Dunyo

“Irlandiyaning birlashishini istayman” — Tramp

“Irlandiyaning birlashishini istayman” — Tramp

AQSH prezidenti Donald Tramp 12-sentyabr kuni Irlandiyaning Buyuk Britaniya tarkibidagi Shimoliy Irlandiya bilan birlashishini “juda istashini” bildirdi. Bu bayonot mintaqadagi unionistlar — ya’ni Britaniya tarkibida qolish tarafdorlari — tomonidan darhol tanqid qilindi.

Mazkur fikrlar Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Endi Bernhem Shimoliy Irlandiyaning Birlashgan Qirollik tarkibidan chiqishi bo‘yicha referendum o‘tkazish rejasi kun tartibida emasligini aytganidan ikki hafta o‘tib yangradi.

“Muammo tug‘dirmoqchi emasman, lekin to‘g‘risini aytsam, mamlakatning birlashishini ko‘rishni juda xohlardim. Bu erta-indin baribir sodir bo‘ladi”, dedi o‘ziga tegishli kurortdagi golf turniri oldidan Dublinga tashrif buyurgan Tramp jurnalistlarga.

Irlandiya bosh vaziri Mishel Martin bilan yonma-yon o‘tirgan Tramp so‘zida davom etib:

“Albatta, Buyuk Britaniyaning ham bu bo‘yicha o‘z fikri bo‘ladi. Lekin bu ajoyib ish bo‘lardi deb o‘ylayman”, deya qo‘shimcha qildi.

Keyinroq biznes yetakchilari bilan o‘tgan tadbirda Tramp bu savolga “yaxshi javob yo‘q” ekanini aytdi, biroq u yana bir bor o‘z fikrini takrorlab, birlashish juda ajoyib ish bo‘lishini bildirdi.

1998-yilgi “Xayrli juma” kelishuviga ko‘ra, Shimoliy Irlandiyada referendum o‘tkazish huquqi Buyuk Britaniya hukumatiga tegishli. Agar Shimoliy Irlandiya aholisining ko‘pchilik qismi Irlandiya birlashishi uchun ovoz berishi ehtimoli yuqori bo‘lsa, mamlakat so‘rovnoma o‘tkazishga majbur.

Bu kelishuv birlashgan Irlandiyani xohlovchi irland millatchilari va Shimoliy Irlandiyaning Buyuk Britaniya tarkibida qolishini istagan unionistlar o‘rtasidagi o‘n yillik ziddiyatlarga yakun yasagan edi.

Aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar Shimoliy Irlandiyadagi aksariyat ko‘pchilik Buyuk Britaniya tarkibida qolishni ma’qullashini ko‘rsatmoqda. Biroq Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqanidan beri bu farq biroz qisqardi. Irlandiya YI tarkibida qoldi. Shimoliy Irlandiya uchun esa orolda qat’iy chegara va savdo to‘siqlari paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida alohida kelishuvlar joriy etildi.

Shimoliy Irlandiyaning Demokratik unionistlar partiyasi yetakchisi Gevin Robinson Trampning fikrlariga e’tiroz bildirdi. U Shimoliy Irlandiya Britaniyaning bir qismi ekanini, chunki bu xalqning aniq demokratik irodasi ekanini ta’kidladi.

“Prezident Tramp saylovlar qanchalik muhimligini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi. Shimoliy Irlandiyaning konstitutsiyaviy kelajagini London, Dublin yoki Vashingtondagi sharh-u izohlar emas, balki aynan Shimoliy Irlandiya xalqi hal qiladi”, deb yozdi u X’dagi sahifasida.

Dublin hamda Dunbegdagi Trampning xalqaro golf majmuasi yaqinida Trampga qarshi namoyishlar o‘tkazildi. Namoyishchilar orasida Falastin bayrog‘i ham ko‘tarildi.

Irlandiya Yevropa Ittifoqida Falastinni eng ko‘p qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlardan biridir. Iyul oyida mamlakat Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohildagi aholi punktlari bilan tovarlar savdosini cheklovchi qonun qabul qilgan. AQSH qonunchilari va AQSHning Irlandiyadagi elchisi bu qonunni tanqid qilgan edi.

Irlandiya bosh vaziri Mishel Martin hozircha AQSH bilan siyosiy kelishmovchiliklardan qochib kelmoqda.

“Irlandiya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlar iqtisodiy jihatdan juda muhim. Bu ikki taraf uchun ham juda katta ahamiyatga ega”, dedi u tashrif oldidan jurnalistlarga.

Trump Organization kompaniyasi 2014-yilda Dunbegdagi golf majmuasini o‘z nazoratiga olgan edi. Bu dam olish kunlarida u yerda Irish Open golf turniri bo‘lib o‘tmoqda. Tramp 13-sentyabr kuni turnir g‘olibiga kubokni topshirishda qatnashishi kutilmoqda.

Avvalroq Irlandiya ikki nafar isroillik vazirning, xususan, Itamar Ben-Gvir va Bezalel Smotrichning mamlakatga kirishini taqiqlagani haqida xabar berilgandi. Bunga sabab sifatida falastinlikning Falastindan chiqarib yuborilishini yoqlovchi mazmundagi bayonotlari ko‘rsatilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.