali kun tartibida emas”.
Shotland millatchilari 2014-yilda Birlashgan Qirollikdan ajralish bo‘yicha referendum o‘tkazgandi. O‘shanda saylovchilarning 55 foizi Britaniya bilan ajralishga qarshi chiqqan, 45 foizi esa mustaqillikni qo‘llab-quvvatlagan.
Biroq oradan ikki yil o‘tib, Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun ovoz berdi. Shundan so‘ng shotlandlar yangi referendum talab qila boshladi, chunki ular Yevropa Ittifoqida qolishni istardi. Buni Brexit bo‘yicha Shotlandiyadagi ovoz berish natijalari ham ko‘rsatdi: 62 foizi qolish tarafdori, 38 foizi esa chiqish.
Biroq Vestminster ikkinchi referendumni o‘tkazishga rozilik bermadi. 2022-yilda Buyuk Britaniya Oliy sudi Londonning roziligisiz yangi referendum o‘tkazish mumkin emasligini tasdiqladi. Shunga qaramay, may oyidagi saylovlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng Suinni Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha ikkinchi referendum o‘tkazishni talab qilishda davom etmoqda.
Ap Yorvert esa referendum o‘tkazishga shoshilmayapti. U avvalroq amaldagi parlament vakolati muddati davomida referendum bo‘lmasligini aytgan va bu masala bo‘yicha “umummilliy muhokama” boshlash istagini bildirgan. Uning hukumati Uelsning kelajakdagi mustaqillik rejalari uchun “zamin yaratish” maqsadida milliy komissiya tuzishni rejalashtiryapti.
“Biz rivojlanish yo‘llari va ustuvor yo‘nalishlari turlicha bo‘lgan alohida xalqlarmiz, — dedi u BBC’ga. — Ammo bizni birlashtiradigan jihatlar ham bor… Bu Buyuk Britaniya hukumatining yondashuvidan farqli, boshqa yo‘lga intilishdir. Bu konstitutsiyaviy masala ham bo‘lishi mumkin yoki yanada keskinroq — moliyalashtirishda adolat o‘rnatish masalasi.”
Uels bosh vaziri moliyalashtirish mavzusini bejiz tilga olmadi. Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya Buyuk Britaniya G‘aznachiligidan 1978-yilda joriy etilgan Barnett formulasi asosida mablag‘ oladi.
Bu formula hududlarning butun byudjetini emas, balki Angliyadagi xarajatlardan kelib chiqib, moliyalashtirish miqdorining har yilgi o‘zgarishini hisoblaydi. Formula hudud aholisi soniga bog‘langani sababli, aholisi ko‘proq bo‘lgan Shotlandiya Uels va Shimoliy Irlandiyaga qaraganda ko‘proq mablag‘ oladi.
So‘nggi yillarda Uels uchun Barnett formulasi qisman qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, uelslik amaldorlar mamlakatni moliyalashtirish tamoyillarini o‘zgartirish kerakligini hanuz ta’kidlab keladi. Ularning fikricha, amaldagi formula Uelsni noqulay holatga qo‘ymoqda.
Buyuk Britaniya bosh vaziriga aylanishdan oldin Bernem bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagandi. Biroq yaqinda Uelsga tashrifi chog‘ida u ushbu tashabbusning istiqbollari haqida aniq fikr bildirmay, mujmal javob berdi.
London referendumga qarshi chiqmaydi deb faraz qilinganda ham, bugungi kunda uchala yetakchining hech biri o‘z mamlakatida mustaqillik bo‘yicha referendum ijobiy yakunlanishini kafolatlay olmaydi.
Shotlandiya uchun yangi referendumni bevosita taqiqlagan Oliy sud qarori fonida mustaqillik g‘oyasini ilgari surayotgan partiyalar yetakchilarining ushbu uchrashuvi ittifoqchilarning “harbiy kengashi”dan ko‘ra ko‘proq Vestminsterga o‘z manfaatlarini eslatib qo‘yish va ularni himoya qilishga tayyorligini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Vestminsterning rasmiy javobi ham uzoq kuttirmadi va hech kimni hayron qoldirmadi: “Bosh vazir Birlashgan Qirollikning barcha to‘rt mamlakatida islohotlar o‘tkazishga sodiq qoladi va ittifoqning saqlanishiga qat’iy ishonadi.”

