Iqtisodiyot

VEON O‘zbekistondagi Perfectum mobil operatorining 100 foizini 207 mln dollarga sotib olishga kelishib oldi

Beeline Uzbekistan egasi bo‘lgan VEON xoldingi Perfectum operatorining 100 foizini sotib olishga kelishib oldi. Bitim qiymati qarzlarni hisobga olgan holda qariyb 207 mln dollarni tashkil etadi. Bu Beeline’ning radiochastotalarini 50 foizga oshiradi. Bitim oktabr oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.

VEON O‘zbekistondagi Perfectum mobil operatorining 100 foizini 207 mln dollarga sotib olishga kelishib oldi

Xalqaro VEON telekommunikatsiya xoldingi O‘zbekistonda Perfectum brendi ostida faoliyat yuritayotgan Rubicon Wireless kompaniyasining 100 foiz ulushini xarid qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda kompaniya 19-oktabr kuni e’lon qilgan xabarida ma’lum qildi.

Bitimning umumiy qiymati qariyb 207 million dollarni tashkil etadi. Ushbu summaga Perfectum’ning taxminan 93 million dollarlik to‘lanmagan moliyaviy qarzdorligini o‘z zimmasiga olish ham kiradi.

Shu tariqa, ko‘rsatilgan summa nafaqat sotib olinayotgan biznes uchun to‘lanadigan mukofotni, balki uning qarz majburiyatlarini ham qamrab oladi.

VEON bitimning pul qismini o‘zining mavjud mablag‘lari hisobidan moliyalashtiradi. Xolding ma’lumotiga ko‘ra, zarur tartibga soluvchi ruxsatnomalar allaqachon olingan. Xaridni 2026-yil oktabr oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda.

Bitim yakunida VEON qo‘shimcha radiochastotalar, tarmoq uskunalari va Perfectum’ning telekommunikatsiya infratuzilmasiga ega bo‘ladi.

Xususan, operator aktivlari 850 va 3800 MGs diapazonlaridagi 115 MGs radiochastota spektrini, shuningdek, Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi uskunalari asosida qurilgan 5G Standalone (SA) tarmog‘ini o‘z ichiga oladi.

VEON hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu xarid Beeline Uzbekistan’ning radiochastota resurslari hajmini taxminan 50 foizga oshirish imkonini beradi.

Kompaniya yangi aktivlardan amaldagi 4G/LTE tarmog‘ining qamrovi va o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, aholi va biznes uchun 5G xizmatlari hamda simsiz keng polosali internetni rivojlantirishda foydalanishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, ikki operator infratuzilmasini birlashtirish kelgusidagi kapital va operatsion xarajatlarni kamaytirishi kutilmoqda.

“O‘zbekiston — VEON uchun eng muhim o‘sish bozorlaridan biri va bu xarid uning raqamli kelajagiga bo‘lgan ishonchimizni aks ettiradi. Bir-birini to‘ldiruvchi chastota va tarmoq aktivlarining birlashishi bizga aloqa sifatini yaxshilash hamda odamlar va korxonalar har kuni foydalanadigan raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi”, — dedi VEON guruhi bosh direktori Kaan Terzioglu.

Uning aytishicha, kompaniya investitsiyalarni mijozlar tajribasini yaxshilash, tarmoqqa kiritilgan sarmoyalar samaradorligini oshirish va barqaror o‘sishni ta’minlashga yo‘naltirmoqchi.

Beeline Uzbekistan bosh direktori Yevgeniy Nastradin Perfectum’ning chastota resurslari operatorning mavjud aktivlarini to‘ldirishini ta’kidladi.

“Bu xarid mijozlarning aloqaga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun bizga qo‘shimcha resurslar beradi. Perfectum’ning chastota spektri bizning mavjud resurslarimizni to‘ldiradi va tarmoq qamrovi hamda o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash, 5G xizmatlarini joriy etish va uylar hamda korxonalar uchun simsiz keng polosali ulanishni kengaytirish bo‘yicha rejalarimizni qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi u.

Nastradinning so‘zlariga ko‘ra, abonentlar uchun sezilarli yaxshilanishlarni ta’minlash maqsadida sotib olingan aktivlarni samarali integratsiya qilish ustuvor vazifaga aylanadi.

VEON xabarida bitim yakunlangach Perfectum brendi saqlanib qolishi yoki qolmasligi, shuningdek, operatorning amaldagi abonentlarini qanday o‘zgarishlar kutayotgani haqida aniqlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 18-avgust kuni tadbirkor Farhod Mamajonov Xorazm viloyatida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda VEON bilan O‘zbekistondagi telekommunikatsiya loyihasiga 200 mln dollar sarmoya jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini aytgan edi.

O‘shanda InfinBank’ning yirik aksiyadori va Perfectum investori bo‘lgan Mamajonov tomonlar shartlarni iyun oyidayoq kelishib olganini, biroq shartnoma tuzish uchun Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining ruxsati kerakligini bildirgan edi.

“Iyun oyida biz barcha kelishuvlarga erishdik, ular 200 mln dollarlik investitsiya jalb qilish bo‘yicha shartnomani imzolashga tayyor. Bizga Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining xulosasini olishda yordam kerak”, — degan edi tadbirkor.

Qo‘mita raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha bitimga dastlabki rozilik berish haqidagi ariza 24-iyul kuni kelib tushganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, idora mobil aloqa bozorini o‘rganib, qolgan masalalarni ko‘rib chiqayotgan edi.

O‘shanda prezident Shavkat Mirziyoyev bu masalaning ko‘rib chiqilishini shaxsan nazoratga olishga va’da bergan edi.

Gazeta aniqlashicha, gap VEON tomonidan Perfectum ulushini sotib olish haqida ketgan bo‘lishi mumkin. Biroq o‘sha paytda bu ulushning miqdori ochiqlanmagan edi.

2026-yil iyul oyida Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi Farhod Mamajonov tomonidan Perfectum operatorining yuridik shaxsi — Rubicon Wireless Communication ustav kapitalidagi 50 foiz ulushni sotib olishini ma’qullagan edi.

Avgust oyida keltirilgan davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, mulkchilik tuzilmasi o‘zgarganidan so‘ng ishtirokchilarning ulushlari quyidagicha taqsimlangan:

Perfectum 2024-yil boshida to‘liq xususiylashtirilgan edi. Bungacha kompaniyaning 100 foizi Abdumalik Iminovga tegishli bo‘lgan.

2024-yil avgust oyida Farhod Mamajonov prezidentga Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekistonda 5G Standalone tarmog‘ini ishga tushirish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.

O‘shanda loyihaga kiritiladigan investitsiyalarning umumiy hajmi 250 mln yevroga baholangan va tarmoqni 2025-yilning birinchi choragida ishga tushirish kutilgan edi.

Uskuna va texnologiyalar yetkazib beruvchisi sifatida Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi ishtirok etishi kerak edi. Taxmin qilingan moliyalashtirish hajmining 100 mln yevrosini Finlyandiya eksport agentligi ko‘magida “O‘zsanoatqurilishbank” orqali, yana 150 mln yevrosini esa ta’sischilar hisobidan jalb qilish rejalashtirilgan edi.

Biroq 2026-yil avgust oyida Mamajonov Vodafone o‘rniga kompaniya VEON bilan ishlay boshlaganini ma’lum qildi.

VEON O‘zbekiston telekommunikatsiya bozorida 2006-yil sentabridan buyon Beeline Uzbekistan brendi ostida faoliyat yuritayotgan “Unitel” MCHJ orqali ishlaydi. Xalqaro xolding aksiyalari Amerikaning Nasdaq birjasida sotiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.